
Sultonov Jo‘raxon (1903.29.1 - Marg‘ilon - 1965.19.10) – xonanda, bastakor,
O‘zbekiston xalq hofizi (1939). Keng diapazonli, kuchli, yumshoq xirildoq va
dardli ovoz sohibi. Xonandalik saboqlarini ilk bor otasidan olgan, keyinchalik
Madali hofizdan yalla yo‘llarini, Boltaboy Rajabov, Mamatbuva Sattorovalardan
katta ashula, Sodirxon hofiz, Mulla To‘ychi hofizlardan maqom yo‘llarini
o‘zlashtirgan. Dastlab xalq to‘y-sayillari, choyxonalarda xizmat qilgan.
1926 yildan M. Qoriyoqubov rahbarligidagi O‘zbek davlat
konsert-etnografik truppasiga qatnashgan. Marg‘ilon (1928-32) va Toshkent (1932-36
va 1940-58) teatrlarida, O‘zbek davlat filarmoniyasi (1936-39), O‘zbekiston
radioqo‘mitasi (1950-58)da yakkaxon xonanda. Muqimiy teatrida Parfi hofiz
(«Tohir va Zuhra»), Norqo‘zi («Nurxon») kabi rollarni ham ijro etgan.
Sultonov xalq orasida «katta
ashula piri» nomini olgan, shuningdek, yallalar ustasi, askiyachi sifatida ham
tanilgan. Shogirdi M. Uzoqov bilan 25 yildan ortiq hamnafaslik qilib, o‘ziga
xos talqin yo‘lini yaratgan. Repertuaridan «Ushshoq» va «Sodirxon Ushshog‘i»,
«Dugoh Husayn», «Besh parda Suvora» va «Savti Suvora». «Hanuz», «Chor zarb»,
«Chaman yalla» kabi mumtoz ashula va yallalar, «Bog‘ aro», «Shafoat», «Xayrul
bashar», «Otga mindim» va boshqa katta ashulalar o‘rin olgan. U o‘zbek xalq kuy
va usullari asosida bir qancha ashulalar ijod qilgan. «Naylayin», «O‘lmasun»
(Navoiy), «Keling, ey ahboblar» (Furqat), «Bir qadah» (Chustiy), «Mubtaloman»
(S.Abdulla), «Ming qadam» (Habibiy), «Bir kelsin», «Ey dilbari jononim».
«Ohkim» kabi katta ashulalarni cholg‘u jo‘rligida ijro etib yangi uslub
yaratgan. Sultonov ijrolari O‘zbekiston radiosi va San'atshunoslik instituti
fonojamg‘armalarida saqlanmoqda, bir necha grammplastinka, audiokasseta va
kompakt disklarga yozilgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni
bilan mukofotlangan (2000). 1997 yildan Marg‘ilonda Sultonov va M. Uzoqovlar
nomidagi Respublika xonandalar tanlovi o‘tkazilmoqda.
O’.Shokirov O’zbek san’atkorlari. 2010 yil