
Sultonmurod OLIM, "Gulhan" jurnalidan olindi.
adabiyotshunos
KITOB HAQIDA O`N SAVOL
1. Kitob hayotingizda qanday o`rin tutadi?
2. Ilk bor o`qib, zavq olgan kitobingiz esingizdami? Bolaligingizda o`qigan yana qaysi kitoblar hayotingizda ijobiy ta'sir ko`rsatgan?
3. Yangi chop etilayotgan kitoblarni kuzatib borasizmi? Ulardan ko`nglingiz to`lmayotgan jihatlari ham bormi?
4. Hozir bizda kiyim-kechak, oziq-ovqat bozorining xaridorlari nihoyatda serob. Qachon kitob bozori gavjumlashadi?
5. Ustoz adib Asqad Muxtorning: “Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, o`qilgani”, degan iborasini qanday izohlaysiz?
6. Javoningizda qayta-qayta o`qiydigan, sog`inib qo`lga oladigan kitob bormi? Ayting-chi, u qaysi kitob?
7. Hozir nafaqat bolalar balki ularning ota-onalari ham kam kitob o`qiyotganligi haqidagi tashvishli fikrlarga qanday qaraysiz? Ularni kitobga qaytarishning yo`li bormi?
8. Agar o`zbek adabiyoti bo`yicha “Oltin javon” tuzilib, unga 10 ta kitob kiritish zarurati tug`ilsa, qaysi kitoblarni kiritgan bo`lardingiz?
9. Shu kunlarda qanday kitob o`qiyapsiz?
10. Jurnalxonlarga qaysi va qanday kitoblarni o`qishni tavsiya qilasiz?
1. Qishlog`imizdagi eng serfarzand, eng kitobi ko`p oilada tug`ilganman. Onam o`zbek tili va adabiyoti muallimasi, otam idora xodimi edilar.
Birinchi sinfga borganimda akam 4-sinfga o`tgan edilar. Onamiz: “Ikkinchi bolamiz ham maktabga boryapti, erta-indin bular yoniga kichkinalar qo`shilaveradi, bularga alohida darsxona qilib berasiz”, deb turib olganlar.
Buxoroning an'anaviy uysozligida “peshga(h) madon”(“ichkari dahliz”) degan xona bo`lardi. Unga, odatda, katta (“yetti bolar”) uy orqali kirilardi. O`shanga tashqaridan eshik, deraza o`rnatib, bizga pol-potolokli alohida darsxona qilib berishgan. Biz uni “kutubxona” derdik. Chunki onamizning o`tgan asr 30-yillaridan beri yig`ib borgan kitoblari ham shu yerdan joy olgan edi. Onamizga va yana uch o`quvchiga mo`ljallab stol-stul qo`yilgandi. Qishlarda, xuddi maktabdagidek, navbatchilik qilib, galma-galdan pechka yoqar edik.
Oilamizda haftasiga 6 kun dars tayyorlash majburiy qilib qo`yilgan edi. Bir kun — yo shanba, yo yakshanba dam olishga ruxsat bor edi, xolos.
Elektr chirog`i kelganidan keyin ota-onamiz kechki ovqatdan so`ng o`quvchilarni “kutubxona”ga chiqarib yuborish uchun o`zlari ham televizor ko`rmas edilar.
Avvalo, darsliklarni ko`p o`qiganmiz. Darslik — eng zo`r kitob. Kimki darslikni puxta o`zlashtirmay turib maktabni bitirsa, bilingki, u umr bo`yi chalasavod bo`lib qoladi.
Onamiz ikki xil tartib bilan dars tayyorlashga o`rgatgan edilar. Birinchi qoida shu ediki, har kuni bugun o`tilgan barcha fanlar bo`yicha uy vazifasini bajarib, keyingi darsga oldindan tayyor bo`lib turish kerak. Shunda dars tayyorlash oxirida ertaga bo`ladigan fanlar bo`yicha kitob-daftarni sumkaga (aytmoqchi, boshlang`ich sinflarda o`qiganimizda papka qayoqda edi, onamiz tikib bergan xaltaga) solib qo`yasan, tamom. Ikkinchi usulda esa bugun nima fan o`tilganidan qat'iy nazar, unga tayyorlanishni keyingi safarga qoldirib, faqat ertaga bo`ladigan fanlar bo`yicha dars tayyorlaysan, ya'ni uyga vazifa bajarasan.
Natija nima bo`ldi?
9 farzanddan 5 nafari maktabni oltin medal bilan tugatdi. Shundan uch nafari medal bergan imtiyozdan foydalangan holda, ya'ni bir fandangina imtihon topshirib, oliy ta'lim muassasasiga kirdi. Sakkiz o`g`il, bir qiz — hammamiz Тoshkent, Samarqand va Buxorodagi oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi bo`limlarida o`qib, turli kasb egalari bo`ldik.
Uch bola oliy ta'lim muassasasini imtiyozli diplom bilan tugatdi. Ikki farzand ilmiy daraja olish uchun dissertatsiya yoqladi. Uch farzand o`zi kitoblar yozib, chop ettirdi.
