SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
ARXIV
Iyun 2023
YaDuSeChPaJuSh
    123
4567910
11121314151617
18192021222324
252627282930 
Chingizxon xuruji

XIII asr boshida Sharqda ikki qudratli hukmdor — Xorazmshoh Alovuddin Muhammad va Chingizxon katta harbiy-siyosiy kuchga aylanib, jahondorlikka da'vo qila boshladilar. Xorazmshoh Alovuddin Muhammad Xorazm, Movarounnahr, Afg'oniston, Eron va Iroqning sharqiy qismiga hukmdor edi. Lekin u bu bilan qanoatlanmay, Iroqning qolgan qismi va Xitoyning g'arbiy qismiga, ya'ni Koshg'arga ham da'vo qila boshladi. Chingizxon esa Mo'g'uliston va Shimoliy Xitoyni o'z hukmiga bo'ysundirgandan keyin, butun dunyoni zabt etish payiga tushdi.  Xorazmshoh Alovuddin Muhammad hukmronligi davrida karvon yo'llari qaroqchi va yo'lto'sarlardan tamom tozalandi. Savdo karvonlari mamlakatlararo cho'chimasdan qatnay boshladilar. Mamlakatda tinchlik va osoyishtalik qaror topdi. Mo'g'ullar xuruji arafasida Xorazmshoh katta qo'shin bilan Hamadonda turgan edi. Maqsadi Iroqning qolgan qismini ham bo'ysundirish va Bag'dodni olib, xalifa an-Nosirni taxtdan tushirish edi. Chingizxon esa Mo'g'uliston tevaragidagi o'lkalar va Shimoliy Xitoyni egallab, naymanlar yo'lboshchisi Kushlukxonga qarshi kuch to'playotgandi. Ko'rib turibsizki, har ikkala hukmdorning maqsadi bitta — butun dunyoga hukmron bo'lish. Ammo har ikkalalari ham maqsadlarini bir-birlaridan yashirar edilar. Chin­gizxon asta-sekin xorazmshohlar davlati chegarasiga yaqinlashar ekan: «Bordi-keldi qilaylik, savdo-sotiqqa rivoj beraylik, og'a-ini tutinaylik», - degan maktub va katta sovg'a-salom bilan Xorazmshoh huzuriga elchilar yuborardi. Oxiri Chingizxonning bir maktubi Xorazmshohga og'ir botdi. Maktubda u Xorazmshohga: «Qimmatli o'g'lim va musulmonlarning sarasi», - deb murojaat qilgan. Xorazmshoh ayniqsa, «o'g'lim» deganiga chidolmadi. Shundan keyin u ham ochiqchasiga urushga tayyorlana boshladi. Oxiri ikki o'rtadagi munosabatlar o'zgardi. 1218-yili Chingizxon xorazmshohlar davlatiga 500 tuyaga ortilgan ko'p mol-mato bilan katta savdo karvoni va elchilarini jo'natdi. Karvonni O'tror hokimi Inalchiq tutib qoldi va Xorazmshohga chopar yuborib, yuz bergan ahvoldan uni xabardor qildi. Xorazmshoh Inalchiqqa karvonni musodara qilishni, elchilar va karvon ahlini esa o'ldirishni buyurdi. Chopar qaytib kelishi bilan Inalchiq o'sha kechasiyoq Chingizxonning odamlarini yo'q qilishga jazm qildi. Karvondagilardan bittasi bundan oldinroq xabar topib, O'trordan qochdi va Chingizxon qarorgohiga borib unga voqeani bayon qildi. Bu xabar xonga shu qadar qattiq ta'sir qildiki, belidagi kamarini va boshidagi tumog'ini olib yelkasiga osdi va o'zini yerga otib zor-zor yig'ladi. Bir fursatdan keyin o'rnidan turib, shu atrofdagi bir tepalik ustiga chiqib, uch kechayu uch kunduz ibodat qildi va xudoga iltijo qildi: «Ey, ulug' parvardigori olam! Ey, turk bilan tojikni yaratgan xudo! Fitnani qo'zg'agan men emasman. Menga kuch-qudrat bag'ishla, toki undan o'chimni olay!» Shundan keyin ikki o'rtada urush boshlandi. Xorazmshoh Chingizxonning yurishidan xabar topgach, Iroqi Ajamni, ya'ni G'arbiy Eronni o'g'li Rukniddinga topshirib, Hamadondan Nishopurga keldi. Lekin harbiy holat e'lon qilib, qo'shin to'plash va shoshilinch ravishda dushmanga qarshi yurish boshlash o'rniga Nishopurda bir oy kayfu safo qilib yotdi. Keyin Buxoroga va undan Samarqandga keldi. So'ng Sirdaryo bo'ylariga