SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2021
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
10111213141516
171819202122
24252627282930
31      
1995-yil 30 avgust – “Mehnat shuhrati” ordeni ta’sis etilgan kun
2019-08-30

1995-yil 30 avgust – “Mehnat shuhrati” ordeni ta’sis etilgan kun

1995 -yil 30 -avgustda ta’sis etilgan “Mehnat shuhrati” ordeni ana shunday ezgu va ulug‘ ishlar – Vatanimizning nufuzini yanada oshirish yo‘lida tinimsiz mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimiz samarali va barakali mehnatining amaldagi e’tirofi bo‘lib xizmat qilayotir. 

 

“Mehnat shuhrati” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan taraqqiyotning yangi bosqichida bunday insonlar safi yanada kengaydi.

 

Orden 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlangan. Orden markaz qismidan nurlar taralib turgan yashil dafna novdalari bilan o‘ralgan bo‘rtma noto‘g‘ri ellips shaklidadir. Uning balandligi 46 millimetr, kengligi 41 millimetr hisoblanadi. Ordenning yuqori qismida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i mag‘rur hilpirab turibdi. Ordenning markaziy qismida 16 millimetrlik doira ichida kumushrang Toshkent shahridagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi tasvirlangan. Doira paxta shaklidagi qutichalar bilan o‘ralgan. Qutichalar oq emal bilan to‘ldirilgan. Pastki qismda 2 millimetr o‘lchamdagi kumush harflar bilan qizil fonda “MEHNAT SHUHRATI” deb yozilgan.

 

Hozirgacha turli sohalarda samarali mehnat qilgan bir qator yurtdoshlarimiz ushbu orden bilan taqdirlangan.

 

Elni suygan elda aziz, deydi xalqimiz. Azaldan ota-bobolarimiz el-yurti uchun jon koyitgan, uning yuksalishiga ulush qo‘shgan, ozodlik, tinchlik uchun kurashgan insonlarni alohida e’zozlab, qadrlab kelgan. Oramizda shunday insonlar borki, ular qalbida Vatanni sevish hissi yanada chuqur aks etgan. Bunday odamlar yurt g‘amini yeb, el dardi-tashvishi bilan yashaydi. Ular xoh o‘qituvchi, xoh shifokor, xoh oddiy ishchi, xoh ijodkor bo‘lsin betinim mehnat qilmoqda, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida bor kuchi, iqtidorini sarflamoqda.

 

«Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi G‘ulomjon Hakimov saxovatpesha va jamoa manfaati yo‘lida jonkuyarligi bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan fidoyilardan. G‘.Hakimov mehnat faoliyatini 1984 -yilda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida boshlagan. SHundan so‘ng turli lavozimlarda ishlab keldi. Qahramonimiz faolligi, jamoatchilik bilan ishlash qobiliyati sabab, 2002 yilda «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi etib saylandi. Hozirgacha sohada samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Davlatimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida G‘ulomjon Hakimovning kompaniya tizimida qilgan ishlari munosib e’tirof etilib “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

 

– Daraxt bir joyda ko‘karadi, degan naql bor xalqimizda, – deydi u. – Bir necha yillardan buyon shu sohada faoliyat yurityapman. Tanlagan kasbimdan baraka topyapman. Oilam xotirjam, ustim but, eng asosiysi, yurtimiz tinch va farovon. Bundan ortiq baxt yo‘q menga. Bu yuksak mukofot nafaqat menga, balki kompaniya jamoasiga berilgan e’tirof deb bilaman. CHunki jamoadoshlarim bilan elkama-elka turib mehnat qilib, bilmaganimni so‘rab, bilganimni o‘rgatib shu darajaga yetdim. Davlatimizning porloq kelajagiga bor kuch-g‘ayratim va tajribam bilan hissa qo‘shish eng oliy maqsadim.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan