
Nasiba Baxritdinova 1944 yil
6 oktyabrda Toshkent shahrida tug’ilgan. 1950 yilda №99-o’rta maktabga o’qishga
boradi. Shu bilan bir qatorda Toshkent Davlat Konservatoriyasi qoshidagi V.
Uspenskiy nomli maxsus musiqa maktabiga ham o’qishga kiradi. Har ikki dargohda ham
sidqidildan qiziqish bilan o’qiydi. Musiqaning, oҳanglarning jozibasi, rango-rangligi qizcha qalbini qachon rom etgan, o’ziga
ayon. U 1961 yili musiqa maktabini muvaffaqiyat bilan tamomladi va Toshkent Davlat
Konservatoriyasiga (hozirgi O’zbekiston Davlat Konservatoriyasiga xor
dirijyorligi bo’limiga o’qishga kiradi. 1967 yil o’qishni bitirdi va
asperanturada qoldi. Bunga esa Konservatoriyaning davlat komissiyasi qarori va
tavsiyasi sabab bo’lgan. Ustozlar Nasiba Baxritdinovada iste'dod qirralarini
kashf etishgan edi. Uni qadrdon Konservatoriyaning Xor dirijyorligi kafedrasida
maxsus fanlar o’qituvchisi sifatida ishga olib qolishdi. U o’z sohasini chuqur o’rganadi
va ilmiy izlanishlarini davom ettiradi.Bastakorlar musiqani yozarkan-u, musiqachilar,
san'atkorlar ijro etarkan. Ammo ular orasida bir shaxs borki, u ohanglar uyg’unligini
ta'minlaydi. Ovozlarni pastu-balandini yo’lga soladi. Uningsiz mukammallik yo’q.
Bu dirijyor. Nasiba Baxritdinova ana shu soha olimasi, mutaxassisi. U o’z
ustida tinmay ishlab, izlandi. Ilmiy-pedagogik, ijrochilik mahoratidan kelib
chiqib, unga dotsent unvonini berishdi. Bugungi kunda Nasiba Baxritdinova
Orifovna O’zbekiston Davlat Konservatoriyasining xor dirijyorligi kafedrasi
professoridir.