
Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o‘rni
katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Tug‘ini jonidan
ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Аmir Temur, Jaloliddin
Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat.
Аslida Vatan ramzlarini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish Vatanni sevish,
uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.
Hammamizga maʼlumki, har bir davlatning
Konstitutsiyasi, bayrog‘i, gerbi, madhiyasi kabi ramzlari mustaqilligining
muqaddas belgilaridir. Davlatimizning ramzlari Davlat bayrog‘i (1991 yil),
Davlat Gerbi (1992 yil), Davlat madhiyasi (1992 yil) qonun hujjatlari orqali
mustahkamlangan.
Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon -
sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va
osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz
ifodasidir. Respublikamiz davlat bayrog‘idagi ramzlar O‘zbekiston sarhadida
qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz
hududida yashovchi 130 dan ortiq millat va elatlarning anʼanalarini o‘zida
mujassamlashtirgan.
Shu ramzlardan biri Davlat gerbidir. Gerb - bu bir
davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsolidir. Gerb
qaysi davlatga tegishli bo‘lsa, o‘sha davlatning tarixiy anʼanalarini
ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirlar yig‘indisidan iborat.
Davlatimiz gerbi 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston
Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan
tasdikdangan. Shu sabab, 2 iyul – O‘zbekiston fuqarolari uchun bayram sifatida
qadrli va unutilmas kunlardan biriga aylangan:
Gerbimiz davlatimizning siyosiy, milliy, xo‘jalik, jug‘rofiy,
etnik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini hamda boy tarixiy anʼanalarini o‘zida
mujassamlashtirgan. Shuningdek, gerbimizda Oʼzbekistonning ijtimoiy va davlat
tuzilishi tamoyillari o‘ziga xos tarzda ifoda etilgan. “O‘zbekiston
Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga binoan, O‘zbekiston
Respublikasining Davlat gerbi respublika davlat mustaqilligining ramzidir.
Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va
kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy
boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa milliy boyligimiz paxta chanoqlari qiyg‘os
ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarakka o‘ralganligi hamda gullagan
vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turishi aks ettirilgan.
Gerbning yuqori qismida hurligimizning ramzi sifatida
sakkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida afsonaviy Humo
qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi
chambarak tasmasiga “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.
Gerbda o‘z ifodasini topgan jannatmakon diyorimiz
husn-tarovatiga ishora etuvchi manzaralardan tortib, daryo, bug‘doy boshog‘i, g‘o‘za
va paxta chanoqlari xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik
yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasi, quyosh, yarim oy, yulduz- jamiyatimiz jipsligi
belgisi, shuningdek, omad, himmat, olijanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi
bo‘lgan afsonaviy Humo qushi - bularning barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti,
tarixi, ruhiyati va anʼanalari bilan chambarchas bog‘liq timsollardir.