Maktab yillarida qancha kitob mutolaa qilgan bo`lsam, shuncha gazeta va jurnal ham o`qiganman. Pochtalon peshindan keyin kelar edi. Hovlimiz hovuz bo`yida. Hovuzning supasidagi soya joyga sholcha yoyib, ustiga ko`rpacha tashlab, bir kitobni o`qigan bo`lib, pochtalonni kutib yotardim. Qishloqda hech kim Zohir tog`aga menchalik intizor bo`lmas, ehtimol, u kishini menchalik qadrlamas edi. Kamina har gal u kishidan syurpriz, ya'ni keltirgan gazetalarining birortasida yuborgan qaysidir maqolam chiqqan bo`lishini kutardim. Chunki 10-sinfni tugallagunimga qadar 6 gazetada jami 187 maqolam bosilgan-da. 15 yoshimda yozgi ta'til mahali maosh olib, tuman gazetasi tahririyatida ham ishlaganman.
2. Onam-ku harflarni maktabga borgunimcha o`rgatgan edilar. Birinchi sinfda “Alifbo”ni tugallashimiz bilan maktabimiz kutubxonasiga a'zo bo`lib, badiiy kitoblar olib, o`qiy boshlaganman. Birinchi kitobim Samuel Marshakning militsioner Styopa amaki haqidagi rasmli, katta-katta harflar bilan chiqqan she'riy asari edi. O`qiyverib, yodlab olganman.
O`shanda maktabimizning, endi o`ylasam, kichkinagina kutubxonasi ko`zimga katta xazina bo`lib ko`ringan. Chunki u yerda, baribir, uyimizdagiga qaraganda kitob juda ko`p edi-da. Yana bir baxtimiz — qishlog`imiz dala shiyponida kolxoz (jamoa xo`jaligi) kutubxonasi joylashgan edi. Yozdirib, olib kelasan, o`qib bo`lib, qaytarib eltib berasan. Buxoroning qishi qattiqroq keladi. Shunday sovuq kunlarda yotib olib kitob o`qirdik. “G`uncha”, “Gulxan”, “Sharq yulduzi”, “Fan va turmush” jurnallarining hamma soni uyimizga kelib turgan.
7-sinfda Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur” kitobini o`qib, shu asosda sahna ko`rinishi qo`yganmiz. Navoiy rolini o`ynaganman. Тomoshabinlar ovozimdangina tanib qolishgan. Kim biladi, jurnalistika fakultetini bitirib, navoiyshunoslikka qiziqib ketishga shu dastlabki rolim turtki bo`lgandir.
Universitetning 4-bosqich talabasi bo`lgan paytimizda paxta terimi mavsumida peshingacha o`rtacha kilogrammni terib qo`yib, tushdan keyin jo`yaklarda yotib olib, Jek Londonning “Martin Iden”ini o`qiganman. Jahon adabiyotida ijodkor timsoli bundan zo`r qilib yaratilgan boshqa asarni bilmayman. Shu kitobdan bir umrga qarzdorman...
3. Uyimizdagi kitob javonlarga sig`may ketayotgani uchun bir qismini yerto`laga tushirib qo`yishga majbur bo`layotganimizdan bilingki, tinimsiz yangi kitob olyapmiz. Navoiy bobo odamni “oldiga kelganni yemakdan, og`izga kelganni demak”dan qaytaradilar, lekin qo`lga tushgan kitobni, hech bo`lmasa, bir sidra varaqlamaslik — gunoh.
Yangi kitoblarga uch jihatdan — soni, nashr sifati va mazmuniga ko`ra baho berish mumkin. Keyingi yillarda kutilmagan darajada ko`p kitob nashr etilayotgani kishini cheksiz quvontiradi. Odamlar sotib olyaptiki, chiqarilayapti-da. Nashr sifati ham muttasil yaxshilanib, zamon talablariga moslashib boryapti. Ammo mazmun-chi? Umrida kitob yozishni tushida ham ko`rmagan ba'zi birovlar kitob yozish “kasali”ga mubtalo bo`layotgani yaxshi emas. Kitobni kim yozsa — yozsin, lekin nashriyotlar umumiy bir professional darajani qattiq turib talab qilishi kerak-ku.
Kitob chop etishda nashr odobi bo`lishi lozim. Afsuski, ba'zi kitoblar muqovasi sahifalarida muallifning beshtagacha rasmi bosilganiga ham guvoh bo`lyapmiz. Ayrim asarlarni muallif haqida bir necha kishining maqolasini qo`shib chiqarish rasm bo`lib boryapti. Qalamkashni rasmi yoki u haqda boshqalar bildirgan maqtovlar emas, yaratgan asarining o`zi mashhur qiladi.
4. Har holda, kitob bozori qiziy boshladi. Kamina 20 yildan beri o`zimga hamkasb bo`lgan o`g`illarimni: “Hali ko`rasizlar, kitob yozish katta biznes bo`lib qoladi”, deb ishontirib kelaman. Bu ko`proq o`zimga dalda berish, necha yillar mobaynida egallagan tayyor kasbni bozor iqtisodiyoti ta'sirida qo`ldan chiqarib qo`ymaslik ilinjini ham ifodalasa, ajab emas.
