SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Dekabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
1234567
81011121314
15161718192021
22232425262728
293031    
Farzandlarimga o'gitlar

Farzandlarimga o'gitlar

Uchrashuvlarda bir savolni ko'p berishadi: «O'zingiz uchun eng qimmatli asar qaysi?». Ko'pincha yarim hazil bilan javob qilaman: «Mening ikkita eng qimmatli asarim bor: biri — o'g'lim, biri — qizim!».
Senlar va nabiralarim menga Xudo bergan eng bebaho boyliksizlar... Shu bois, 
diqqat bilan eshitinglar!
Bir narsani orzu qilaman. Bu dunyoda men qilgan yaxshi ishlardan aqalli bitta ko'proq yaxshilik qilsang...
Bu dunyoda men qilgan xatolardan aqalli bitta kamroq xato qilsang...

***
Qush bo'lib osmonda uchma. Toshbaqa bo'lib, yerda sudralma.
Daraxt bo'l! Boshing — osmonda, oyog'ing yerda bo'lsin!
***
Shijoatli bo'l. Biroq andishasiz bo'lma. Andishali bo'l. Biroq shijoatsiz bo'lma.
***

Yomon bilan o'chakishma... 
***
Ayolni kaftingda ko'tar, ammo boshingga chiqarma! 
***
Nodonlar davrasida kar bo'l, Donolar davrasida soqov bo'l...
***
«Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo'q», deydilar. Oilangda janjal chiqsa, eng avvalo, farzandlaringni o'ylab ish qil!
***
Hech kimga yomonlik sog'inma, hatto dushmaningga ham yomonlik tilasang, bir chekkasi o'zingga qaytib keladi. Negaki, olam bus-butundir. 
***
Menga yuz marta ozor bersang, kechirishim mumkin. Onangga bir marta ozor bersang, kechirmayman: onang senga mendan ko'ra yuz hissa ko'p mehr bergan!
***
Noningni yo'qotsang yo'qot, nomingni yo'qotma!
***
G'ururli bo'l, ammo dimog'dor bo'lma. Kamtar bo'l, ammo xokisor bo'lma...
***
O'z ota-onasiga mehr bermaganlarning o'z bolasidan mehr ko'rganini eshitganim yo'q. «Qaytar dunyo» deganlari shu... 
***
Ota mehri ona mehridan kamroq emas, faqat «yashirin»roq bo'ladi.
Farzandlarim! Men bu o'gitlarni yoza boshlaganimda senlar yosh bola eding. 
Xudoga shukr, mana, voyaga yetdilaring, oila qurib, farzandlar ko'rdilaring. Shu kungacha senlarning ortingdan «Falonchining bolasi falondaqa noma'qulchilik qilibdi», degan ta'na-malomat eshitganim yo'q. Iloyo, bundan buyon ham shunday bo'lsin. Bir burda nonini halollab eydigan, vijdonli, imonli insonlar bo'lib yetishganlaring uchun Yaratganga shukronalar qilaman! Menga nima ezgu amallar qilgan bo'lsanglar, senlarga ham nabiralarimdan qaytsin. Men senlar bilan faxrlanaman!

Ma`rifat 21- may 2014 yil 


O`tkir Hoshimov
Taniqli o’zbek yozuvchisi va jamoat arbobi. 1941- yili 4- avgustda Toshkentda Do'mbirobod mahallasida tug’ilgan. Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetida o’qigan. Turli tahririyat va nashriyotlarda ishlagan. Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qo’mita raisi.
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.
Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan