Donishmand
cho‘pon
O‘tgan zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U hamma narsadan ham otni yaxshi ko‘rar ekan. Kunlardan bir kun, podsho otxonaga kirib qarasa, otlari ancha oriqlab qolgan emish. Podsho otboqarini chaqirib:
— Otlar nima uchun oriqlab qoldi? — deb
so‘rabdi. Otboqar podshoning g‘azabidan qo‘rqib:
— E janobi oliylari, otlaringiz bir necha
kundan buyon yem-beda yemay, zo‘r berib kishnaydilar. Shahardan chetroqda
boshqa otlar bo‘lsa kerak. O‘sha otlarning ovoziga bular beda yemasdan qo‘ygan
bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman, — debdi
Podsho o‘ng qo‘l vazirini chaqirib:
— E dono vazir, navkarlar bilan shahar
tashqarisiga chiq, boshqa otlarni kishnab otlarimning tinchligini buzmaydigan
qilib kel! — debdi. Vazir podshoga ta’zim qilib:
— E, podshohim, farmoningiz bekamu ko‘st
o‘z yerida qaror topgay, — deb navkarlari bilan shahardan tashqariga chiqib
ketibdi, yurib-yurib, shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim narida bo‘lgan bir
toqqa yetibdi. Toqqa chiqib ko‘rsalar, bir cho‘pon yilqilarini o‘tloqqa qo‘yib,
o‘zi bir katta xarsang toshning ustida cho‘zilib yotgan emish. Vazir
cho‘ponning oldiga borib:
— E, ahmoq cho‘pon, hamma yilqilaringni
o‘tloqqa qo‘yib yuborib, kishnatib, ularning ovoziga mast bo‘lib yotibsan.
Shaharda bo‘lsa sening otlaringning kishnashini eshitib, podshoning otlari beda
yemay ozib qolmoqda. Men senga tezda otlaringning og‘izlarini bog‘lab qo‘yishni
buyuraman. Agarda buyrug‘imdan bo‘yin tovlar ekansan o‘zingni jallodga,
otlaringni podshoga tortiq qilaman, — debdi.
Cho‘pon hayron bo‘lib, noiloj vazirning
aytganlarini qilishga majbur bo‘libdi, yilqilarning og‘izlarini latta bilan
bog‘labdi. Keyin otlarini bu falokatdan qutqazish yo‘lini o‘ylab, u bir qarorga
kelibdi. Yaylovda yurgan bir katta tuyani va soqoli ikki qarich keladigan bir
takani ushlab kelib, dadasidan qolgan bir eski kamon bilan o‘qlarini olib,
shaharga qarab ravona bo‘libdi. Cho‘pon shahar qal’asidan ichkariga kirib,
rastaga boribdi. Rastada nog‘ora chalib o‘tirganlarning nog‘orasini otib yora
beribdi. Nog‘orachilar cho‘ponning bu ishidan sarosimaga tushibdilar, o‘rdaga
borib cho‘ponning ustidan arz qilibdilar. Podsho o‘z yonidagi vaziriga
cho‘ponni ushlab, huzuriga keltirishni buyuribdi. Vazir navkarlar bilan shahar
bozoriga borib qarasa, tuyaga minib, bir takani o‘ngarib olgan bir cho‘pon
yigit duch kelgan nog‘orani kamon bilan otib yorayotgan emish. Vazir
navkarlariga:
— Bu beboshni ushlanglar! — deb buyuribdi.
Navkarlar cho‘ponni tuyadan tushirib, qo‘lini orqasiga bog‘lab, tuyasi bilan
takasini yetaklab, podsho huzuriga olib kelibdilar
Podsho cho‘pondan:
— Sen kimsan, nima uchun shahar
nog‘orachilarining og‘oralarini otayotibsan? — deb so‘rabdi.
Cho‘pon:
— Men shahar yaqinidagi tog‘da yashovchi
xalqdan elchi bo‘lib keldim, — debdi
Podsho cho‘ponning ustidagi eski
choponiga, oyog‘idagi yirtiq chorig‘iga tikilib, elchiligiga ishonmabdi:
— Elchilik qilishga sendan boshqa tuzukroq
odam yo‘q ekanmi? — debdi. Cho‘pon hayron bo‘lib, podshodan so‘rabdi:
— Sizga qanday tuzukroq odam kerak? Men
ham oyoq-qo‘lli odamman-ku, — debdi. Podsho g‘azablanib:
— Men sendan kiyimi yangiroq, bo‘yi
balandroq, soqoli uzunroq odam yo‘q edimi, deb so‘rayapman, — debdi. Cho‘pon
javob berib:
— Sizga bo‘yi baland, kiyimi yangirog‘i
kerak bo‘lsa, mana mening tuyam, u yaqinda tullagan, bo‘yi ham baland. Agarda
soqoli uzunrog‘i kerak bo‘lsa, mana mening takam, naq soqoli ikki qarich. Agar
sizga aqlliroq odam kerak bo‘lsa, mana mening o‘zim. Menga har qancha
savolingiz bo‘lsa beravering, — debdi.
Podsho cho‘ponning bu javobidan keyin:
«— Hay mayli, bo‘lmasa sen elchi ekansan,
nima uchun shahardagi nog‘oralarni yorib tashlading? — deb so‘rabdi.
Cho‘pon:
— Shaharingizda har kuni nog‘ora
chalinadi. Nog‘ora ovoziga bizning yaylovdagi yilqilarimiz hurkib, tek turmay
qo‘ydilar. Nog‘oralarning ovozini o‘chirsam zora yilqilarim tek tursalar, deb
ko‘ringan nog‘oralarni yora berdim, — debdi.
Podsho cho‘ponning javobidan kulib:
— Shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim uzoqda
bo‘lgan otlarning nog‘ora ovoziga tek turmasliklari hech aqlga to‘g‘ri
keladimi? Bu bo‘lmagan gap, — debdi. Cho‘pon ham podshodan:
— Shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim narida
bo‘lgan otlarning kishnashiga shahardagi otlarning beda yemasdan oriqlashlari
hech aqlga to‘g‘ri keladimi? — debdi.
Podshoning o‘ng qo‘l vaziriga bergan
buyrug‘i esiga tushibdi. Bu cho‘ponni so‘z bilan yenga olmasligiga aqli yetib,
cho‘ponga:
— Tila tilagingni! — debdi. Cho‘pon:
— Agar loyiq ko‘rsangiz, menga shu
shahardan besh ho‘kiz terisidek yer bersangiz, — debdi.
Podsho cho‘ponning tilagini nazariga
ilmay, munshisiga qarab:
— Bu cho‘ponning nomiga mening tarafimdan
«besh ho‘kiz terisidek yer berilsin», deb vasiqa qilib ber! — debdi.
Munshi vasiqa yozib muhrlatib beribdi.
Cho‘pon vasiqani olib uyga qaytibdi.
Cho‘pon o‘zi singari uch-to‘rtta do‘stini
yig‘ib, ularga bo‘lgan voqeani aytib berib, so‘ngra:
— Endi men bir ish qilaman, hamma hayron
qoladi, — debdi. Cho‘ponning o‘rtoqlari:
— Qanday ish qilmoqchisan? — deb
so‘rabdilar. Cho‘pon:
— Hammamiz bir bo‘lib, beshta ho‘kiz
topishimiz kerak. So‘ngra men sizlarga qiladigan ishimni aytaman, — debdi.
Cho‘ponlar bittadan ho‘kiz olib kelibdilar. Beshta ho‘kizni so‘yishibdi.
Terilarni bir chekkasidan kanop ip qalinligida qilib qirqibdilar. Teri iplar
tayyor bo‘lgandan keyin, iplar bilan birga bir qancha qoziqchalar olib shahar
qal’asiga kelishibdi. Qal’a bo‘ylab qoziqlarni qoqib qoziqlarga teri iplari
bog‘lab, shaharni aylantirib chiqibdilar. Besh ho‘kiz terisidan qilingan ip
shaharni aylantirib chiqishga yetibdi-yu, shu bilan tamom bo‘libdi.
Cho‘pon o‘rtoqlari bilan shu ishlarni
qilib bo‘lgandan keyin qo‘liga podsho tomonidan berilgan vasiqani olib, podsho
oldiga boribdi. Cho‘pon ta’zimni bajo keltirgach, podshoga qarab:
— Ey podsho, o‘z farmoningizdan
qaytmaysizmi? — debdi. Podsho:
— Muhrim bo‘lsa qaytmayman, — debdi.
Cho‘pon qo‘lidagi vasiqani ko‘rsatib:
— Mana shu vosiqaga binoan shu shahar
butun xalqi bilan meniki bo‘ldi, — debdi.
Podsho hayron bo‘lib:
— Bu so‘zni qanday asos bilan aytasan?
— debdi. Cho‘pon javob berib:
— Agar mening asosimni o‘z ko‘zingiz bilan
ko‘rishni istasangiz men bilan shahar tashqarisiga chiqing, — debdi.
Podsho cho‘ponning so‘zini qabul qilib,
butun amaldorlari bilan shahar qal’asiga chiqibdi. Podsho cho‘ponga.
— Qani, asosingni ko‘rsat? — debdi.
Cho‘pon podshoni boshlab shahar qal’asini
aylantirib, teridan qilingan iplarni ko‘rsatib, shaharni aylanib chiqqanlaridan
so‘ng, o‘rtoqlariga hamma teri iplarni yig‘ishtirib chiqishni buyuribdi.
O‘rtoqlari iplarni yig‘ishtirib kelgandan so‘ng, cho‘pon har bir ho‘kiz
terisining rangiga qarab boshqa-boshqa qilib ajratib, teri iplarni qirqilib
olingan joylariga qo‘yib, har bir ho‘kiz terisini o‘z holiga keltirib podshoga
ko‘rsatibdi. Podsho cho‘ponning aqliga qoyil qolib, o‘zining bergan vasiqasini
qaytarib olishga amaldorlardan uyalib, cho‘ponga:
— Bor, senga shu shaharni berdim, — deb o‘zi shahardan cho‘l tomonga chiqib ketibdi. Podsho amaldorlari o‘sha yerda cho‘ponga podsholik tojini kiydirib, karnay-surnaylar chaldirib, o‘rdaga kelishibdi. Shunday qilib cho‘pon shaharga podsho bo‘libdi. Yordamlashgan to‘rtta cho‘ponni o‘ziga yordamchi qilib, ularni yaramas amaldorlar o‘rniga tayinlabdi. Zindonda yotgan begunoh kambag‘allarni ozod qilibdi. O‘zi odil podsho bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi.
