SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2021
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
10111213141516
171819202122
24252627282930
31      
Taniqli olima Sanobar Nishonova tavallud topgan kun
1936-09-01

Insoniyat hamma vaqt zahmatkash ayol, oilaviy baxt va totuvlik ijodkori ayol oldida qarzdor sezadi o’zini. Lekin ana shu olijanob, mehnatkash, xokisor inson, o’z jonini o’zgaga fido etishdan ham toymaydigan jasur va o’z navbatida qalbi billurdek tiniq ayol zamon yumushlarining zalvorli yukini ko’tarib borayotir.

1936 yil 1 sentyabrda tavallud topgan taniqli olima, yozuvchi, murabbiy-ustoz, pedagogika fanlari doktori, professor Sanobar opa Nishonova ham yuqorida tavsiflangan ayollar sirasidan. Jajjigina Sanobar otasidan juda erta, 3 yoshida ayrildi. U otasining tizzasiga olib erkalaganlarini, “qizalog’im” degan so’zlarini eslay olmaydi. Qarshiboy ota Xonnazar o’g’li o’lim to’shagidan xiyol boshini ko’tarib, onaga shunday nasihat qiladi: “Bu qizimni o’qitgin. Qizimiz dorilfununlarda o’qisin, olima bo’lsin. Mol-dunyo bevafo ekan. Lekin ilm insonga bir umrlik buyuk boylikdir”  deb vasiyat qiladi. Sanobar 1954 yilda o’rta maktabni tugatib, yetuklik attestatsiyasini oldi. Samarqand Davlat Universitetiga kirish imtihonlarini a’loga topshirib, talabalik guvohnomasini qo’lga kiritdi. Sanobar talabalik yillarida universitetning har yili o’tadigan an’anaviy ilmiy anjumanlarida ishtirok etar, hatto 1957 yilda o’tgan talabalar ilmiy anjumanida o’z ma’ruzasi bilan ishtirok etgan va uning g’olibi bo’lgan edi. O’sha yillarda Abdulla Qodiriy nomi endigina yuzaga chiqqan davrda u diplom ishini Abdulla Qodiriy ijodidan yozishga jur’at etdi. U imtiyozli diplom bilan universitetni tugatdi. Diplom ishi yuksak baholandi. Sanobar Nishonova maktabda til va adabiyot o’qituvchisi bo’lib ishlay boshladi. Keyinchalik oila qurdi. 3 nafar farzandning onasi bo’ldi. Bolalari bilan birga uning ijodiy faoliyati ham o’sa boshladi. Bir kuni yurak yutib, besh – oltita hikoyasini Tojikistondan O’zbekistonga-sevimli yozuvchisi Abdulla Qahhorga yubordi. Javob ancha kechikdi. Lekin xat keldi. Adib javob xatida yosh ijodkorning yuborgan hikoyalaridan bittasini-“To’y” nomli hikoyani o’zlari redaksiyaga berganliklarini yozgan edilar. Bu veqea o’ziga ishonch bag’ishladi. Yozishmalar to adib vafotigacha davom etdi. Sanobar opa onaning oq fotihasini olib, oilasi bilan 1976 yilda Toshkentga ko’chib keladi. Toshkentda ish faoliyatini Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodimlikdan boshlaydi. Uning ilmiy maqolalari, hikoyalari “Ma’rifat”, “Gulxan”, “Yosh kuch”, “Yoshlik”, “Xalq ta’limi”, “Boshlang’ich ta’lim” jurnallarida birin-ketin chop etilaverdi.  Sanobar Nishonova 1998 yida dotsentlik ilmiy unvoniga sazovor bo’ladi. 1998 yil 23 oktyabrda “Sharq Uyg’onish davri pedagogik fikr taraqqiyotida barkamol inson tarbiyasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Sanobar Nishonova yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatlari evaziga “Shavkatli mehnati uchun” medali, bilan mukofotlangan. O’zbekiston xalq maorifi a’lochisi nishonlari bilan taqdirlangan. 2003 yilda yozuvchi va olima Sanobar Nishonovaning hayotida unutilmas voqea sodir bo’ldi. Unga O’zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan professorlik ilmiy unvoni berilishi munosabati bilan o’zi faoliyat ko’rsatayotgan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti Ilmiy kengashida professorlik diplomini rektor qo’lidan olar ekan, shunday dedi: “Men 30-yillarda qatag’on bo’lgan oila farzandiman. Mustaqillik sharofati bilan men o’z Vatanimda fan doktori darajasiga erishdim. Mana bugun esa menga professorlik ilmiy unvoni diplomi topshirilmoqda. Bugun mening hayotdan erta ketgan otam vasiyati amalga oshdi. Otam vasiyatining, onam orzularining amalga oshishiga imkoniyat yaratgan Xalqimga, Vatanimga, Siz aziz ustozu hamkasblarimga ta’zim qilaman!”. Mustaqil Respublikamizning baxtiyor Ayoli Sanobar Nishonova ko’ngil kosasidagi armonlari ushaldi, quvonchlar esa limmo-lim. Kelajak avlod bag’rikeng, mehnatkash bu Ayolni bir umr unutmaydi!

Ma’lumot: O’zbekiston pedagog olimalari. “O’qituvchi”. T.2004.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan