Dehqon haqidagi ertak
Bir dehqon qo‘sh haydab turgan ekan, podshoning
qushbegisi ot minib katta yo‘ldan o‘tib qolibdi. Dehqonga ko‘zi tushib:—
Hormang! — debdi.
Dehqon eshitsa ham o‘zini eshitmaganga solib, «xo‘sh, jonivor!»
deb ho‘kizlarini qaytarib, yerni hayday beribdi. Bek: «Qulog‘i karmi buning,
nega indamaydi yoki bu chol meni pisand qilmayaptimi», deb o‘ylabdi va yana
unga qattiqroq: «Hormang!» debdi. Dehqon boshini bir qimirlatib, yana ishini
davom ettiraveribdi. Bek g‘azablanib jo‘nab ketibdi. Qo‘rg‘onga borib,
xizmatkorlariga buyruq beribdi.
— Boringlar, o‘sha dehqonning qo‘lini
orqasiga bog‘lab, shu yerga haydab kelinglar!
Girandalar dehqonni ushlab, qo‘lini
orqasiga bog‘lab, bek qoshiga olib kelishibdi. Dehqon bekni
ko‘rib:
— Assalomu alaykum,
bor bo‘ling, bor bo‘ling, — debdi. Bek:
— Ey ahmoq chol,
qo‘ling orqangga bog‘landi, oldimga kelding, endi o‘lishingni bilding. Dalada
ikki marta «Hormang», desam ham «Bor bo‘ling», demading, — debdi.
Shunda dehqon:
— Taqsir, o‘sha
vaqtda ekadigan yerimning obi-tobi joyida edi, bor bo‘ling, deyishga ham vaqtim
yo‘q edi. Bir tobidan qochmasin, dedim. Endi oldingizga keldim, qancha «bor
bo‘ling» kerak bo‘lsa, ola bering — debdi.
— Bir botmon yerdan
qancha g‘alla olasan? — debdi bek. Dehqon:
— Taqsir, agar
ikkita yaxshi ho‘kizim, bir xizmatkorim bo‘lsa, bir botmon yerdan ikki yuz
botmon g‘alla olaman, — debdi.
Bek:
— Agar bir botmon
yerdan ikki yuz botmon g‘alla olsang olganing, bo‘lmasa, boshing o‘limda,
moling talovda, — debdi-da, bu so‘zni xatga yozib, muhr bostirib beribdi.
Ana endi dehqon bir
botmon yerni mo‘ljallab, tizza bo‘yi qilib haydatibdi, tuprog‘ini almashtirib
tobiga keltiribdi. Dehqon yerga oq jo‘xori ekibdi. Jo‘xorilar ikki quloq
bo‘lganda orasiga lavlagi ham sepibdi. Lavlagi dum tortibdi, har bir lavlagi
tagiga chelak-chelak go‘ng solibdi. Lavlagi barg chiqarganda, bitta qo‘ymay
barglarini yulib olibdi. Jo‘xori ham yetilib shamol bo‘lsa, takalagi
bir-biriga urilib shovillay boshlabdi. Lavlagining har bittasi
ko‘zaday-ko‘zaday bo‘lib yetilibdi. Dehqonning hosili yetilib tayyor bo‘libdi.
Bek va amaldorlari kelib:
— Qani, dehqon, bir
botmon yerdan ikki yuz botmon hosil olganingni ko‘rsat-chi! — debdi.
Dehqon oq jo‘xorini
yig‘ib, yanchib, o‘lchatib qarasa, yuz botmon chiqibdi. Shunda bek:
— Ikki yuz botmon
hosil olaman degan eding-ku, qani qolgan yuz botmon hosil? — debdi.
Dehqon:
— Shoshmanglar,
hozir ekinimning bolasini oldinglar, onasi hali yerda yotibdi, — debdi.
Bekning
xizmatkorlari lavlagini yig‘ib olib qarashsa, har qaysisi ko‘zaday-ko‘zaday
kelar emish. Ularni o‘lchashsa ikki yuz yigirma botmon chiqibdi. Bek dehqon o‘z
mo‘ljalidan ziyoda hosil olganini ko‘rib, alamiga chidolmay, g‘azablanib:
— Sen shuncha
hosilni nima qilasan, bu hosil beklikka kerak, — debdi va xizmatkorlariga:
— Bu hosilning
uchdan biri qoldirilib, qolgani qo‘rg‘onga olib ketilsin! — deb buyuribdi.
U otini minib, qo‘rg‘on tomonga qarab jo‘nabdi. Dehqon mo‘l hosil olish yo‘lini bilsa ham, o‘z mehnatining natijasidan mahrum bo‘lib qola beribdi.
