
Sobiq
sho'rolar davrida yozilgan ilmiy, tarixiy va geografiyaga oid kitoblardaAfanasiy
Nikitinning Hindistonga sayohati eng zo'r geografik ahamiyatga
molik tarzdagi tashviqot fanda bo'rttirib kelindi. Holbuki, miloddan avvalgi
Katta Xorazm, So'g'd, Baqtriya kabi ilk davlatchiligimiz davrlaridan
Hindistonga ko'plab savdo karvonlari uzluksiz qatnab turgan. Ular bilan sayyohlar, tarixchilar, olimlar, adiblar
ham Osiyoning ushbu go'zal va afsonaviy mamlakatini o'z ko'zlari bilan
ko'rganlar. Bu mamlakatning aholisi, tabiati, tarixi va madaniyati haqida
qiziqarli ma'lumotlar to'plab, ularni kitobat holiga keltirib, xalqni
tanishtirib borganlar. Ana shunday o'zbek sayyohlaridan biri, ko'plab Sharq
tillarini bilgan tarixchi va geograf olim Mahmud ibn Vali edi. U o'z
vatandoshlaridan Abu Rayhon Beruniy, Zahiriddin Muhammad Boburning shu sohadagi
an'analarini XVII asrda davom ettirdi.
Mahmud ibn Vali asli farg'onalik. Otasi amir Vali Shayboniy
Pirmuhammadxon (1546—1567-yy.) zamonida xizmat yuzasidan Balxga borib qolgan.
Mahmud ibn Vali o'sha yerda tug'ildi, o'qidi, voyaga yetdi. U xassos shoir va
ulkan qomusiy olim sifatida nom qoldirdi.
U bolaligidan ilmga mehr qo'ydi.
1614-yili madrasani tamomlagach, otasi uni balxlik mashhur fiqh olimi sayyid
Mirakshoh Husayniyga shogird qilib berdi.
Ustozi vafot etgandan keyin (1624-yili)
Mahmud ibn Vali o'z uyiga qaytdi. Lekin biron xizmatga kirmadi. Madrasada va sayyid
Mirakshoh Husayniydan olgan bilimlarini chuqurlashtirish va mustahkamlash uchun
boshqa mamlakatlarni borib ko'rishga ahd qildi. Sayohat uchun u Hindistonni
tanladi.
1625-yilning iyul oyida u Balxdan
Hindistonga borayotgan savdo karvoniga qo'shilib, o'sha mamlakat sari yo'lga
chiqdi. Karvonning yo'li Kobul, Peshovar va Lohur orqali o'tdi va ular
1625-yilning noyabr oyi boshida Dehliga yetib keldilar. Mahmud ibn Vali safarga
chiqqanlariga besh oy bolgandan keyin, 1625-yilning noyabr oyi ikkinchi yarmida
Lohurga keldi. Karvon ahli shaharning katta karvonsaroylaridan birida to'xtadi.
Olim shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi va uning mashhur
shoirlari va ulamolarining suhbatlarida bo'ldi. Mahmud ibn Vali Lohurdagi
mashhur Hofiz Rahna bog'i haqida hikoya qilarkan, uning nihoyatda katta
xushmanzara va tarovatli ekanligini aytdi. «Mazkur bog',— deb hikoya qiladi u,—
qariyb ming jarib maydonni egallagan. Uning bir tarafi Jamna daryosiga tutash.
Bu bog' Bog'i Eram bilan bemalol bellasha oladi».
Mahmud ibn Vali Dehlida hammasi bo'lib
uch kun turdi. Shunga qaramay, uning diqqatga sazovor joylarini borib ko'rishga
ulgurdi. Bu shaharda ham Lohurdagi singari masjid-u madrasalar, xonaqohlar va
karvonsaroylar ko'p ekan. So'nggi kuni Nizomiddin avliyo, Xisrav Dehlaviy, xoja
Hasan Dehlaviy va Humoyun podsho mozorlarini borib ziyorat qildi.
Mahmud ibn Vali Haydarobodda hamrohlari
bilan xayrlashdi va Kalokutga jo'nab ketdi. U yerdan Sarandibga borish va uning
barcha ajoyibot-u g'aroyibotlari qatori Odam Atoning rivoyatlarda naql qilingan
qabrini borib ziyorat qilishni ko'pdan beri orzu qilib yurar edi. Hamrohlari
safarning xavf-xatarliligini aytib, uni bu yo'ldan qaytarmoqchi bo'ldilar.
Kalokutga kelganining ertasi kuni Mahmud
ibn Vali, sherigi Siddiq qipchoq bilan farangiylarning kemasiga tushib Sarandibga jo'nab
ketdi. Lekin kema hali qirg'oqdan bir milya ham uzoqlashmasdan qattiq dovul
turdi va kemani tamom boshqa tomonga surib ketdi. Ahvol shu tariqa bir
kecha-kunduz davom etdi. Kemachi farangiylar botir, mohir yigitlar ekanlar,
dovul bilan qattiq olishib, kemani halokatdan saqlab qoldilar. Dovul tindi,
lekin kechqurun boshqa falokat yuz berdi. Kutilmaganda yonboshdan chiqib qolgan
boshqa bir kema ziyoratchilar tushgan kemani to'xtatdi. Yuziga niqob tortib olgan
odamlar arqon tashlab kemaga o'tib oldilar va uni egallab, shatakka olib,
qayoqqadir sudrab ketdilar. Mahmud ibn Vali bunday odamlar, ya'ni dengiz
qaroqchilari haqida ko'p bor eshitgan edi. Yonida hang-mang bo'lib turgan
Siddiq qipchoqqa buni batafsil tushuntirdi.
— Alarni purot deydilar, birodar.
Bo'lari-bo'ldi, endi. Alardin yaxshilik kutma! Lekin hamma narsa xudodin.
Peshonamizga yozilg'oni bo'ladi.
Qisqasi, ilk saharda, quyuq tuman
tushgan bir paytda, kema Gang daryosi okeanga kelib quyiladigan joyga yaqin bir
yerda qirg'oqqa kelib urildi. Shu zahotiyoq qayoqdandir bir to'da qurollangan
hindlar paydo boldilar. Falokatga uchragan kemadagilarni — sayyohlarni ham,
farangiylarni ham asir olib, qol-oyoqlariga kishan soldilar. Faran-giylardan
biri qattiq so'kinib, soqchiga musht ko'targan edi, uni shu yerning o'zida otib
tashladilar. Yana bir farangiy soqchiga tashlanmoqchi bo'lgandi, u ham
hindilarning nogahon o'qiga giriftor bo'ldi.
— Hammasi tamom,— dedi Mahmud ibn Vali
hamrohiga qarab.
Qo'riqchi hind «bular ham bir narsani
boshlamoqchi bo'lsalar kerak»,— degan gumon bilan ularga miltiq o'qtaldi.
Mahmud ibn Vali bilan sherigi «biz
sizlarga yomonliq qilmoqchi emasmiz»,— degan ma'noda hindga qarab qo'l
qovushtirdilar. Shundan keyin qo'riqchi miltig'ini tushirdi.
Bandilar o'sha kecha shu yerda -
qirg'oqda tunadilar. Ertasi kuni nonushtadan keyin ularni shu atrofga
joylashgan Gang shahrining bozoriga haydab ketdilar. Qul bozori qizigan payt
edi. Musulmonlarni sotib oluvchilar bo'ldi, farangiylar oldiga esa hech kim
bormadi. Siddiq qipchoq norg'il yigit edi, tezda sotilib ketdi. Mahmud ibn
Valini esa choshgohda shinamgina kiyingan hind yigit ming rupiygasotib
oldi. U shahar hokimi Boqiyxonning xizmatkori ekan. U bo'lg'uvchi qulni sotib
olishdan avval, ikki-uch marta uning oldiga kelib uni boshdan oyoq diqqat bilan
ko'zdan kechirdi. So'ng sotib olib, xojasining uyiga olib bordi. «Boqiyxon ibn
Mustafobek,— deb yozadi o'z «Esdaliklari»da Mahmud ibn Vali,— mo'min musulmon,
she'r, insho, tarix, musiqa va boshqa ilmlarda zamonasining yagonasi ekan».
Boqiyxon musofirga xushmuomalada bo'ldi va uyida olib qoldi. Olim bir kuni
yangi xojasi chaqirtirib qolganda, Boqiyxonga Golkondada turgan vaqtida yozib
tamomlagan «Risolayi Bihoriya» («Bihor haqida risola») degan asarini taqdim
qildi. Shundan keyin hokimning hurmati unga yanada oshdi. Lekin, nimagadir uni
huzurida olib qolmadi. Ko'p vaqt o'tmay, Mahmud ibn Valini inisi Mirza Husaynga
berib yubordi. Mirza Husayn ham og'asiga o'xshab o'qimishli kishi ekan. U
olimga yaxshi munosabatda bo'ldi. Mirza Husayn uni bolasiga muallim va
tarbiyachi qilib tayinladi. Mahmud ibn Vali ikki yil Mirza Husaynning xizmatini
qildi. Shu vaqt ichida u shahardagi olim-u shoirlar orasida tanildi.
Boqiyxon bir kuni nonushtadan keyin
inisinikiga kirib keldi.
— Qani bo'l, musofir! Bir yerga
borib kelamiz. Mahmud ibn Vali boshda tasodifiy taklifdan bir oz
cho'chidi. Keyin o'zini tutib oldi, taqdirga tan berib qolgan emasmi? «Hamma
narsa Tangri taoloning amrisiz bo'lmaydi»,— dedi u ichida. So'ng apil-tapil xon
ustidagi qog'oz, davot qalamlarini yig'ishtirdi va Boqiyxonning orqasidan
ergashdi.
— Men seni, musofir, yaxshi yerga
olib boraman,— dedi u yo'lda, — Pirimizning gaplarini aslo qaytara ko'rma. Sen
unga yoqib qolibsan. Xo'p, de! Faqat, xo'p! Keyin xursand bo'lasan.
Mehmonlarni eshik oldida xizmatkor kutib
oldi va Pirning huzuriga yetaklab kirdi. Pir qandaydir bir kitobni mutolaa
qilib o'ltirgan ekan, oyoq sharpasini eshitib ko'zini kitobdan oldi. Hokim va
uning mehmoni hindilarning urf-odati bo'yicha, Pir bilan quyuq ko'rishdilar.
So'ng Pir ularga yonidan joy ko'rsatdi. Xizmatkor dasturxon yozib, taom
keltirdi. Taomdan keyin Pir ostonada turgan xizmatkorga ko'zi bilan ishora
qildi. U qulluq qilib tashqariga chiqdi va hiyol o'tmay, taxminan o'n olti yoshdan
sal oshgan bug'doy yuzli ko'hlikkina bir hind qizini yetaklab kirdi. Qizcha
avval Pirga, keyin uning mehmonlariga salom berdi.
So'ng, Pir hammani bir-bir ko'zdan
kechirib chiqqach, hokimning mehmoniga qarab dedi:
— Ko'rib turibman, ahli musulmon
va yaxshi odamga o'xshaysan, menga yoqib qolding. Qizimni senga tortiq qildim,
ol! Senga yaxshi tanmahram bo'ladi.
Mahmud ibn Vali shitob bilan o'rnidan
turdi va Pirga ikki bukilib qulluq qildi...
Oradan uch kun o'tgach, Boqiyxon katta
to'y-tamosha qilib berdi va Mahmud ibn Valini hind qizi Mansuraga uylantirib
qo'ydi...
Oradan ikki yil o'tdi. 1628-yili
Boqiyxon bilan Mirza Husayn Mahmud ibn Valiga xotini va bir yashar o'gii
Maqsudni qo'shib, yurtiga ketishlariga ijozat berdilar.
Mahmud ibn Vali xotini, o'g'li va
Boqiyxon qo'shgan ikki xizmatkor bilan o'sha yilning avgust oyida Agraga
keldilar. Yaqinda taxtga o'ltirgan Shohjahon olimni hurmat-ehtirom bilan kutib
oldi. Mahmud ibn Vali podshoga «Risolayi Bihoriya» kitobining bir nusxasini
taqdim qildi. Podsho olimga bosh-oyoq sarupo va kumush egar-jabduq urilgan ot
sovg'a qildi. So'ng xos mulozimlari qatoriga qabul qildi. Olim podsho saroyida
bir yil istiqomat qildi va ko'p yalinish-yolvorishlardan keyin undan ruxsat
olib, 1629- yili yurtiga jo'nab ketdi.
Mahmud ibn Vali Balxga Panjob orqali qaytmoqchi bo'ldi. Seiston,
Xuroson, ayniqsa, poytaxt shahar Hirotni ziyorat qilib o'tmoqchi edi. Lekin
yo'lda, Bagar qal'asida to'xtab, shu yerda bir yilcha turib qolishga majbur
bo'ldi. Sababi qish barvaqt tushib, qattiq sovuq boshlandi. Bagarda turganida
olim o'zining 6000 baytdan iborat «Axloqi Husayniy» degan falsafiy asarini
yozib tamomladi...
Mahmud ibn Vali Balxga 1630-yili qaytib
keldi. Nadr Muhammadxon olim va sayyohni Balxga kelgan kunining ertasigayoq
qabul qildi. Chunki o'sha kezlari Buxoro va Balx xonligining Hindiston bilan
munosabatlari Badaxshon tufayli ancha keskinlashib qolgan edi. Shu sababdan xon
Hindistondagi ahvolni undan yaxshilab surishtirib bilmoqchi edi. Ularning
suhbati o'sha kuni uzoq davom etdi. Suhbat oxirida Nadr Muhammadxon Mahmud ibn
Valiga saroyda qolib, shu yerda xizmat qilishni taklif qildi. Lekin olim
ko'nmadi. Bir fursat o'ylanib turib, tavoze bilan xonga javob qildi:
— Iltifotingiz uchun qulluq,
a'lo hazrat! Mutolaa qilaturg'on va yozaturg'on ishimiz ko'p.
— Unda nima istaysiz, taqsir? —
deb so'radi xon.
— Agar yo'q demasangiz, kutubxonayi
xosda jorubkashlik yumushini ado etsak.
Bu taklif xonga ma'qul bo'ldi. Mahmud
ibn Vali xon kutubxonasiga kitobdorlik lavozimiga tayinlandi.
Mahmud ibn Vali umrining oxirigacha shu
boy kutubxonada xizmat qildi. Yangi asarlar yozdi. «Bahr ul-asror» («Sirlar
dengizi») nomli yetti jildli qomusiy asar va «Hindiston sayohatnomasi» shular
jumlasidandir.
IZOHLAR
Afanasiy Nikitin — tver (Rusiya)lik mashhur savdogar va sayyoh.
1469-yili Hindistonning Vijayanagar viloyatiga borgan.
Rupiya —
hind puli. O'sha paytda bir so'm oltin pulga teng bo'lgan.
Sarandib —
Hindistonning janubida joylashgan Siylon oroli: hozir Shri Lanka deb ataladi.
