SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Aprel 2020
YaDuSeChPaJuSh
   1234
67891011
12131415161718
19202122232425
2627282930  
“Oscar” mukofoti sovrindori mashhur qo’shiqchi Xulio Iglesias tavallud topgan kun
1943-09-23

Xulio Iglesiasni Ispaniyaning “oltin ovozi” deyishadi. Uning “Besame mucho”, “To All The Girls I’ve Loved Before”, “Mammy Blue” va “Nostalgie” qo’shiqlari jahon musiqa san’ati durdonalari qatoridan joy olgan. U nafaqat sotilgan disklari miqdori bo’yicha rekordchi, balki dunyoning besh qit’asida 5 mingdan ortiq konsert bergan qo’shiqchi sifatida ham mashhurdir. Xulio Iglesias 1943 yilning 23 sentyabrida dunyoga keldi. U 16 yoshidan futbol o’ynashni boshladi. Xulio o’sha avlod vakillari ichida eng iqtidorli futbolchilaridan sanalar va Madridning “Real” jamoasi sharafini himoya qilardi. Klubda Xulioga katta umid bog’lashardi. U maktab bilan birga “Real” klubi akademiyasini ham bitirdi. O’sha vaqtlarda “Real” Yevropadagi tengi yo’q jamoalardan biri edi. Iglesiasda mashhur futbolchi bo’lish uchun barcha imkoniyatlar mavjud edi. U ikkinchi Rikardo Zamoro bo’lishni orzu qilardi. Doimiy mashg’ulotlar va o’yinlarga qaramay, Xulio Mayor de San Pablo universitetining huquq fakultetiga o’qishga kiradi. Lekin yetuk darvozabon bo’lish orzusidan ham voz kechmaydi. Biroq uning bu yuksak orzu va rejalari 20 yoshi arafasida chippakka chiqdi. 1963 yilning sentyabr oyida Xulio do’stlari bilan birga Madriddan avtomashinada uyga qaytardi. Yo’lda ayanchli falokat yuz berdi va yigit og’ir tan jarohati olib, ikki yil tushakka mixlanib qoldi. Uning yana oyoqqa turib ketishiga umid yo’q edi. Faqat qo’llarigina harakatlanardi. Madriddagi kasalxonada yotar ekan, Xulio kechalari uxlay olmay radio eshitar, umidsizlikka, g’amga to’la she’rlar bitardi. Kunlarning birida rahmi kelgan hamshira yigitga gitara keltirib beradi. Kasalxonada u futbol o’ynab yurgan baxtli chog’larini eslamaslik uchungina qo’shiq kuylay boshladi. 1968 yilning 17 iyul kuni bo’lib o’tgan ispan qo’shiqlari ijrochisi tanlovida hech kimga tanish bo’lmagan yigit kutilmaganda bir yo’la uchta – “Eng yaxshi ijro uchun”, “Eng yaxshi matn uchun” va “Eng yaxshi qo’shiq uchun” mukofotini qo’lga kiritadi. G’olibning qo’shig’i “Hayot davom etadi” deb nomlangan edi. Bu g’olib – Xulio Iglesias edi. Shu tariqa Ispaniyada o’sha davrning, ya’ni 60-yillarning yulduzlariga o’xshamagan yangi qo’shiqchi paydo bo’ldi. Xulioning Ispaniyada birinchi raqamli ijrochiga aylanishiga, butun dunyoda esa mashhur ispan tilli  qo’shiqchi bo’lishiga bir necha yil kerak bo’ldi, xolos. U Yevropadagi ko’zga ko’ringan konsert zallarida konsertlar bera boshladi. “Yevrovidenie” tanlovida 4-o’rinni olgach, uni dunyo tanidi. Dunyoda birinchi va bugungi kungacha yagona bo’lgan “Olmos plastinka” mukofotini Xulio Iglesias 1983 yil parijda qo’lga kiritgan edi. U bu mukofotga dunyo bo’ylab eng ko’p miqdorda plastinkasi sotilgan qo’shiqchi sifatida sazovor bo’ldi. 1992 yilda vatanida “Buyuk ispan” degan sharafli unvonni qo’lga kiritdi. Iglesias Xitoy tarixida ilk bor “Oltin plastinka” mukofotiga sazovor bo’lgan xorijlik san’atkor hisoblanadi. 1997 yilda u Frenk Sinatra, Ella Fisdjerald va Barbara Streyzand kabi buyuk ijodkorlar sazovor bo’lgan “Oscar” mukofotini ham olishga muvaffaq bo’ldi.

 Ma’lumot: Mashhurlarning baxti va fojiasi. “O’zbekiston”. T.2014.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan