
Kurash sportini rivojlantirish.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 2 oktabrdagi
«Kurash» milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida»gi qarori kurashning qadri va ahamiyatini yanada oshirdi. Ushbu qarorga ko‘ra, Xalqaro kurash
assotsiatsiyasi tashkil topgan sana – 6 sentabr O‘zbekistonda Kurash milliy
sport turi kuni, deb e’lon qilindi.
Hujjatga muvofiq, ushbu sport turi “Umid nihollari”,
“Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari dasturiga kiritildi.
O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida “Kurash” milliy sport turi markazi”
NNT tashkil etildi.
Kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari, Osiyo va jahon
chempionatlari, shuningdek, O‘zbekiston birinchiligi g‘oliblarini oliy ta’lim
muassasalariga imtiyozli qabul qilish tartibi joriy etildi.
Sportchilarimiz ham bunday yuksak e’tiborga o‘z
zafarlari bilan munosib javob bermoqda. Jumladan, 2017 yil Turkmaniston
poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashining 36-Bosh
assambleyasida Kurash XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi.
Aynan Ashxobod shahrida yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz polvonlari
8 ta (7 ta oltin va 1 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi.
2018 yil Indoneziyada o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo
o‘yinlarida esa yurtimiz sportchilari 12 ta medalga (6 ta oltin, 2 ta kumush, 4
ta bronza), Koreyaning Shindju shahrida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi jahon
chempionati musobaqalarida esa terma jamoamiz 13 ta medalga (9 ta oltin, 2 ta
kumush, 2 ta bronza) sazovor bo‘ldi.
Eng muhimi, milliy kurash boks, shaxmat, tennis,
dzyudo, karate kabi sport turlari qatorida jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
«Kurash», «halol», «ta’zim», «to‘xta», «yonbosh» kabi sof o‘zbekona so‘zlar
xalqaro sport atamalari lug‘atidan o‘rin egalladi. O‘nlab mamlakatlarda kurash
turnirlariga asos solindi. Millati, tili, e’tiqodi turlicha bo‘lgan yuzlab,
minglab sportchilar o‘zbekning faxri, g‘ururi – kurashga oshno bo‘ldi.
O‘g‘lonlarimiz polvon bo‘lib nom taratyapti, yutuqlarga
erishyapti va bu, shubhasiz, bardavom. Eng katta sharaf, haqiqiy g‘alaba shu aslida!