SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Iyul 2019
YaDuSeChPaJuSh
 123456
78910111213
14151617181920
212324252627
28293031   
Arslonхon Minorasi

Arslonхon  Minorasi

Arslonxon a'yonu mulozimlar e'tiroziga ham quloq solmadi. Uni ikki navkar biri bosh, ikkinchisi oyoq tarafidan ko'tarib, zinalardan masjid tomiga olib chiqishdi. Bu yerdan minora yonboshiga tashlangan ko'prikcha qarshisida eshik ochilgan edi. Navkarlar xonni avaylab minora ichiga kiritishdi va qo'lida mash'al ko'targan yasovul ortidan nim qorong'ulikda ehtiyotkorlik bilan aylanma zinadan tepaga ko'tarila boshlashdi. Borgan sayin minora ingichkalashib, pillapoyalar torayib, chiqish qiyinlashardi. Nihoyat, minoraning tepadagi yana kengaygan qismiga chiqishdi. Marmar qoplangan aylana sahnda o'n oltita ravoqli darchadan chor atrof kaftdagidek yaqqol ko'zga tashlanadi. Biroz nafasini rostlagan xonni sahn bo'ylab aylantirishdi. Xon har bir darchadan pastda yastangan shahri azimga yutoqib tikilar, go'yoki Buxoroning suvratini ko'z qorachiqlariga joylab olmoqchi bo'lar edi. Xonning unsiz ko'z ishorasiga ko'ra, uni sahnga o'tirg'izib, yonboshiga yostiqlar qo'yishdi. Usta Baqo yoniga cho'kkaladi. —  Olloh bergan bu dardga noshukrlik etmasmen, usta, — dedi Arslonxon mahzun tortib. — Meni yigirma yetti yil ulug' bir mamlakat taxtiga o'tirg'izgan, ulkan bunyodkorliklarga izn berib, xalqning duosiga sarafroz etgan Olloh endi dard yuborganida, dilimdan zarracha noshukrlik o'tsa, bu qulini bandam demasin. Axir, Parvardigor o'z payg'ambari Ayub alayhissalomga sinov tariqasida dard va musibatlar yuborganda, hazrat Ayub chidab, shukr etganlar-ku! Ul zotning qadami Buxoroga ham tekkan. Hassalarining uchidan hosil bo'lgan chashma suvidan hamisha ixlos bilan ichganmen. Ulug'lar hayoti va bardoshi biz uchun ibratdur, albatta. Faqat bir armonim o'zim bilan ketadigan ko'rinadir. Paykandni — besh asr ilgari Qutayba vayron etgan qadimiy shaharni qayta obod etmoqchi, bir vaqtlardagi kabi Buxoroyu Samarqand qatorida turuvchi ulug' shaharga aylantirmoqchi edim. Afsus, nasib etmadi... —  Hali imkon bo'lur, xoqonim. Ajab emas, dard bergan egam shifosini ham bersa. — Qaydam, usta, bu niyatimni ro'yobga chiqarish amrimahol, shekilli. — Xon bir muddat uzoqqa tikilgancha jim qoldi. — Sog'lom paytimda siyosatimdan qo'rqib, ulug'u kichik amru farmonlarimni so'zsiz bajarardi. Falajga mubtalo bo'lishim bilan, lashkar beklari orasida: "Arslonxon butun xazinani qurilishlarga, xarobalarga suv chiqarish uchun ariqlar qazishga sovurmoqda. Oqibatida lashkar maoshi kechikmoqda. Xon xazinadan yaxshi maosh berolmasa, biron yurtga g'azotga boshlab borsa bo'ladi-ku!" — degan gap-so'zlar tarqalib, fitna etilayotgani xabarini yetkazishdi. Albatta, fitna urug'i avvaldan mayjud bo'lib, fitnachilar qulay fursatni kutib yurishgan. Darhol Paykanddagi qurilishlarni to'xtatib, bor mablag'ni lashkarning maoshini oshig'i bilan to'lashga sarfladim. Shunday qilmaganimda fitnalar bo'roni qo'zg'alib, saltanatda parokandalik yuz bermog'i mumkin edi. Yangi fitnalarning oldini olish uchun men to'ng'ich o'g'lim Nasmi xon deb elon qildim. Alhol, poytaxtga borib, toju taxtni unga topshirmoqchimen. — Qaroringiz odilona va oqilonadur, a'lohazrat, — tasalli berishga shoshildi usta Baqo. — O'g'lingiz taxtga o'tirgach, o'git va yo'1-yo'riqlaringiz asosida yurtni boshqarur. Inshoolloh, shahzoda siz boshlagan xayrli ishlarni oxiriga yetkazur. —  Afsus, men bunday deb o'ylamasmen. — Xon yana nigohini ko'z ilg'amas kengliklarga qadadi. — Yoshligimdan ulug' donishmand Yusuf Bolosog'uniyning "Qutadg'u bilik" asarini sevib o'qirdim. "Qutadg'u bilig"da hukmdor xalq farovonligi va osoyishtaligini ta'minlashi, vazirlar bu ishda unga tayanch bo'lishlari lozimligi aytilgan. Biroq beklaru vazirlar, qoraxoniylar xonadoniga mansub shahzodalar orasidan meni anglaguvchi odamni kam topdim. Shu bois ulardan birini emas, seni ushbu suhbatga chorladim. Yaqinlarimdan faqat qizim Mohiturkon meni anglardi. Uni saljuqiylar poytaxti Marvga kelin qilib uzatayotganimda: "Ona qizim, xazinadan xohlagan narsangni olib ket", — dedim. Qizim shunday javob berdi: "Otajon, mumkin bo'lganida sizni va onajonimni olib ketardim-u, buning iloji yo'qligini bilamen. Amr qilsangiz, kotiblar siz qo'ldan qo'ymay o'qiydigan "Qutadg'u bilik" kitobidan bir nusxa ko'chirib bersalar. Men har gal uni qo'lga olganimda, hoynahoy, otajonim ham hozir shu kitobni o'qiyotgan bo'lsalar kerak, deb sizni o'ylaymen". Bir kuni qizimdan iztirobli maktub oldim. U malika sifatida eriga maslahat beribdi: "Shohim, poytaxtingiz Marvda katta madrasa qurdirsangiz. Ilmli odamlar ko'plab yetishsa va davlat ishlariga olinsa, saltanat ravnaq topur". Sulton Sanjar qizimni kalaka qilib, qah-qah urib kulibdi: "Otang Movarounnahrning barcha yeriga yomg'irdan keyingi qo'ziqorindek imoratlar qurib tashlayotgani yetmagandek, endi sen Xurosonni qurilish maydoniga aylantirmoqchimisen? Aqlli bir hukmdor xazinani qurilishga emas, lashkarni ko'paytirishga sarflaydi". Bu ko'nglimga og'ir botdi. Farzandim ezgu niyatda bo'lsa-yu, uni tushunishmasa. Darhol Marvga mablag' va maktub jo'natib, qizimga: "Sen o'zing xohlagan tarhda madrasa qurilishini boshlayver, to bitgunicha mablag' bilan ta'minlash mening zimmamda", dedim. Qizimdan: "Otajon, qurilish boshlandi, yoshu qari marvlik sizni duo qilishmoqda", degan javob kelganida taxtga chiqqan kunimdagidan ham ko'proq quvonganmen. Agar bilsang, menga vorislikka eng munosib nomzod — qizim Mohiturkon. Sendan o'tinchim shuki, Namozgohni bitkazishga shoshil. Samarqandga yetishim bilan xazinadan qolgan zarur mablag'ni jo'natamen. Bu masjid xalq uchun g'oyat zarur. Xayrli imoratlar bunyod etish qodir Ollohga ham maqbulligiga dalillardan biri shuki, katta bobom Shamsulmulk o'zi uchun Shamsobodda qurdirgan tillakori saroy bir asr o'tmay vayron bo'lib ketdi-yu, karvonlar va yo'lovchilar manzilgohi sifatida cho'l o'rtasida qurdirgan Raboti Malik hanuz el koriga yaramoqda. Bu menga dars bo'lib, Buxoroda qurgan saroyimni ham madrasaga aylantirdim. Endilikda Olloh menga og'ir dard yuborgan bo'lsa-da, xalq xizmatini bo'ynimdan soqit qilgani yo'q. Bu Buxoroyi sharif bilan so'nggi diydorlashuv. Bugun Qorako'l darvozasidan kirgan bo'lsam, ertaga Samarqand darvozasidan chiqib, suyukli shahrimni mangu tark etamen. Namozgoh bitgach, masjidning ochilish marosimiga shahzodalardan biri kelib, xizmatlaringni taqdirlaydi, albatta. — Xotirjam bo'ling, hazrat, ilk g'ishtini o'zingiz qo'yib berganingiz Namozgohni albat bitkazurmiz, — dedi usta Baqo ovozi titrab. — Hozirgi damda xazinadan katta mablag' ajratish mushkulligini qulingiz yaxshi anglaymen. Minorani qurganimizda nisoretgan in'om-ehsoningiz tufayli hanuzgacha hech narsaga zoriqmay ro'zg'or tebratib kelmoqdamen. Binobarin, Namozgoh qurilishi uchun menga va'da qilganingiz haqdan voz kechamen. O'sha pulga masjidning bir ustuni tiklansa, qulingiz uchun eng katta haq shudir. Muhandisu me'morlik kasbini egallagan o'g'illarim va jiyanlarim ham maoshsiz ishlay olurlar. Arslonxonning mijjalarida yosh yiltiradi. Qo'lini zo'rg'a ko'tarib, memorning yelkasiga qo'ydi...

Administrator
Sayt administratori
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.

Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan