
Turon xalqlarining
ahamoniylar bosqiniga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan jasur sarkarda. Qadimgi
yunon tarixchisi Gerodotning “Tarix” (mil. avv. V asr) asarida yozilishicha,
Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II mil. avv. 530-yilda Turonga bostirib
kirganida, To‘maris massagetlar qabilasining malikasi bo‘lgan. Massagetlar bu
paytda Amudaryo (Araks) bo‘ylari va Qizilqumda yashashgan. To‘maris massagetlar
podshosining xotini bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng davlatni boshqargan. Erondan kelgan bosqinchilar
qo‘shini bilan massagetlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lgan. Dastlabki
jangda To‘marisning o‘g‘li Sparangiz (Sparganis) boshchiligidagi massagetlar
g‘olib chiqqan. Biroq keyingi jangda forslar hiyla yo‘li bilan Sparangiz va
ayrim massagetlarni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Sparangiz o‘zini
o‘ldirgan. To‘maris o‘g‘lining halokatidan esankirab qolmay, o‘z xalqining
manfaatini o‘ylab, Kir II dan massagetlar yurtidan chiqib ketishini so‘raydi.
Biroq forslar shohi rad javobini bergach, ikki o‘rtada ayovsiz jang bo‘lgan.
Gerodot massagetlar va forslar o‘rtasidagi jang tafsilotlarini o‘z asarida
quyidagicha tasvirlaydi: “Mening bilishimcha, bu jang varvarlar o‘rtasidagi
barcha janglardan ham dahshatli bo‘lgan. Avval har ikkala qo‘shin bir-birini
uzoq masofadan turib, kamondan o‘qqa tutdilar. Kamon o‘qlari tugagach, ular
nayza va qilich bilan kurashdilar. Jang uzoq vaqt davom etdi. Ko‘p qon
to‘kildi. Nihoyat, massagetlar g‘alaba qozondilar. Fors qo‘shinlarining asosiy
qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok bo‘lgan. U to‘liq 29 yil
shohlik qilgan edi. Kir II ning jasadi topilgach, malika (To‘maris)ning
buyrug‘i bilan uning kesilgan boshi inson qoni bilan to‘lg‘azilgan meshga
solingan”.
