SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Noyabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
10111213141516
171819202223
24252627282930
Til va tafakkur

O’zbekiston Respublikasi Хalq talim vazirligi

Respublika bolalar kutubхonasi

Fan:Ona-tili va adabiyoti

                                                     Til va  tafakkur

Tabiat va jamiyat mahsuli bo’lgan inson, ayni paytda, ularning oliy namunasi ham sanalib, olamni narsa va predmet shaklida, voqyea va hodisa tarzida miyasida aks ettiradi, idrok qiladi, fikrlaydi. Bu jarayonda muhim vosita hisoblangan tilning  ahamiyati g’oyatda muhimdir. Shuning uchun ham til va tafakkurni bir-biridan alohida tarzda tasavvur qilib bo’lmaydi. «Til bilan tafakkur bir-birini taqozo etadigan ajralmas hodisadir. Tilsiz tafakkur bo’lmaganidek, til ham tafakkursiz bo’lmaydi»

Tilning inson uchun fikrlash vositasi bo’lishi, moddiy asos sifatida xizmat qilishi uning amalda bo’lishidagi  birinchi bosqich  hisoblanib, ikkinchi bosqichda  fikr, tafakkur mahsuli reallashadi, ya’ni u miyadan tashqariga chiqadi. Shunday qilib, ikkinchi bosqichda til kommunikativ – aloqa vazifasini bajarishga kirishadi.

Til insonlar o’rtasida aloqa  vositasi bo’lishi, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar to’g’risida xabar berishdan tashqari suhbatdosh  yoki tinglovchiga ma’lum ta’sir o’tkazish, hissiyotini qo’zg’atish kuchiga ham ega. Agar  bu holatni  shartli ravishda beshinchi bosqich  deb ataydigan bo’lsak, ta’kidlaganimizdek, tilning bosqichma-bosqich  takomillashib,  mukammalashib va imkoniyatlari ham asta-sekinlik bilan kengayib borishini kuzatamiz.

Mana shu o’rinda tilning hyech bir imkoniyati nutqsiz, nutqiy jarayonsiz amalga oshmasligi, yuzaga kelmasligiga ham amin bo’lamiz. «Til va tafakkurning birligi nutqda o’z ifodasini topadi. Nutq og’zaki va yozma holda mavjud bo’lib, unda fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u endi bir shaxsga emas, balki jamiyatga tegishli bo’lib qoladi»

Ma’lum bo’ladiki, til nutqning o’ta muhim unsuri sifatida aloqa, xabar, ta’sir etishdek, shu bilan birga, imkoniyatlari nihoyatda kengayib borishi natijasi o’laroq kishilik jamiyati to’plagan tajriba va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishdek ulug’vor ijtimoiy vazifani bajaradi.

O’z shakllanishi va rivojlanib borishi davomida uzoq tarixiy yo’lni bosib o’tadigan til  asta-sekinlik bilan bo’lsa-da, takomillashib ham boradi. Bu holni uning ichki qurilishida, amalda bo’lish qoidalarining ma’lum bir tizimga kela borishida kuzatamiz. «Ichki qurilish nuqtai nazardan til ma’lum miqdordagi bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’lgan til birliklarining yig’indisi va ana shu birliklardan foydalanish qoidalaridan tashkil topgan murakkab sistemadir»

Nutq tilning namoyon bo’lishi, ro’yobga chiqish, voqyelanish shakli bo’lib, u bevosita kuzatishda berilgan, moddiy (tabiiy, fizik) shaklga egadir.

Xo’sh, nutq madaniyati nima? Ana shu savolga javob berish ushbu mavzuning asosiy maqsadi sanaladi.

Savolga javoblarni bu sohaning mutaxassislari bo’lgan olimlarning asarlaridan topamiz. Masalan, S.I.Ojegov: «Yuqori nutq madaniyati nima? Yuqori nutq madaniyati – bu o’z fikrlarini til vositalari bilan to’g’ri, aniq va ta’sirchan qilib bera olishdir. To’g’ri nutq deb esa hozirgi adabiy til me’yorlariga rioya qilib tuzilgan nutqqa aytiladi. Ammo yuqori nutq madaniyati faqatgina me’yorga rioya qilishdangina iborat emas. U  fikrni ifodalashning aniq vositasini izlash bilan birga, birmuncha ta’sirchan va maqsadga muvofiq vositalarni topish uquvini ham o’z ichiga oladi». L.I.Skvorsov: « «Nutq madaniyati» tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo’lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug’ullanuvchi sohasidir»

Ma’lum bo’ladiki, nutq madaniyati, agar masalaga til nuqtai nazardan qaraladigan bo’lsa, bu, eng avvalo, nutqning to’g’riligi demakdir. Ikkinchidan esa, u uslubiy jihatdan silliq bo’lishi kerak, ya’ni unda noaniqlikka, ikkima’nolilikka, uzundan-uzoqlikka yo’l qo’yilmasligi, qisqalik, soddalik va aniqlik bu nutqning asosiy o’lchovi bo’lishi lozim. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o’tkirlik va obrazlilikni ifoda etadi.

