
Qoriyeva
Bernora Rahimovna-1936
yil 28 yanvar kuni Toshkent shahrida
tug‘ilgan- balerina, baletmeyster-(1973), O‘zbekiston xalq artisti(1964),
Qirg‘iziston xalq artisti(1996), professor(1985). Toshkent (1952)
va Moskva Katta opera va balet teatri qoshidagi akademik xoreografiya
bilim yurtini (1955), Toshkent madaniyat institutini (1980) tugatgan. 1955 yildan Navoiy nomidagi opera
va balet teatrida balerina, baletmeyster. 1985-98 yillarda O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi, 1994 -2002 yillarda
Navoiy nomidagi opera va balet teatri direktori va badiiy rahbari. Qoriyeva
repertuari asosini jahon mumtoz va
zamonaviy baletlar tashkil qiladi: Mariya (B.Asafyev,”Boqchasaroy favvorasi” ),
Shopeniana(F.Shopen, I.Glazunov “Shopeniana”), Jizel (A.Adan, “Jizel”),
Odetta-Odilliya (P.Chaykovskiy “Oqqush ko‘li”), Frigiya (A.Xachaturyan
“Spartak”), Xonim (D.Shostakovich “Xonim va bezori”) va boshqalar. Mumtoz balet
texnikasini puxta egallagan aktrisa har bir obrazda qahramonlarining ichki
kechinmalari, his-tuyg‘ularini berishda mohirlik ko‘rsatadi. Bu ayniqsa,
zamondosh kompozitorlar yaratgan “Maskarad”(Nina), “Momaqaldiroq so‘qmoqlari”
(Sari), “Don Juan” (Donna Anna), “Anna
Karenina”(Anna Karenina), kabi
baletlarida o‘z ifodasini topdi. Milliy repertuarda u gavdalantirgan Mehri (M.Leviyev, “Suhayl va Mehri”), Soxani,
Zarrina (M.Ashrafiy , “Sevgi
tumori”,”Sevgi va qilich”), Nurxon (A.Kozlovskiy, “Tanavor”), Nargis
(U.Musayev, “Afsonalar vodiysida”) obrazlari madaniy hayotda katta voqea
bo‘ldi. U “Muhabbat afsonasi” (T.Jalilov, B.Brovsin) opera-baletining balet partiyalari
ijodkoridir. 80-yillarning 1-yarmida
Qoriyeva , Xamza, Blok, Turgenev asarlari asosida “Zaharli hayot”, “Notanish
ayol”, “Elegiya” baletlarini yaratilishida
faol qatnashib, o‘zi Maryam, Ayol hamda Asya Polozova va Liza Kalitina
kabi rus ayollarining dramatik
obrazlarini yaratdi. Ketma-ket Julyetta, Ofeliya (P.Chaykovskiy, “Romeo va
Julyetta”, “Hamlet”), Dezdemona (Persell, “Otello”) obrazlarini gavdalantirdi.
Qoriyeva ijodiga bag‘ishlangan “Bernora Qoriyeva raqsga tushadi” va “Men
balerinaman” filmlari ishlangan. Yevropa,
Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika
mamlakatlarida gastrolda bo‘lgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotlari
(1970, 1982) laureati. “Do‘stlik” ordeni (1996) bilan mukofotlangan.
O’zbekiston
Milliy Ensiklopediyasi. T.,
2000.