5. Bu dono fikr hech qanday izohga muhtoj emas. Lekin qo`shimcham bor. Maktabda, hatto o`zbek adabiyoti davlat dasturi asosida majburan o`qitiladigan fakultetlar talabalariga eng buyuk sohibi qalamimiz bo`lmish Alisher Navoiyning, loaqal, “Farhod va Shirin”ini o`qitolmayapmiz. Тili murakkabligini bahona qilishadi. 1993-, 1995-, 1997-yillari 10-sinf uchun “O`zbek adabiyoti” majmuasida dostonni ixchamlab, qisqargan joylari mazmunini hozirgi tilda ifodalab kiritdik. Zo`r-zo`r baytlarning o`zi berilib, havolada murakkab so`zlar lug`ati taqdim etildi. Shuni ham ko`p o`quvchilar o`qimadi. O`qituvchilar orasida ham, loaqal, shu qisqargan matnni mutolaa qilmaganlar qancha.
6. Adabiyotshunosning bir umr qayta-qayta o`qiladigan kitoblari bo`ladi. Chunki adabiy asarlar — bu kasb egalari uchun asosiy xomashyo. “Farhod va Shirin”dan nomzodlik dissertatsiyasi yoqlaganman, “Lison ut-tayr” bo`yicha tadqiqot olib borilyapti. Bularning yoniga yana Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat...”i bilan “Boburnoma”ni qo`shish kerak (Xalqimiz tarixi haqida “Boburnoma”dan sermazmunroq asar ko`rmaganman, uning har sahifasida bir kitob mazmun bor). Bu to`rt kitobning chizilmagan, belgi qo`yilmagan, matn atrofiga fikr-mulohaza yozilmagan beti qolmagan.
Uyimizdagi eng mo`tabar kitoblar — lug`atlar. Lug`atni hech kim birrovga o`qish uchun bermaydi. Undan foydalanaman degan kishi, albatta, o`zi sotib olishi kerak. “O`zbek tilining izohli lug`ati” 5 jildligi, “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug`ati” 4 jildligi, “Farhangi zaboni tojikiy” (“Тojik tilining izohli lug`ati”) 2 jildligi, shuningdek, “O`zbek xalq maqollari”ning 2 jildligi qo`lga yaqin yerda turadigan, deyarli har kuni titkilanadigan kitoblarim bo`lsa kerak.
Qalamkashning asosiy quroli — so`z. Ahli adabning so`zda xato qilishi amalda uning har taraflama adashganini bildiradi. So`zda chalg`imaslik uchun lug`atga suyanmay, nimaga suyanasan?!
7. Ilm-fan, texnika-texnologiya, ishlab chiqarish rivojlangan mamlakatlarda odamlar: “O`qimasam, o`laman”, deb o`ylaydi. Chunki o`qimagan kishi hayotdan orqada qoladi, aniqrog`i, kuchli raqobat maydonida nonini topib yeyolmaydi. Bizda esa negadir: “O`qisam, o`laman”, deganga o`xshash dangasalik, beparvolik, tanballik, boringki, qo`rquvga o`xshash illat bor. Ehtimol, bu, o`qimay turib ham yaxshi yashash mumkin-ku, degan qarash mavjudligidan bo`lsa kerak. Qachonki ko`p o`qigan odam boy yashaydigan jamiyat yuzaga kelsa, hamma yoppasiga o`qishga intilib qoladi, deb o`ylayman.
8. Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”dagi 4 devoni, “Xamsa” sidagi 5 doston va “Lison ut-tayr”ning o`zi 10 ta bo`ladi-ku. Keling, mayli, bu ro`yxatni qayta tuzaylik: “O`zbek xalq maqollari” mukammal majmuasi, “Alpomish” dostoni, Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”i bilan “Farhod va Shirin”i, “Boburnoma”, Mashrab devoni, Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar”i, Odil Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi” romani, Abdulla Oripov she'riyati va Erkin Vohidov lirikasi...
9. Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”i bilan Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”ini bir-biriga qiyoslab, nechanchi bora qayta o`qiyapman.
10. Birinchidan, qo`llaridagi darsliklarni pishiq-puxta o`zlashtirishlarini istar edim (sirni oshkor qilsam, 4-sinf “Odobnoma”si va 8-sinf “Adabiyot”i tuzuvchilaridanman-da). Ikkinchidan, maktab yoshida badiiy adabiyot o`qimaganlarni komil inson qilib tarbiyalangan hisoblab bo`lmasa kerak. Uchinchidan, har kim o`zi qiziqqan sohasiga doir, kelajakda qaysi kasbni tanlashiga qarab kitob topib o`qishi, o`qiganda ham, tushunib, uqib, mohiyatiga yetib mutolaa qilishi lozim.
Bitta kitobni “hazm qilib” o`qish — yuzta kitobni chala-chulpa varaqlagandan ming chandon afzal.
Normurod Narzullayev 1934 yilning 7 iyulida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Ho’jahayron qishlog’oda dehqon oilasida dunyoga keldi. U yeti yillik ma’lumotni o’z qishlog’idagi maktabda oldi.