Shu sohaning yirik bilimdoni prof. E.Begmatovning qayd etishicha, ma’naviyatimiz tarixida «nutq odobi» deb yuritib kelingan qoidalar uning ko’hna tarixga ega ekanligidan dalolat beradi. XX asrning 20-30-yillarida boshlangan «… «til qurilishi» nomi bilan atalgan ulkan lingvistik va sosial madaniy tadbirlar o’z ichiga o’sha davr tillari rivoji uchun eng zaruriy, hayotiy masalalarni qamragan edi. Chunonchi, yangi adabiy til uchun dialektal bazani belgilash, yozuvsiz tillar uchun alfavit yaratish, ba’zi noqulay alifbolarni boshqa ilg’orroq hisoblangan alfavit bilan almashtirish, adabiy tilning imlo prinsiplarini ishlash, orfografiyadagi kamchiliklarni tugatish, adabiy tilning morfologik va leksik normasidagi ikkilanish va barqarorlikni ilmiy asosda bartaraf etish, hali deyarli qo’l urilmagan juda ko’p xalqlarning adabiy tillarini o’rganish va ularning grammatikasini yaratish, millatlarning o’z ona tillarida o’quv-o’qituv ishlarini olib borishlariga imkoniyat yaratish, milliy adabiy tillarning o’z ilmiy terminologiyasini yaratish, milliy tillardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni o’rganish, ularning yangi yozuv grafikalarini tuzish va boshqalar.

Demak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, nutq madaniyati bilan shug’ullanish o’zbek tilshunosligi fani taraqqiyotining barcha bosqichlarida o’rtaga qo’yib kelingan. Ammo uning alohida soha sifatida o’rganish obyekti qilib olinishi keyingi o’n yilliklarning mahsulidir. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida tilshunosligimizda nutq madaniyati alohida fan sifatida nazariy asosga qo’yildi, ilmiy o’rganish usullari ishlab chiqildi, u bilan aloqador bo’lgan tushunchalarga, jumladan «til madaniyati» tushunchasiga aloqadorlik masalasi hal etildi.

Bu sohaga bag’ishlab yozilgan ishlarda tushunchaning ta’rifiga oid yana quyidagi izohlarga duch kelamiz: « a) nutq madaniyati bir tilda to’g’ri so’zlash va yozishdir; b) nutq madaniyati fikrni sodda, aniq va tushunarli ifodalashdir; v) nutq madaniyati tilning tasviriy va obrazli vositalaridan unumli, o’z o’rnida foydalana bilishdir; g) nutq madaniyati nutqning qisqaligi, ixchamligi, aniqligi, milliyligidir;         d) nutq madaniyati nutqning sodda, barcha uchun tushunarli bo’lishidir…»

Til madaniyati tushunchasi nutq madaniyati sohasida til sistemasining o’zini, masalan, o’zbek adabiy tilining vosita va imkoniyatlarini, «madaniylashtirishni» ko’zda tutadi. Demak, til madaniyati termini bilan ataluvchi tushuncha til sistemasining madaniylik darajasini, ya’ni uning qanchalik ishlanganligi, normalanganligini ko’rsatadi»].

Aytilganlardan anglashilayaptiki, garchi til madaniyati va nutq madaniyatitushunchalari tilshunoslik atamasi sifatida bir-birlaridan farqlansa ham, aslida ularning birini ikkinchisidan ajratib bo’lmaydigan, biri ikkinchisini taqozo qiladigan tushunchalardir. Nutq madaniyati  aniq ma’noda til birliklarini nutq jarayonida qo’llashning me’yori, maqsadga muvofiqligini anglatsa ham, umumiy ma’noda ma’lum millatning umumtil madaniyati doirasida qaraladi. To’g’ri, nutq lingvistik va ekstralingvistik omillarni o’z ichiga oladigan murakkab jarayon bo’lib, u mantiq, psixologiya, pedagogika, etika, estetika masalalari bilan ham bog’liq. Ammo  nutq uchun tilning birinchi darajada turishini hyech kim inkor etmaydi va u har bir millatning madaniyatini o’zida aks ettiradi.