bordi. Xullas, har ikki taraf bir-biri bilan to'qnashdilar. G'alaba mo'g'ullar tarafida boldi. Ko'p odam o'ldi. Xorazmshohning o'zi asir tushib qolishiga sal qoldi. Uni bu falokatdan o'g'li Sulton Jaloliddin saqlab qoldi. Shundan keyin Xorazmshoh mo'g'ullar bilan ochiq olishishga boshqa jur'at qilolmadi. Xo'jand, Buxoro va Samarqandga o'xshash yirik shaharlarda o'z amirlarini qo'shin bilan qoldirib, o'zi Amudaryoning narigi tarafiga o'tib ketdi. Chingizxon bu shaharlarni bittama-bitta jshg'ol qildi. Avval O'trorni, keyin Jandni, Banokatni, Xo'jandni, Buxoroni, Samarqandni, Nasafni, Termizni egalladi. Xorazmshohning shaharlarda qoldirgan amirlari esa qal'a ichiga kirib olib, hech qanday tashabbus ko'rsatmay, qo'rqib-pisib o'tirdilar. Ular birlashmadilar, xalqni kurashga safarbar qilolmadilar. Oqibati esa yomon bo'ldi — gullab-yashnab turgan farovon mamlakat mo'g'ullar oyog'i ostida qoldi.   Temur Malik. Mo'g'ullarga qarshi kurashgan qahramon amirlardan biri Xo'jand hokimi Temur Malik boldi. U mo'g'ullar shaharga yaqinlashib qolgach, Sirdaryo o'rtasidagi orolni mustahkamladi:- qal'a bino qildi, usti sirkali loy bilan shuvalgan namat o'ralgan o'q o'tmas 12 ta kema yasatdi. Ularga mohir o'qchilar va nayzador askar-larni o'tqizdi. Ular daryodan o'tmoqchi bo'lib, daryo sohiliga kelgan mo'g'ullarni o'qqalutar va ularni orolga yaqinlashtirmas edilar. Mo'g'ullarning soni bu yerga haydab keltirilgan 50 ming hasharchi bilan 70 ming kishini tashkil qildi. Shu tariqa kurash davom etdi. Lekin mo'g'ullar Temur Malik va uning yigitlarini yenga olmadilar. Xo'jandni qamal qilib turgan mo'g'ullarga boshqa yerlardan yordam keldi. Juda ko'p manjaniq va yonuvchi suyuqlikni yondirib otuvchi qurollar olib kelindi. Shundan keyin mo'g'ullar oroldagilar ustiga tinimsiz olov yog'dira boshladilar. Natijada Xo'jand mudofaachilarining ahvoli og'irlashdi. Temur Malik bor askari, qurol-aslahasi va ko'ch-ko'ronini 70 ta kemaga ortib, kechasi orolni tashlab, daryoning oqimi bo'ylab suzib ketdi. Mo'g'ullar Temur Malik Xo'jand mudofaachilarini Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan Jand va Barchin-lig'kentgacha qirg'oqdan ta'qib qilib bordilar. Lekin, qancha urinishmasin, baribir, ularni tutolmadilar. Shundan keyin Jo'chixon Barchinlig'kent yonida daryoga ko'prik soldirib, ko'prik ustiga va daryoning ikki qirg'og'iga manjaniq va neft otuvchi moslamalarni o'rnattirdi. Pistirmadan o'tib olish mushkul edi. Shuning uchun Temur Malik ko'prikka yetmasdan odamlari bilan qirg'oqqa tushdi va Xorazm poytaxti Gurganjga qarab yo'l oldi.  Mo'g'ullar bir necha kun Temur Malik va uning bahodir yigitlarini ta'qib qilib bordilar, lekin ularni tutolmay, orqaga qaytishga majbur bo'ldilar. Temur Malik esa qolgan odamlari bilan eson-omon Gurganjga yetib oldi va ko'p vaqt Jaloliddin Manguberdi bilan birga bo'ldi. Keyin Shorn (Suriya)ga borib, u taraflarda qo'zg'olonchilar bilan birga bo'ldi. G'alayonlar bostirilib, mo'g'ullar bu mamlakatlarni tola o'z tasarrufiga olganlaridan keyin yurtini sog'inib, Xo'jandga qaytdi. U ona shahrida mo'g'ullar tomonidan o'ldirilgan.

IZOHLAR

Alovuddin Muhammad — xorazmshohlar davlatining oliy hukmdori (1200—1220-yy.).

O'tror — Sirdaryoning o'ng sohilida, Aris soyi bo'yida joylashgan yirik o'rta asr shahri.

 

Administrator
Sayt administratori
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.
Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan