
Sherzod Shermatovga maktab ta’limi tizimidagi muammolar yechimi yuzasidan 3 kunda 3 mingdan ortiq taklif kelib tushdi
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov
Facebookdagi sahifasida maktab ta’limi sohasidagi mavjud muammolar yechimi
bo‘yicha taklif-mulohazalarni bildirishni so‘ragan edi. Mazkur murojaatga javoban 3 kunda 3 mingdan
ortiq taklif kelib tushdi.
“Prezident tomonidan xalq ta’limi tizimi
mamlakatimiz kelajagi uchun eng muhim sohalardan ekanligi haqida alohida
ta’kidlab o‘tilgan edi. Bu haqiqatda xalqimiz uchun juda dolzarb soha
ekanligini birgina mavjud muammolarni yechimi bo‘yicha odamlardan yig‘ilgan
onlayn-forma orqali yuborilgan takliflar sonidan ham bilsa bo‘lar ekan: 3 kunda
3 mingdan ortiq taklif kelib tushibdi, hali ham davom etayapti”, — ta’kidladi
Sherzod Shermatov.
Vazirga ko‘ra, endi ushbu takliflarni
tahlil qilib, ular yuzasidan tizimli ishlash kerak bo‘ladi. Hozirgi kunda Xalq
ta’limi vazirligi tuzilmasini qayta tasdiqlash bo‘yicha Prezident qarori
loyihasini ishlab chiqilmoqda va imkoni boricha ushbu loyihaga yechimi tez
bo‘lishi mumkin masalalarni kiritishga harakat qilinadi. Yangi tuzilma
tasdiqlanib, vazirlikda samarali ishlaydigan komanda shakllantirib olinganidan
keyin esa tizimli ravishda muammolar yechimi bo‘yicha ishlanadi.