Sirdaryo shahri – Sirdaryo viloyati
Sirdaryo tumanidagi shahar, tuman markazi. 1971 yilgacha shahar posyolkasi.
Toshkentdan 80 km
janubi-g’arbda, Toshkent-Xovos temir yo’ldagi stansiya. Sirdaryoning chap
sohilida joylashgan. Viloyat markazi (Guliston) dan 40 km. Aholisi 30 ming
kishidan ziyod (2002). Sirdaryoda tuman hokimiyati binosi, sanoat, transport,
aloqa, qurilish korxonalari, banklar mavjud. Paxta tozalash, sut, non, g’isht
zavodlari, MTP, 3 qo’shma, 80 xususiy va kichik korxona, 50dan ziyod firma,
qandolatchilik, kvas va limonad ishlab chiqarish korxonalari faoliyat
ko’rsatadi. Dehqon bozori, supermarket, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish
shoxobchalari mavjud. Umumiy ta’lim maktablari, pedagogika kolleji, bolalar
san’at maktabi, sport maktablari, kasb-hunar maktabi, markaziy stadion, tuman
markaziy kasalxonasi, shoshilinch tibbiy yordam bo’limi, 3 madaniyat uyi, tuman
mazkaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari bor. Yangi qurilgan avtovokzal, kasalxona,
dorixona va boshqa savdo, maishiy obyektlar ishlab turibdi.
Ma’lumot:
O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2004.