
Italiyadagi eng kuchli zilzila. Yuz yil oldingi
Messina zilzilasi tarixi
1908-yil 28-dekabrda Italiyaning janubiy qismida
joylashgan Sitsiliya va Kalabriyada sodir bo‘lgan Messina zilzilasi shu
paytgacha Yevropa tarixida yuz bergan eng kuchli zilzilalardan biri edi. 7,1
balli ushbu zilzila natijasida Messina va Regjio Kalabriya shaharlari deyarli
butunlay vayrona holatiga kelib qoldi. Zilzila 75 mingdan 82 minggacha odamning
umriga zomin bo‘ldi.
Zilzila qanday sodir bo‘ldi?
1908-yil 28-dekabr taxminan soat 05:20 da magnituda
shkalasi bo‘yicha 7,1 ball bo‘lgan dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzilaning
episentri Messina port shahri va Regjio Kalabriyani ajratib turadigan Messina
bo‘g‘ozi edi (Geophysical Research Letters Vol. 35, Issue 6, March 2008. “On
the cause of the 1908 Messina sunami, southern Italy”).
Zilzila Messinani deyarli tekislikka aylantirdi.
Shahardagi, taxminan, 91 foiz inshoot vayrona holiga kelib qoldi yoki tuzatib
bo‘lmaydigan darajada shikastlanishga yuz tutdi. Zilzila ro‘y bergan hudud va
unga yondosh shaharlarda 75 mingga yaqin odam halok bo‘ldi. Regjio Kalabriya va
Kalabriyaning boshqa hududlari ham katta zarar ko‘rdi, 25 mingga yaqin odam
hayotdan ko‘z yumdi. Regjioning uzoq yillik tarixga ega markazi deyarli
butunlay yo‘q bo‘lib ketdi.
Zilzila natijasida yer taxminan 30 soniya davomida to‘xtovsiz silkinib turdi, vayronagarchilik 4 300 kilometr kvadrat maydonni egalladi. Tabiiy ofatdan qutulib qolgan yosh shifokor keyinchalik voqealarni shunday eslaydi: “Chuqur sukunatni minglab bomba portlatilganday g‘ayrioddiy shovqin buzdi, so‘ng shiddatli yomg‘ir yog‘ib yubordi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, keyin u “dahshatli hushtak ovozini” eshitdi va bu tovushni “suvda vishillayotgan minglab qizigan dazmollar” ovoziga o‘xshatdi.
Qurbonlar sonining ko‘pligi zilzila sodir bo‘lgan vaqt
bilan bog‘liq edi. Bu paytda ko‘pchilik uxlab yotgandi va ular o‘z-o‘zidan
vayronalar ostida qolib qurbon bo‘ldi.