
«Ko'kaldosh» madrasasi Toshkent shahridagi
tarixiy obidalardan biri sanaladi. Muhammad Solih Qoraxo'ja Toshkandiyning
«Tarixi jadidayi Toshkand» kitobida «Ko'kaldosh» madrasasini Darveshxon
qurdirganini yozadi va shu kitobining ba'zi joylarida madrasani Darveshxon
madrasasi deb ham ataydi. Madrasa 1551-1575 yillar orasida qurib ishga
tushirilgan. Bunga dalil sifatida tarixchilar 1569-1570 yillarda yozilgan
vaqfnomani keltiradilar. Unga ko'ra, Toshkent hokimi Sulton Darveshxon
bir karvonsaroyni madrasaga vaqf qilib bergani aytilgan. «Ko'kaldosh» madrasasi
Chorsu maydonidagi Shahriston tepaligida Xo'ja Ahror Valiy jome' masjidining
yonida an'anaviy sharq uslubiga rioya qilib bunyod etilgan. Uning keng
hovlisi hujralar va ochiq ayvonlar bilan o'ralgan. Hujralar soni 38 ta bo'lib,
dastlab qurilganda madrasa uch qavatdan iborat bo'lgan. Bosh fasad janubga
qaragan, darvozadan kiraverishda chapda masjid, o'ngda darsxona joylashgan.
Masjid va darsxonaning usti o'zaro kesishgan ravoqlar ustiga o'rnatilgan
qo'sh ichki va tashqi gumbazlardan iborat bo'lgan. Peshtoq sirkor parchin va
jilva naqshlar bilan bezatilgan. XVIII asrga kelib qarovsiz qolgan madrasa karvonsaroy
sifatida foydalanilgan. 1830-1831 yillarda Toshkent hokimi Lashkar
Beglarbegining davrida darsxona va masjid o'ngidagi nurab to'kila boshlagan
zangori gumbazlari va ikkinchi qavatning g'ishtlari ko'chirib olinib, hozirgi
kunda buzilib ketgan Beglarbegi madrasasi (bozorning yuqori qismida)ning
qurilishida ishlatilgan. 1866-1886 yillarda ro'y bergan zilzila natijasida
madrasa peshtoqining yuqori qismi qulab tushadi va madrasa vayronaga aylanadi.
1902-1903 yillarda Toshkent shahri aholisining xayriya mablag'lari hisobidan
ta'mirlash ishlari olib boriladi. Mablag' etishmasligi sababli ta'mirlash
ishlari to'xtab qolib, yodgorlik o'zining avvalgi holatiga qaytarilmadi.
Ko'kaldosh madrasasi va uning yonidagi Xo'ja Ahror Valiy jome' masjidi 1865
yilda General Chernyaev boshchiligidagi Toshkentni zabt etishda qattiq
shikastlandi. 1886 yili rus muhandislari tomonidan xonaqolar va jome'
masjid qayta ta'mirlanish natijasida o'zining dastlabki me'moriy ko'rinishini
tamoman yo'qotdi. Vaqt o'tishi bilan o'zaro urushlar, kuchli zilzilalar,
binolarning turli maqsadlarda foydalanishi, bir necha bor qayta ta'mir
qilinishi va qayta tiklanishi madrasaning dastlabki haqiqiy go'zalligini,
muhtashamligini asta-sekin yo'qotib borgan. Ayniqsa, XVIII asrning boshlarida
madrasa tashlandiq holatga kelib qolgan. Shu asrning oxirida esa, karvonsaroy
maqsadida foydalanilgan. Kommunistik mafkuraning hukmronligi davrida madrasa
binosi umuman qarovsiz qolib ketgan: xonalar omborxona, yotoqxona, har xil
ustaxonalar sifatida foydalanilgan.
Tabiiy emirilish darajasida ham ta'mirlash ishlari olib borilmadi.
Davlat tomonidan olib borilgan ta'mirlash ishlaridagi suiste'molchilik
vamas'uliyatsizlik madrasaning yanada ayanchli holatga tushishiga olib keldi.
1974 yilda qabul qilingan madrasani qayta tiklash to'g'risidagi loyihalar
loqaydlik sababli surunkasiga bajarilmay keldi. Madaniyat vazirligining
ma'lumotiga ko'ra 1985 yildan 1991 yilgacha ta'mirlashga sarf qilingan mablag'
347.2 ming so'mni tashkil etgan. Mustaqillik davrida madrasaning sharqiy
tomonidagi jome' masjid yonidan o'tgan ichimlik suvi quvurining yorilishi
natijasida madrasani ikki marta suv bosib, janubiy qismi zaxlab, sho'rlanib
ketdi. Ushbu devorlar ostida poydevor bo'lmaganligi sababli 2002 yilda qaytadan
g'ishtlari almashtirilib, yangi poydevor qo'yildi. «Ko'kaldosh» madrasasi sobiq
SSSR Ministrlar Sovetining 1990 yil 29 dekabrdagi №4372 sonli qaroriga asosan,
1991 yil 3 iyunda O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi
(hozirgi O'zbekiston musulmonlari idorasi) tasarrufiga topshirildi. Shu vaqtdan
boshlab madrasaning umumiy ta'mirlanishi uchun tayyorgarlik ishlari boshlab
yuborildi. Ilk bor mustaqillik davrida marhum Erkin Saidaxmedov madrasa uchun
o'z mablag'lari bilan faol ishtirok etib, keng ko'lamda ta'mirlash ishlarini
boshlab berdi. So'ngra bu xayrli ishni marhum Naim ota Jo'raev davom ettirib,
ko'zga ko'rinarli darajaga etkazdi. Naim ota davrida madrasaning shimoliy va
janubiy peshtog'i, ichki va tashqi tomonlari dastlabki holatiga keltirildi.
Abdurasul Xudoyberganov davrida madrasaning g'arbiy qismidagi xonaqolarning
barchasi hamda bino tashqarisining shimoliy-g'arbidagi tahoratxona buzilib,
loyihada ko'rsatilganidek binoning birinchi qavati poydevor asosida qaytadan
bunyod etildi. So'ngra 1954 yildan beri ta'mirlanmagan eshik derazalar qayta
ta'mirdan chiqarildi. Madrasaning sharqiy qismidagi binolarning ikkinchi qavati
tiklanib, usti yopildi. 1996 yilgacha bajarilgan tiklash va ta'mirlash ishlari
asosan, xalqning xayr-ehsonlari hisobiga bajarilgan. 1996 yildan boshlab
ta'mirlash ishlari shahar hokimining Toshkent shahari ta'miri uchun ajratgan
qurilish ashyolari hisobidan bergan yordami hamda O'zbekiston musulmonlari
idorasi va madrasaga tushgan xayr-ehsonlar orqali amalga oshirilgan.
Mustaqillik davridagi ta'mirlash ishlarida Buxorolik Ahror Asqarov va Madaniyat vazirligi yodgorliklarni saqlash instituti
muhandisi, «Ko'kaldosh» madrasasi qurilish loyihasi muallifi va ta'mirkor usta
Mirobid Mirzoahmedov kabilar katta xizmat qildilar. Mazkur ko'hna bilim dargohida
ko'plab olimu fuzalolar dars berganlar, tahsil olganlar. XVI asrda Toshkentda
ishlab turgan Xoja Ahror jome'i, Baroqxon va «Ko'kaldosh» madrasalarida o'z
zamonasining mashhur olimlaridan Shamsiddin Muhammad Kurtiy, Xoja Yusuf
Qoshg'ariylar dars berganlar. O'zbek mumtoz she'riyatining vakillaridan shoir
Muhammad Aminxo'ja Muqimiy har gal Toshkentga kelgan vaqtlarida (1880-1890)
«Ko'kaldosh» madrasasida istiqomat qilgan. 1889-1891 yillar mobaynida
shahrimizda yashagan mashhur shoir Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat
ham ushbu madrasada istiqomat qilib, ta'lim olgan va ijod bilan shug'ullangan.
Shuningdek Hamza Hakimzoda Niyoziy ham 1910-1911 yillarda madrasa hujralaridan
birida istiqfomat qilgan. O'zbek orifona she'riyatning ulkan namoyondasi –
shoir Xaziniy ham Toshkentga kelgan paytlarida albatta «Ko'kaldosh» madrasasida
to'xtab, mudarris va talabalar bilan ko'plab ajoyib suhbatlar qurgan. XIX asr
oxiri XX asr boshlaridagi o'zbek she'riyatining taniqli vakillari: Mullo
Qo'shoq Misniy, Sayid Xaybatullo Xo'ja Xislat, Sirojiddin Sidqiy Xondaliqiylar
ham Ko'kaldosh madrasasida tahsil olganlar. Mashhur ulamolarimizdan Sayid
Mahmud Taroziy, Oltinxon To'ra, Yunus Maqsudiy va Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon
hazratlari ham XX asr boshlarida tahsil olib, ilm pillapoyalarida yuksalib
borishgan. Madrasada Islom dini qonun-qoidalari, arab va fors tili
grammatikasi, adabiyot, odob-axloq, matematika, geometriya, astronomiya kabi
fanlar o'qitilgan.darslar arab va fors tillaridagi kitoblar bo'yicha
o'qitilgan. Madrasani bitirib chiqqan ilm ahllari arab, fors va turkiy tillarni
mukammal o'rganganlar, yuzlab g'azallar, minglab baytlarni yoddan bilganlar,
madrasa hujralarida yotib qur'oni karimni yod olganlar. Ba'zi ma'lumotlarda keltirilishicha hadis
ilmining yurtimizda yana qayta jonlanishiga turtki bo'lgan ulamolarimiz orasida
Shomiy domla deb shuhrat topgan – Suriyalik atoqli ilohiyot olimi Shayx
Muhammad ibni Said ibni Abdulvohid al-Asaliy ash-Shomiy at-Tarablusiy hazratlari ham bir muncha
muddat madarasa hujralaridan birida istiqomat qilib, talabalarga dars bergan.
Ushbu madrasa faoliyat boshlanganidan buyon 1999 yilga qadar «Ko'kaldosh
madrasa masjidi» deb nomlangan. 1999 yilda O'zbekiston musulmonlari idorasi
tomonidan yangi Nizom tasdiqlanib, 1999 yil 18 avgustda O'zbekiston
Respublikasi Adliya Vazirligida rasmiy ro'yxatdan
o'tgandan so'ng «Ko'kaldosh Toshkent islom o'rta maxsus bilim yurti» deb
nomlandi. Bilim yurti 1999 yil 10 oktyabrda maxsus ruxsatnoma olib, 1
noyabrdan rasmiy faoliyat ko'rsata boshladi. Mustabid tuzum asorati
tanazzulga yuz tutgan bu an'ana buyuk istiqlol bergan erkinlik tufayli va
xalqimizning milliy diniy qadriyatlarga cheksiz sadoqati natijasida
asta-sekinlik bilan qayta jonlana boshladi. Bu jonlanish Ko'kaldosh madrasasida qayta ochilgan o'rta maxsus islom bilim yurti
timsolida yaqqol ko'rinadi. Bilim yurtida Qur'on, hadis, sarf, nahv, mutolaa
kabi diniy ilmlar bilan bir qatorda o'zbek tili va adabiyoti, tabiat,
jug'rofiya, ingiliz tili, fizika, matematika, astronomiya, informatika va boshqa dunyoviy
fanlar ham o'qitiladi, bu ishga malakali mutaxasislar jalb etilgan. Elimizning yuzdan ortiq diniy ilmga mushtoq
farzandlarini o'z quchog'iga olgan «Ko'kaldosh» Toshkent islom o'rta maxsus
bilim yurtining oldidagi vazifalari aniq va ravshan. Ya'ni, Vatanimizdagi
barcha o'quv muassasalari qatori iymon-e'tiqodi butun, irodasi baquvvat, ajdodlarimizning nodir
ma'naviy meroslarini chuqur o'rgangan va zamonaviy tafakkurga ega komil
insonlar tarbiyalash, xalqimizning ixlosidan hamda ma'naviy jabhada bo'shlik
paydo bo'lganidan foydalanib, islom
niqobi ostida o'zlarining g'arazli maqsadlarini amalga oshirishga
urinayotgan kimsalarga qarshi o'laroq hamyurtlarimizning diniy savodxonligini
oshirish va shu yo'lda xizmat qiluvchi zamonaviy etuk ulamolar tayyorlashdir.muhim
vazifalarimizdan yana biri - bu ko'hna binoda zamon talablariga javob beradigan
eng yaxshi o'quv jihozlari bilan jihozlangan, yangi tipdagi islom bilim yurtini
barpo qilishni poyoniga etkazish. Bu vazifani amalga oshirishda bilim yurtining
fidoyi murabbiylari, mudarrislari va barcha jamoa bor imkoniyatlarini ishga
solib tinmay harakat qilmoqdalar va doimo ijodiy izlanishdadirlar.
