SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
ARXIV
Dekabr 2023
YaDuSeChPaJuSh
     12
345689
10111213141516
17181920212223
24252627282930
31      
Turkiy xalqlar hayoti. Turon va Eron

Qadimiy ajdodlarimiz bo'lgan sak, massaget, dah va boshqa qabilalar birlashib, hozirgi Turkiston hududida qudratli mamlakatlarni vujudga keltirganlar. Bu yerlar eng qadimgi davrlarda Turon, ya'ni turkiy xalqlar yashagan o'lka deb atalgan. Amudaryoning chap sohilidagi yerlar esa Eron nomi bilan mashhur bo'lgan. Fors xalqlari yashagan Eron ham qadimgi davlatlar jumlasiga kiradi. Turon va Eron mamlakatlari orasida tez-tez to'qnashuvlar bolib turgan. Bular haqida ko'pgina tarixiy asarlarda va buyuk fors shoiri Firdavsiyning «Shohnoma» asarida ko'p ma'lumotlar bor. Ajamning sharqiy tomonidagi Turon o'lkasi Afrosiyob­ning ixtiyorida edi. Ajamning g'arb tomonidagi Hijoz bilan Yaman Kaykovusga qarashli edi. Eron bilan Turon o'rtasi-dagi chegara Jayhun (Amudaryo) orqali o'tardi. Kaykovus bir o'g'il ko'rdi. Uning ismini Siyovush qo'ydilar. U mashhur sarkarda Rustamning qo'lida tarbiya topdi. Siyovush 20 yoshga to'lgach, uni otasining oldiga olib keldilar. Kaykovus o'giining ko'p kasb-hunar o'rganganligi, ayniqsa harbiy ilmni yaxshi egallaganligi va xush odobini ko'rib terisiga sig'may suyundi. Rustamning maslahati bilan uni Afrosiyobga qarshi borayotgan qo'shinga boshliq qilib jo'natdi. Eronliklar bilan turonliklar o'rtasida qattiq urush bo'lib, ko'p odam o'ldi. Siyovush Afrosiy­obning taklifi bilan sulh tuzdi va bu haqda otasiga xabar qildi. Lekin Kaykovus sulhga rozi bo'lmadi va o'g'lidan norozi bo'ldi. Shundan keyin Siyovush otasining oldiga borolmaydigan bo'lib qoldi. Endi nima qiladi? O'ylab-o'ylab u Afrosiyob tarafiga o'tishga qaror qildi. Afrosiyob Siyovushni katta hurmat-ehtirom bilan qabul qilib, o'ziga kuyov qilib oldi. Eron qo'shini esa yurtiga qaytib ketdi. Xush odobi va jasurligi bilan Siyovush qaynotasining saroyida yaxshi obro'-e'tibor qozondi. Obro'si kundan-kunga ortib bordi. Oxiri Afrosiyob undan cho'chiy boshladi. Yaqinlarini to'plab, o'rtaga maslahat soldi va ularning maslahati bilan Siyovushni yo'qotishga qaror qildi va uni o'ldirdi. Siyovushning xotini (Afrosiyobning qizi) o'g'il farzand ko'rdi. Unga Kayxusrav deb ism qo'ydilar. Oradan bir oz vaqt o'tgach, Kaykovus Siyovushning o'ldirilganidan xabar topdi. Dod-faryod ko'tardi. Afrosiyobdan darg'azab bo'ldi, lekin Afrosiyobga qarshi darhol urush qilishga jazm etolmadi. Oradan bir necha yil o'tdi. Kaykovusning Gudarz ismli lashkarboshisi bor edi. U bir kuni tushida mana bu holni ko'rdi: keksa bir odam unga: «O'g'ling Gevni darhol Turonga jo'nat, borib Siyovushni olib kelsin», - dedi. Gudarz tushini Kaykovusga borib aytdi. Kaykovus shu zahotiyoq Gevni Turonga jo'natdi. Gev Turonda yetti yil turdi. Ko'p qidirib va surishtirib Siyovushning o'g'li bilan onasini topdi va ularni olib, Eron sari yuzlandi. Afrosiyob bundan xabar topib, 300 kishilik otliq qo'shinni Piyron boshchiligida ularning ketidan jo'natdi. Ikki o'rtada qattiq urush bo'ldi. Oqibatda Gev g'alaba qozondi. Piyron asir olindi. Gev uni o'ldirmoqchi bo'ldi, lekin Kayxusrav (Siyovushning o'g'li) uning yaxshiliklarini eslab bunga yo'l qo'ymadi. « Piyronning qonini ichaman, deb qasam ichganman», — dedi Gev. Kayxusrav unga: «Yaxshisi qulog'ining bir uchini kesib qonini so'r, shunda qasaming ham buzilmaydi. Piyron ham omon qoladi», - dedi. Gev shunday qildi va Piyronni qo'yib yuboradi. Gev Siyovushning o'g'Ii va bevasi bilan eson-omon Kaykovusning oldiga yetib bordilar. Siyovushning o'ldirilishi ko'p zamonlar Eron va Turon o'rtasida qonli urushlarga sabab bo'ldi. Bu urushlarda yagona g'olib bo'lmadi. Bir safar Eron lashkarlari g'olib kelsa, ikkinchi safar Turon askarlarining qo'li baland keldi. 

Turk qavmlari bayoni. XI asrda yashagan buyuk tilshunos olim Mahmud Koshg'ariy «Devonu lug'otit turk» nomli uch jildli yirik qomusiy asarida qadimgi turkiy xalqlar hayoti, urf-odati, til xususiyatlarini batafsil tasvirlab bergan. Quyida shu asardagi fikrlarga tayangan holda qadimgi turkiy qavmlar haqida ayrim ma'lumotlar keltiramiz: «Turklar aslida yigirma nafar qabiladan iborat bo'lgan, - deb yozadi Mahmud Koshg'ariy. — Har bir qabilaning son-sanoqsiz urug'lari bor». 

Turk tilining xususiyatlari haqida. Mahmud Koshg'ariyni yozishicha, eng to'g'ri va aniq til faqat birgina shu tilni biladigan, forslar bilan aralashmaydigan va shaharlarga borish-kelish qiladigan odami bo'lmagan kishilarning tilidir. Xo'tanliklar, tubutlar va tangutlarning ba'zilari kabi ikki tilda so'zlashadiganlar va boshqa shaharlarga qatnab yurganlar tilida buzuqlik bordir. Ular bu yerlarga kcyin kelgandirlar... Mochinliklar va chinliklarning alohida tillari bo'lsa ham, shaharliklari turkchani yaxshi biladilar. Bizlar bilan yozishmalari turkchadir... Uyg'urlarning tillari turkchadir. Lekin o'zlari bir-birlari bilan so'zlashadigan boshqa bir tillari ham bor... Sahroyilardan bo'lgan jumullarning tillari alohidadir. Ular turkchani ham yaxshi biladilar. Shuningdek, qoy, yabaku, totor, bosmil kabilarning har birining tili o'ziga xosdir. So'ngra qirg'iz, qipchoq, o'g'iz, tuxsi, yag'mo, chigil, ig'roq, yaruq tillari faqat turkchadir. Yamoq va boshqird tillari bularga yaqindir...

 

TURKIY QAVMLARNING HAYOTI, MADANIYATI VA URF-ODATLARI

Dunyodagi biron mamlakat kenglikda va kattalikda Turkistonga teng kelolmaydi. Sharqda u Chin bilan, g'arbda Rum bilan chegaradosh. Shimolda uni Ya'juj vaMa'jujlar bilan ajratib turuvchi devor bo'lib, janubda hamma vaqt qor bilan qoplanib yotgan Hindikush tog'lari bilan chegaralanadi. Turkistonda boshqa mamlakatlarda ko'p qadrlanuvchi qimmatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bular totor, tibat va xo'tan mushki, xitoiy va chiniy deb nomlangan qim-matbaho matolar, qizil tusli, oliy navli turk yoquti, tulki, kulrang olmaxon, qunduz, oqsuvsar, bulg'oriy va burtosiy mo'ynalar, oq qayin yog'ochidan tayyorlangan o'q-yoy-lar, tuz, tibat qo'tosining shoxi, lochin va burgutlar, zotli tuyalar va otlar, yashma toshi va boshqalar. Turkiy xalqlarni boshqa xalqlardan ajratib turadigan ayrim narsalar bor. Bulardan biri ularning tili bo'lib, yaxshiligi va e'tiborligi bilan arab tilidan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Hozirda ko'pchilikning uni o'rganish uchun intilishi shu sababdanki, qadimda amirlar va sarkardalarning ko'pchiligi turklardan chiqqan. Hokimiyat ham ularning qo'lida bo'lgan.  Oltin, kumush va boshqa qimmatbaho narsalar ham ularning qo'lida bo'lgan. Oliy nasab kishilar, ulug' mansab egalari va ularning bolalari turkiy amirlar va lashkarboshilar xizmatida bo'lgan. Turklarning eng qadimiy yozuvlari oromiy yozuvlariga asoslangan harfiy yozuvlardan iborat bo'lgan. «Devonu lug'otit turk»da keltirilgan turkiy qavmlarning nomlari quyidagicha: turk, yamoq, qirg'iz, chigil, anmur, qorliq, qiniq, yog'iy, soluk, xalaj, o'g'uz, goy, koy, uran, tuxsi, tibat, qora tibat, soqulay, kimji, kimak, hazor, qora hazor, qipchoq, olti kujot, bijanak, o'g'ul, sotiq, sutuk, totor, qora totor, qangli, barg'u, g'uzz, qora g'uzz, to'qizg'uz, yag'mo, orakun, qiyoq, solg'ir, yozg'ir, rukur, boyandur, ola yondulik, uyg'ur, tug'roq, bayot, tuturg'a, uchiron, suyik, yaboqu, afshon, bokriz bekdili, iqbo, otqo'q, mu'zitar, urul, daftidik, basmil, al-barsxon. Qadimgi manbalarda yozilishicha, «turk» so'zi kuch, qudrat, hokimiyat kabi ma'nolarni bildiradi. Bu so'z milodning V asridan keyin nihoyatda keng tarqalib, ommalashib ketgan.

IZOHLAR

Ajam - arab bo'lmagan mamlakatlar. Bu yerda Eron nazarda tutiladi.

Afrosiyob - turklarning qadimiy podsholaridan.

Jayhun - hozirgi Amudaryoning nomi.

Kaykovus - qadimgi Eronda o'tgan Kayyoniylar sulolasidan chiqqan birinchi podsho. Siyovushning otasi.

Kayxusrav - Kaykovus va Afrosiyobning nabirasi. Siyovushning o'g'li.

Mahmud Koshg'ariy - XI asrda o'tgan mashhur tilshunos olim.

Mochin — Markaziy va Janubiy Xitoy.

Rum - Vizantiya, keyinchalik Turkiya.

Chin mamlakati - Shimoliy Xitoy.

Tamg'a - turklar va boshqa ko'chmanchi xalqlarda chorva mollariga bosilgan maxsus belgi. Har bir qavmning o'z tamg'asi bo'lgan.

Yaman - Arabiston yarim orolidagi mamlakat.

Yajuj Va Ma'juj - Osiyoning shimol tarafida istiqomat qilgan xalq. Rivoyatlarga ko'ra, Iskandar Zulqarnayn ulardan xavfsirab, chegarada mustahkam devor qurdirgan.

Hindukush tog`lari - Afg'onistonning shimoliy qismini markaziy va janubiy qismlaridan ajratib turgan baland tog'lar.

Administrator
Sayt administratori
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.

Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan