Mamatbuva Hofiz (asli Muhammad Sattarov;
1885.14.1 – Marg‘ilon – 1969.4.3) – O‘zbekiston xalq hofizi (1941). Xalq
xonanda va sozandalari (Boltaboy hofiz va boshqa)dan xalq ashula yo‘llarini
o‘rgangan. Hamza boshchiligidagi agitbrigada, O‘zbek etnografik truppasida
(1926-30) xonanda. Urush yillari Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatri
studiyasida yosh san’atkorlarga ashula yo‘llarini o‘rgatgan. G.Rahimova rahbarligidagi
front konsert brigadasida xizmat qilgan. Mamatbuva Hofiz “Ko‘p erdi hasratim”,
“Bir kelsun”, “Aylading”, “Kuling”, “Fig‘onkim”, “Sayding qo‘ya ber, sayyod”
kabi katta ashulalarni mahorat bilan ijro etgan. U “Ushshoq”, “Chorgoh”,
“Munojot”, “Segoh” ashula yo‘llarini, ayrim zamonaviy qo‘shiqlar
(“O‘zbekistondir”, “Shodlik etsangchi yoshlar”, “Dilrabolar” kabi)ni katta
ashula uslubida aytgan. J.Sultonov, M. Uzoqov singari o‘nlab xalq
san’atkorlarining ustozi bo‘lgan.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.T.,2005