Farrux Zokirov
(1946.16.04, Toshkent)
— estrada xonandasi, bastakor. O'zbekistan (1987), Qoraqalpog'iston (1993),
Qozog'iston (1995), Qirg'iziston (1996), Tojikiston (2000) xalq artisti. Toshkent davlat konservatoriyasida ta'lim olgan
(1966-1969), Toshkent
davlat madaniyat institutini tugatgan (1999). O'zbek davlat estradasining
yakkaxon xonandasi (1969—1971), 1971 yildan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
davlat «Yalla» ansambli xonandasi, badiiy rahbari (1976 yildan), 2002 yildan
O'zbekistan Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri o'rinbosari. Farrux Zokirov
mayin va shirali ovoz sohibi, o'zbek milliy va zamonaviy estrada an'analariga
tayandi. «Yalla» ansambli repertuarini qayta ishlangan o'zbek xalq lapar, yalla
va boshqa qo'shiqlari («Yo'l bo'lsin», «Yallama yorim», «G'ayra-g'ayra»,
«Handalak», «Qilpillama», «Ganja Qorabog'» va boshqalar) bilan boyitgan,
shuningdek, zamonaviy o'zbek estradasi milliy an'analarga asoslangan ommabop
musiqa («folk-pop») uslubining yuzaga kelishiga muhim hissa qo'shgan.
«Maysaraning ishi» (S. Yudakov) operasidan Mullado'st, Hidoyatxon, Hoji Darg'a
ariyalarini estrada uslubida aytgan, shuningdek, ko'pgina filmlar («Temir
xotin», «Vodillik kelin», «Orzular og'ushida», «Maysaraning ishi» va
boshqalar)dagi qo'shiklarning muallifi va ijrochisi. «Masxaraboz», «Tungi
yulduz», «Sen bo'lmasang yonimda», «Boychechak», «G'azal», «Ruboiy», «Musiqiy
choyxona», «Layli», «Majnuntol», «Lola», «Xayolimda bo’lding uzzu kun»,
«Uchquduq», «Shahrisabz», «O'zbekiston vatanim» kabi qo'shiqlarning muallifi.
Jahonning deyarli barcha mintaqalarida o'zbek estrada san'atini («Yalla»
ansambli bilan) targ'ib etgan. O'zbekiston Davlat mukofoti laureati
(1989) va «Shuhrat» medali bilan takdirlangan (1996).