
Bir bor ekan, bir yo'q ekan. Qadim
zamonda bir kambag'al chol va kampir bo'lgan ekan. Ularning farzandi yo'q ekan.
Bir kuni chol o'tin to'playotib og'ir uf tortibdi. Yo'lda o'tib ketayotgan
kishi cholning yoniga kelib:
- Ha,otaxon,nega uf
tortayapsan? Yo'qchilik charchatdimi? — deb so'rabdi.
-
Qashshoqlikka-ku ko'nikkanman, ammo befarzandlik dardi ichimni
kuydiradi, — debdi xo'rsinib chol.
Shunda haligi kishi, otajon men sizga bir
giyoh beraman. Xotiningiz shuni damlab ichsin, ana shunda qizlik bo'lasizlar,
debdi va ko'zdan g'oyib bo'libdi. Chol sevinib o'tinini terib uyiga boribdi va
bo'lgan voqeani xotiniga so'zlab beribdi. Kampir chol bergan giyohni damlab
ichibdi. Oradan 9 oy, 9 kun o'tib, chol va kampir qizlik bo'lishibdi. Chol
xursand bo'libdi. Chaqaloqning husni jamolini ko'rgan chol unga Guljamol deb
ism qo'yibdi. Ular qizlarini oq yuvib, oq tarabdilar. Qiz nihoyatda
sohibjamol bo'lib voyaga yetibdi. Guljamol kunlardan bir kuni maymunjon tergani
o'rmonga boribdi. O'sha kuni mamlakat podshohining o'g'li ham ov qilish
uchun o'rmonga borgan ekan. U Guljamolni bir ko'rishda yoqtirib
qolibdi. Shahzoda saroyga borib bo'lgan voqeani otasiga so'zlab beribdi.
Podshoh g'azab bilan:
-
O'g'lim, ular kambag'al, sen esa snahzodasan. Qizsening tenging emas, o'z
qadringni bil, — debdi.
Shahzoda juda xafa bo'lib:
-Otajon men uylansam shu qizga uylanaman,
-debdi va ko'kragini zaxga berib
yotib olibdi. U bir necha kun hech
kim bilan gaplashmabdi va hatto ovqat ham yemabdi. Kundan-kunga rangi somondek
sarg'ayibdi. Bu holni ko'rib podshoh
maslahat qilishga vazirni chaqiribdi va bo'lgan
voqeani so'zlab beribdi. Vazir biroz
o'ylab so'ngra javob qilibdi:
-Podshohi olam, o'g'lingiz shu qarorga
kelgan bo'lsa, majbur qila olmaysiz.
Vazirning gapi podshohga ma'qul bo'libdi.
Podshoh bir oz o'ylab turib so'ngra javob qilibdi:
- Mayli, men o'g'lim uchun hamma narsaga
tayyorman, chunki o'g'lim ko'zimning oqu qorasi, yakkayu yolg'izimdir.Bu ishni
senga topshiraman, o'zing borib aniqlab kelasan.
Vazir shu kuniyoq qizning uyiga boribdi. U
qizning chevarligini, aqlli, dono va orastaligini, hovlining
saranjom-sarishtaligini o'z ko'zi bilan ko'rib qaytibdi. Vazir bu gaplarni
podshohga yetkazibdi. Podshoh qiznikiga sovchi yuboribdi.
Qizning otasi sovchilarni xushmuomalalik
bilan kutib olibdi. Qizning pazandaligi dasturxonga qo'yilgan taomlardan ham
bilinib turarkan. Sovchilar chol va kampirni chaqirib, qizingizga qulchilikka
keldik, debdilar. Chol, qizimning ixtiyori o'zida, u rozi bo'lsa men nima qila
olardim deb, qizini chaqiribdi, qiz odob bilan salom beribdi. Chol qizidan:
-Senga qulchilikka kelishibdi, nima
deysan,- deb so'rabdi.Shunda qiz:
-Men roziman, lekin, bir shartim bor. Awal
shahzoda biror bir hunarni o'rgansin. To'y qilish qochmas,- debdi.
Sovchilar bu gapni podshoga yetkazibdilar.
Podsho qizning donoligiga tan berib, o'g'lini shaharning eng mashhur
duradgoriga shogirdlikka beribdi. Bir yilu olti oy deganda hamma havas qilgudek
usta bo'lib yetishibdi. Bahrom hunarini sevgilisiga ko'rsatish uchun naqshinkor
darvoza yasabdi. Yigitning mahoratiga tan bergan qiz to'yga rozilik beribdi.
Podshoh qirq kechayu, qirq kunduz to'yu tomosha qilib, Bahromga Guljamolni olib
beribdi. Ular uzoq yillar baxtli hayot kechirib, murodu maqsadlariga
yetibdilar.
