SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Sentabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
1234567
891011121314
15161718192021
232425262728
2930     
Buyuk faqih, imom Burhoniddin Marg’inoniy tavallud topgan kun
1123-09-23

Burhoniddin Marg’inoniy

                Burhoniddin Marg’inoniy (to’liq ismi Abdulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Farg’oniy al-Rishtoniy al-Marg’inoniy) (1123.23.9 – 1197.29.10).

                Buyuk faqih, imom Burhoniddin Marg’inoniy Farg’onaning Rishton tumanida tug’ilgan. Dastavval otasi Abubakr ibn Abduljalil, so’ng imom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qo’lida tahsil ko’rdi. Rishton, Marg’ilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnahrning boshqa shaharlarida islomiy ta’lim olib, sunniylikdagi diniy huquq mazhablaridan biri – hanafiylik mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shayxulislom bo’lib yetishdi. 1149-yili haj safariga bordi va umrining oxirigacha Samarqandda yashadi va o’sha yerda vafot etdi (Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.)

                Burhoniddin Marg’inoniy fiqh bo’yicha asosiy asari “Bidoyat ul-mubtadi’”  (“Boshlovchilar uchun qo’llanma”) ni Hanafiylik nazariyotchisi, shariat asoschilaridan Abul Hasan al-Quduriy (1029 yil vafot etgan) va Muhammad ash-Shayboniy (884 –yil vafot etgan) asarlariga tayanib yozgan. Burhoniddin Marg’inoniyning ushbu kitobi nazariy asar bo’lib, undan amaliy jihatdan foydalanish qiyin bo’lgan. Shu sababli Burhoniddin Marg’inoniyning o’zi 8 jildli sharh – “Kifoyat ul- Muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’limot”)ni yozishga qaror qilgan. Keyinchalik bu kitobi asosida “Kitob al-hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” – “To’g’ri yo’l”)ni yaratdi (1178). Burhoniddin Marg’inoniy bu kitobda o’sha zamonlarda mo’min- musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalarni, jumladan oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli juda ko’p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazaridan hal etib berdi.  Mazkur kitob nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom Sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma’lum va mashhur bo’lib ketdi. Bu kitob fiqh ilmi bo’yicha eng aniq, izchil, mukammal asar bo’lgan. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo’yicha nufuzli huquqiy manba – asosiy qo’llanma sifatida foydalanilgan. Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “Hidoyat yo’lining sarboni” deya katta hurmat-e’tibor topdi. “Burhoniddin val-milla” (Din va millatning hujjati) degan yuksak unvonga sazovor bo’ldi.

                Burhoniddin Marg’inoniy yana bir qancha asarlar yozgan: “Nashr ul-mazhab” (“Mazhabning tarqalishi”),  “Kitob ut-tajnis val-maziyd” (“Fuqarolik huquqini taqdim etish”), “Kitob ul-faroiz” (“Majburiyatlar haqida kitob”), “Maziyd fi furi ul-hanafiy (“Hanafiya mazhabiga qo’shimchalar”) va boshqalar. U o’z asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilikning turli shakllari (davlat va xususiy mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning hududiy asoslari, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoiy ishni ko’rish masalalarini batafsil yoritib berdi. Bu asarlarda adolat tuyg’usi, o’z davrining huquqiy mezonlari asosida yashash, o’zganing mol-mulkiga ko’z olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehr-oqibat kabi ezgu tushunchalarning mohiyati ochib berilgan. Burhoniddin Marg’inoniyning o’zi hayoti davomida ana shunday insoniy fazilatlarga amal qilib yashadi. Ilmu urfon yo’lidagi fidoyiligi, kamtarligi o’z asarlarida biron marta ham “men” degan so’zni ishlatmay, “bu zaif banda aytadi”, deya hokisorlik bilan izoh berishida ham ko’rinib turadi.

                Burhoniddin Marg’inoniyning ilmiy merosi o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Jahondagi ko’p oily o’quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg’inoniyning fiqh va ta’limoti asosida o’rganiladi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur o’rganish, asarlarini chop etish ishlariga katta e’tibor berila boshlandi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Burhoniddin Marg’inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana bo’yicha) (2000) keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg’ilon shahri markazida Burhoniddin Marg’inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi o’rnatildi.

Ma’lumot: Buyuk ajdodlarimiz. “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2010.


Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan