
Dehqonchilikdagi yutuqlar Qadimgi Turon diyorida zamonasining buyuk
davlatlaridan Qang’ (Kanguy) podsholigi va uning janubiy hududida Kushon
podsholigi ravnaq topgan davrda yuksalish boshlangan edi. Bu o‘zgarishlar
albatta mamlakat aholisining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotida
muhim o‘zgarishlarga olib keldi. Dehqonchilik vohalarida shaharlarning soni ko‘paydi.
Shaharlar kengayib, hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniy hayotning markaziga
aylandi. Vohalar bo‘ylab, ayniqsa sersuv azim daryo adoqlarida qator yirik
sug’orish tarmoqlari qazilib, sug’orma dehqonchilik maydonlari kengaydi. Suv
tegirmoni, chig’ir va charxparraklar kabi o‘z davri uchun anchagina murakkab
suv inshootlari kashf etildi. Oqar suv
sathidan birmuncha balandlikda joylashgan maydonlarga suv chiqarib obod etildi.
Ziroatchilikda g’allakorlik va polizchilik bilan bir qatorda paxtachilik va
bog’dorchilik maydonlari kengaydi. Ekinlarga ishlov berish sohasida orttirilgan
ziroatkorlarning ekin maydonlarni sug'orish va ishlov berishdagi asriy tajribalari tufayli
aholi dehqonchilikdan mo‘l hosil oladigan bo‘ldi. Ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar
Bu davrda shaharlarda aholining gavjumlashuvi, hunar-mandchilikning rivoj
topishi, ichki va tashqi savdoning kengayishi bilan shubhasiz, qishloq xo‘jalik
mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib shaharlar, tevarak-atrofdagi
qishloqlarning hududlari tobora kengayib bordi. Natijada mamlakatning iqtisodiy
hayotida muntazam xomashyo yetkazuvchi sifatida qishloqlarning nufuzi ko‘tarilib,
bir tomondan yerga, xususan ziroatkor maydonlarga bo‘lgan munosabat, ayniqsa
ularga egalik qilish udumlari asta-sekin o‘zgara boshladi. Ikkinchi tomondan
esa, o‘troq ziroatkor aholi bilan chorvador qabilalar o‘rtasidagi aloqalar
rivojlandi. Mamlakatning dasht va tog’ oldi mintaqalarida yashovchi ko‘chmanchi
va yarim ko‘chmanchi aholining o‘troq hayotga o‘tishi kuchaydi. Oqibatda
dehqonchilik uchun yaroqli obikor yerlarga bo‘Igan muhtojlik tobora oshib bordi.
Natijada qo‘riq va bo‘z yerlarga suv chiqarib katta-katta yer maydonlarini
ochish ishlari jadallashdi. Bunday obodonchilik ishlarini amalga oshirishda
el-yurtning ijtimoiy hayotida kattagina nufuzga ega bo‘lgan mulkdor va quldor
tabaqa vakillari, qishloq oqsoqollari hamda urug’ va qabila boshliqlari
ishboshi sifatida faol qatnashadilar. Qo‘riqlarda ochilgan yangi yer
maydonlarining ma'lum bir ulushi o‘sha zamon udumi bo‘yicha, qonuniy ravishda
sarkorlar qo‘liga o‘tadi va ularning vorisiy mulkiga aylanadi. El-yurtning
ijtimoiy hayotidagi bunday xizmati tufayli omilkor sarkorlarning ziroatkor
aholi o‘rtasida obro‘-e'tibori va ta'siri yanada kuchayadi. «Dehqon»lar va
ular xo‘jaligidagi hayot Sarkorlar o‘zlariga tegishli yer maydonlarini
sug’orish tarmoqlarining yuqori qismidan, ayniqsa to‘g’on boshi atrofidan
ajratib oladilar. Bu yo‘l bilan ular suvdan dehqonchilikda bemalol foydalanish,
suv taqsimotini nazoratga olrb, qishloq aholisi ustidan o‘z tazyiqini o‘tkazish
imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa ular qishloqlarda o‘z tazyiq doirasini
kengaytirib, bora-bora ziroatkor aholi ustidan hukmronlik qila boshlaydi.
Shuning uchun ham ular ilk o‘rta asrlarda «dehqon», ya'ni «qishloq hokimi» nomi
bilan shuhrat topadi. Dehqonlar o‘rta asrlarda endigina shakllana boshlagan
yangi ijtimoiy munosabatlarning o‘rnatilishi oqibatida, qadimgi mulkdor tabaqa
bag’rida dunyoga kelgan va yanada boyib feodallashib borayotgan quldor katta
yer egalari edi. «Dehqon» lar odatda shaharlarda hashamatli qasr va saroylarga,
savdo va hunarmandchilik do‘kon-u rastalaridan iborat kattagina xo‘jalikka ega
edilar. Qishloqlarda esa, ekinzor paykallardan tashqari, ularning ko‘shk va
istehkomli qo‘rg’onlari, objuvoz-u moyjuvoz va tegirmonlari bo‘lardi. Qul, cho‘ri,
yetim-yesirlardan iborat Ko‘pdan-ko‘p xizmatkorlar dehqonlarning ulkan
patriar-xal xo‘jaligida qishin-yozin, kecha-yu kunduz beorom mashg’ul edi.
Bulardan tashqari, har bir katta yer egasining mol-u jonini qo‘riqlab, uni
ichki va tashqi yovlardan muhofaza qiladigan 30—40, 50—100 va ba'zan undan
ortiq qurollangan harbiy yigitlari bo‘lgan. Ular «chokar» deb atalardi.
Chokarlar baquwat va abjir hamda o‘z valine'matiga sadoqatli o‘spirinlardan
tanlab olingan. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, o‘sha davr udumi bo‘yicha,
hojasi vafot etgan chokarlar hatto u bilan birga tiriklayin go‘rga ko‘milishi
lozim bo‘lgan. Bunday sodiq va jangovar chokarlari bilan dehqonlar yovgarchilik
paytlarda dushmanga qarshi harbiy yurishlarda qatnashardi. Osoyishtalik zamonda
esa chokarlarga suyanib, qishloqning ozod ziroatkor ahli ustidan o‘z hukmlarini
yur-gizishga harakat qilardilar. Dastlabki dehqon (feodal) munosabatlar
Avvalda o‘z qaramog’idagi xizmatkorlari mehnatidan foydalanib kelgan dehqonlar,
keyinchalik turli yo‘llar bilan qishloq jamoalari ustidan hukmronlik qiladigan,
bora-bora ular kuchidan foydalanadigan bo‘ldilar. Dehqonlarga qaram bo‘lib
qolgan qishloqning mehnatkash ahli bu davrda «kadivar», ya'ni qishloq qo‘rg’onida
yashovchilar nomi bilan yuritilgan. Shunday qilib, mamlakatda ilk o‘rta asrlar
mulkchiligi munosabatlarining shakllanishi bilan qishloq jamoalari ichida yirik
yer egalari bo‘lmish dehqonlar bilan bir qatorda o‘z erkidan mahrum bo‘lgan,
mutlaqo yersiz va mulksiz kambag’al ziroatchi tabaqa — kadivarlar paydo bo‘ladi.
Ular ilk o‘rta asrlarning ijtimoiy hayotida dunyoga kelgan va yerdor dehqonlar
tabaqasiga qaram bo‘lgan qishloq jamoasining, yangi mehnatkash, mazlum
aholining vakillari edi. Mamlakatda yer-suv mulkchiligining xususiyligi ortib,
feodal munosabatlarning mustahkamlanib borishi bilan qishloqning mulksiz va
erksiz ziroatchi mazlum ahli — kadivarlarning soni ko‘payib, dehqonchilik xo‘jaligining
asosiy ishlab chiqaruvchi kuchlarining biriga aylanadi. V asming o‘rtalariga
kelib, garchi ekin yerlarining ma'lum bir qismi mulkdor dehqonlar va majusiy
ruhoniy — kohinlarning qo‘l ostidagi mulklardan iborat bo‘lsa ham, ammo
ziroatkor vohalardagi obikor yerlarning asosiy qismi hali ham qishloq
jamoalarining qaramog’ida edi. Ziroatchi jamoalaming oddiy mehnatkash a'zolari
«kashovarz», ya'ni yerni haydovchi — yerni omoch bilan ag’daruvchi — «qo‘shchi»
deb yuritilardi. Dehqonchilik mahsulotlarining deyarii asosiy qismi mana shu qo‘shchi-kashovarzlarning
mashaqqatli mehnati bilan yetishtirilar edi. Shunday qilib, ilk feodal
munosabatlarning tarkib topishi bilan mamlakatning ijtimoiy hayotida keskin o‘zgarishlar
sodir bo‘ldi. Patriarxal qishloq jamoalari ijtimoiy jihatdan tabaqalanib, u
yerli mulkdor dehqon va unga qaram bo‘lgan yersiz va erksiz mazlumdiydalarga
ajralib ketdi. Shu bilan birga dehqonchilik vohalaridagi qishloq jamoalari
yerlarida yashab kelgan hamda yer va suvdan iborat umumiy mulkka ega bo‘lgan
erkin ziroatchilar — qo‘shchi-kashovarzlarning ma'lum bir qismi jamoa
yerlaridan mahrum bo‘ldi. Ularning yerdor dehqonlarga qaram mazlum —
kadivarlarga aylanish jarayoni kuchaydi. Ayrim dehqonchilik vohalarining katta
yerlariga ega bo‘lgan dehqonlari o‘z viloyatlarida hatto mustaqil hokim bo‘lib
oladilar. Xullas, milodning I ming yilligi o‘rtalarida qadimgi Turon
aholisining ijtimoiy va iqtisodiy hayotida sodir boigan bunday keskin o‘zgarish
mamlakatning mayda davlatlarga boiinib ketishiga sabab boiadi.