Navbatdagi gap til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalarining huquq sohasida amal qilishi xususida.            Huquqiy soha va yurisprudensiya amaliyotda tilga katta ehtiyoj sezadigan yo’nalish hisoblanadi. Bu, ayniqsa, keyingi o’n yillikda alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki mustaqilligini qo’lga kiritgan O’zbekiston Respublikasi o’z taraqqiyoti va rivojlanishining yangi bosqichida huquqiy-demokratik tamoyillarga asoslangan fuqarolik jamiyati qurish yo’lidan bormoqda. Ijtimoiy hayotning barcha yo’nalishlarida qonun ustuvorligini ta’minlanishi asosiy vazifa qilib qo’yilmoqda.

Ustuvorlik ma’lum ma’noda  bu qonunlar va ularning ijrosi bilan bog’liq bo’lgan hujjatlarning mukammal bo’lishini taqozo qiladi.  Bu mukammallik esa, o’z navbatida, ularni O’zbekiston xalqi va davlati manfaatini himoya qiluvchi huquqiy asos bilan birga, ularning til jihatdan ham puxta bo’lishni keltirib chiqaradi.

Muhtaram Prezidentimiz I.A.Karimov asos solgan mamlakatimiz taraqqiyotining besh tamoyilidan biri – qonun ustuvorligini ta’min etish o’z navbatida huquqiy madaniyat va savodxonlikka oid qator masalalarni belgilab berdiki, tilni o’rganmasdan turib ularni hal qilib bo’lmaydi. Huquqiy, yuridik tilning o’ziga xos xususiyatlarini, uning umumxalq madaniyati, huquqiy madaniyat doirasida amal qilish imkoniyatlarini chuqur o’rganish bu soha mutaxassislarining bilim va malakasi, ma’naviyati va madaniyatining yanada yuksak bo’lishiga ko’maklashadi.

Ammo bugungi kunda o’zbek nutqi madaniyatini yuqori darajaga ko’tarish uchun olib borayotgan ishlarimiz talablar darajasida deb ayta olmaymiz. Mavjud kamchiliklar tildan huquq sohasida foydalanishni ham qiyinlashtirmoqda.

Davlat hokimiyati tomonidan begilanadigan va qo’riqlana-digan, jamiyatda kishilarning o’zaro munosabatlarini tartibga soladigan qonun-qoidalar, normalar majmui hisoblanadigan huquqqa  (O’zbek tilining izohli lug’ati, II tom. – M., 1981,  714-bet) oid hujjatlar o’zbek davlatchiligining barcha davrlarida mavjud bo’lgan va zamonlar silsilasida takomillashib borgan. Ularning shakllanish jarayoni yozuv taraqqiyoti bilan chambarchas bo’lib, huquqiy hujjatlarning mukammalligi ma’lum darajada ana shu yozuv va til madaniyatining takomiliga bog’liq bo’lgan.

O’zbek davlatchiligi tarixida huquqning mukammal tizimi yaratilgan. Bu haqda «Avesto», Burhoniddin Marg’inoniyning «Al hidoya» hamda «Temur tuzuklari» kabi manbalardan ko’plab ma’lumotlar olish mumkin. Jumladan, tariximizda musulmon huquqi bo’lgan. Uning asosiy manbalari Qur’on, sunna, ijmo, qiyos bo’lgan. Fiqh – musulmon huquqini,  sunna – hadislar ko’rinishidagi huquqiy prinsiplarni, ijmo - qonunshunos olimlarning umumiy fikrlarini, qiyos – Qur’on va sunnada berilmagan biror huquqiy masala ulardagi shunga o’xshash masala bo’yicha berilgan ko’rsatmaga qarab taqqos yo’li bilan sharhlashni o’zida mujassam etgan. Binobarin, ularning ham biri umumiy va o’ziga xos til va uslubda shakllangan.

O’zbek tilining o’ziga xos xususiyatlari, nozik qirralari hisobga olinmagan. Matn, o’zbekcha bo’lishidan qat’iy nazar, gaplar ruscha qoliplarga solingan, g’aliz va tushunarsiz so’z va so’z birikmalari tarkibi oshib ketgan»

Mustaqillik tufayli nafaqat yuridik hujjatlarni o’zbek tilida yaratish, balki matnni o’zbekcha fikrlash zaruriyati va, ayni paytda,  imkoniyati vujudga keldi.

Buning ustiga, yuridik tilga qo’yiladigan g’oyatda muhim bir talab mavjud.  U hamma foydalana oladigan, tushunarli, ommaviy  til bo’lishi lozim. Masalaning murakkabligi ham ana shunda. Huquqiy-me’yoriy hujjatlar matnidan bir vaqtning o’zida  ham mukammallik, ham ommaviylikni da’vo qilishimiz uning yaratuvchilaridan qanchalik bilim va mahorat talab etishini ko’rsatadi.

Nutq madaniyati deyilganda faqat uning og’zaki shaklini tushunish kerak emas. Yozma nutq madaniyati bundan ham mas’uliyatlidir. Tilda barqarorlikni ta’min etadigan yozuvning huquqiy matnlar shakllanishi, an’anaviylik va turg’unlik mazmuni kasb etishida ahamiyati katta. Uning yordamida nafaqat matnlar keyingi davrga yetkaziladi, balki yozma ko’nikmalar ham shakllanadi. Umumxalq  tili elementlaridan, yuridik terminologik tizimdan foydalanish yo’llari, fikrni qisqa jumlalarda ifodalash usullari aynan ana shu yozma matn tufayli takomillashib boradi. U ma’lum ma’noda keyingi yoziladigan matnlar uchun namuna vazifasini o’taydi. Shuning uchun ham yuridik yozma nutq madaniyatini takomillashtirish nutq madaniyati tizimida alohida mavqyega ega.

Endi bir necha og’iz gap yuristning muomala madaniyati xususida. O’zbek xalqi dunyoda o’z ma’naviyati va madaniyati mavjud bo’lgan turkiy xalqlarning biri sifatida tildan foydalanishda ham qadimiy an’analari, odat va ko’nikmalariga ega. Zero, ana shu ana’ana va odatlar har bir xalqning o’zligini ko’rsata oladigan belgilar sanaladi.

    O’zining boy tarixi va o’tmishi, havas qilsa va namuna olsa arzigulik ma’naviy-madaniy merosiga ega bo’lgan o’zbek xalqining muloqot an’analari nafaqat mazmunan, balki shaklan ham rang-barangdir. Sharq ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lgan bu muloqot o’zbeklar bilan yonma-yon yashab kelayotgan boshqa xalqlar madaniyati bilan uyg’un, ayni paytda, o’ziga xosdir. Kishilarning yoshiga qarab hurmat bildirish va shunga yarasha muomalada bo’lish, suhbat jarayonidagi samimiyatga, suhbatdoshga yon berishga harakat qilish, yoshlarning qariyalarga, ayollarning erlariga yoki erlarning ayollariga, farzandlarning ota-onalariga,  obro’li kishilarga, rahbarlarga bo’lgan izzat-hurmatning, mezbonning mehmonga bo’lgan ehtiromining avvalo muloqot jarayonida aks etishi ana shu o’ziga xosliklar sanaladi.

O’zbek xalqining vakili, shu bilan birga, uning faxri sanaladigan huquqshunos ham muloqot jarayonida bu umuminsoniy va umummilliy fazilatlar va qadriyatlardan yiroq bo’la olmaydi. Bu masalaning umumiy tomoni. Xususiy jihati shundan iboratki, huquqshunoslarning aksariyat qismi davlatning huquqiy organlarida, ta’lim-tarbiya jarayonida faol qatnashib kelayotgan kishilar hisoblanishadi. Binobarin, ular xalq bilan mustahkam aloqadorlikda bo’lgan insonlardir. Hukumat va huquqiy organlar vakili, ta’lim-tarbiya va targ’ibot ishlarining faol ishtirokchisi bo’lishning o’ziyoq ular mas’uliyatining qay darajada bo’lishi lozimligini aytib turibdi. Ana shu mas’uliyat o’z navbatida muomala mas’uliyatini ham keltirib chiqaradi. Huquqshunoslar - ichki ishlarda xizmat qiladigan nozirdan tortib prokurorgacha, huquqshunos-talabalardan tortib ularning murabbiylarigacha hamisha xalqning kuzatuvida bo’ladi, ko’pchilik ularga havas qilishadi va namuna olishadi. O’z navbatida ular ham ana shu hurmat-e’tiborga va ishonchga loyiq bo’lishlari lozim. Bu gaplar bevosita muomala madaniyatiga ham tegishlidir. Oddiy suhbat bo’ladimi, tergov va sud jarayoni bo’ladimi, tildan foydalanish hamisha odob doirasida bo’lmog’i zarur.

Bu o’rinda masalaning murakkabligi shundaki,  hamma advokatlar ham haligacha sobiq tizim davridagi tazyiq ruhiyatidan tamomila ozod bo’lgan emaslar. Ularning boshqa bir qismida esa malakaviy mahorat yetishmaydi. Manfaatlar to’qnashuvi jarayoni esa himoya san’atini mukammal egallashni taqozo qiladi. Yana shunday holatlar ham bo’lib qoladiki, himoyachi qonunni yaxshi biladigan kishi sifatida sudlanuvchining aybini tan oladi. Shunday paytda ham insonparvarlik nuqtai nazaridan advokat o’z nutqini ayblanuvchi yoki sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarga qaratishi lozim bo’ladi.          

Nutqning tozaligiga e’tibor berish, unda chet so’zlarni o’rinsiz ishlatishga yo’l qo’ymaslik, ortiqcha – parazit so’zlarni, shtamplarni ishlatmaslik hamda nutqni shirinso’zlik bilan, yoqimli  ohangda, ravon talaffuz etishga harakat qilish, mujmallikdan qochish ham fazilat sanaladi.  «Asosiy fikrni ovozni past-baland qilish, ohangni o’zgar-tirish, imo-ishora, qaytarish bilan mohirona uqdirish zarur. – deb ta’kidlashadi risola mualliflari. - Notiqning fikri ham, imo-ishorasi ham, nutqi ham bir qolipda bo’lmasligi lozim. Ma’ruzaning jonlanishiga, tinglovchilarning diqqatini tortishga ko’maklashadigan ta’riflar, taqqoslashlar, maqol va matallar, qochiriq so’zlar, ba’zi hollarda hazil-mutoiba gaplarni qo’shishdan qo’rqmaslik kerak. Lekin ularni suiiste’mol qilish bilan ma’ruza materialiga putur yetkazish yaramaydi»

Nutq so’zlanayotgan paytda notiqning  o’zini to’g’ri tuta bilishi, oddiylik va tabiiylikka harakat qilishi, doimo o’zini kuzatib borishi, ortiqcha harakatlarga yo’l qo’ymasligi, hatto kiyinishda ham kamtarlik ustuvor bo’lishi kabi jihatlar ham muhimdir. Tinglovchilardan tushgan  savollarga ham mumkin qadar qisqa va aniq javob berishga harakat qilish lozim.

Yana shu narsani ham ta’kidlash joizki, har bir nutq alohida shaxs bilimi va dunyoqarashining, tildan xabardorligi va mahoratining mahsuli sanaladi. Shuning uchun ham notiqlik – individuallik, o’ziga xoslik sifatida baholanib, hamma uchun yagona andozalarni belgilab qo’yish mumkin emas. Ammo yuqoridagi kabi, umumiy ma’nodagi, yo’nalish xarakteridagi tavsiyalar ham zarar qilmaydi.

            G.Sarkisyans notiqlikning boshqa kasbdagi kishilar uchun zarurligini inkor etmagan holda yurist uchun nihoyatda zarur ekanligini ta’kidlaydi. «Hozir mustaqil O’zbekistonda huquqiy davlat qurishga qat’iy yo’l tutilgan, jamiyatimiz hayotning barcha sohalarida, shu jumladan adliya va odil sudlov sohasida ham, umumjahon demokratiyasi tiklanayotgan  sharoitda respublikamiz huquqshunoslari bo’lmish olimlar oldida ham, amaliyotchilar oldida ham o’ta mas’uliyatli va murakkab vazifalar turibdi»

            Til  har qanday jamiyatning aloqa vositasi sanalar ekan, u yurist faoliyatida ham nihoyatda kuchli quroldir. Ammo muhim noyob boylikning ahamiyatini hyech kimga chaqiriqlar, shiorlar, da’vatlar bilan uqtirib bo’lmaydi. Faqatgina o’z Vatanini, millatini, ona tilisini, shu bilan birga, o’z kasbini sevgan kishigina buni boshqalardan ko’ra avvalroq anglay olishi va undan unumli foydalana olishi mumkin.

Administrator
Sayt administratori
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.

Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan