Uning ismi Aleksandr ekanligini ko’pchilik unutib ham qo’yishgan. Chunki
u Alyoxin bo’lib dunyoga tanilgan. Alyoxin Moskvada 1892 yilning 31 oktyabrida
dunyoga keldi. Aleksandr yetti yoshga to’lganda onasi yordamida shaxmat
yurishlarini o’rganadi. 12 yoshida u aql o’yini bilan jiddiy shug’ullana
boshlaydi. Akasi Aleksey ikkalasi yozishmalar orqali shaxmat o’yinida faol
ishtirok etadi. 1905 yili “Shaxmatnoe obozrenie” jurnali yozishmalar orqali
shaxmat turniri o’tkazadi. Unda Alyoxin g’alaba qozonadi. Oradan uch yil
o’tgach, ya’ni 1908 yili Moskva shahri chempion bo’ladi. O’sha yili u birinchi
marta xalqaro turnirda, Germaniyaning Dyusseldorf shahrida o’tgan musobaqada
qatnashib, 4-5 o’rinni egallaydi. Alyoxin o’tkir xotira egasi edi. 1914 yili u
huquqshunoslik bilim yurtini tugatib, Adliya vazirligida ish boshlaydi. Shu yili Peterburgda nufuzli shaxmat turniri
o’tkaziladi. Unda Alyoxin jahon chempioni Lasker va yana bir mashhur shaxmatchi
Kapablankadan so’ng uchinchi o’rinni egallaydi. Aleksandr 1919-1920 yillarda Kominternda ishlab yurgan
shveytsariyalik jurnalist Anna-Liza bilan tanishadi va unga uylanadi.
Alyoxinning yagona farzandi Aleksandr hozirda Shveytsariyada yashaydi. U 1992
yili Moskvaga otasining 100 yilligiga bag’ishlab o’tkazilgan turnirga kelgan
edi. Alyoxin Yevropada
o’tgan qator turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 1922 yili Londondagi
musobaqada ikkinchi o’rinni oldi. 1924 yili uning “Mening eng yaxshi
partiyalarim” kitobi bosilib chiqdi. Oradan bir yil o’tib, u Sarbonna
universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1927 yili quvonchli
xabar tarqaldi.