
Kunlardan bir kun tulki to‘qayzorda och yo‘lbarsga
duch kelib qolibdi. Yo‘lbars bo‘kiribdi, tulki bo‘lsa qo‘rqqanidan turgan
yerida qotib qolibdi. «Agar uni aldamasam ajalim yetdi», — debdi tulki
o‘ziga-o‘zi. Nima qilish kerak?
Yo‘lbars tashlanay-tashlanay deb turibdi. Shunda
tulki o‘zini qo‘rquvdan emas, kulgidan titrayotgan qilib ko‘rsatib: «Ha-ha-ha!»
deb qulibdi.
Yo‘lbars
hayron bo‘lib yerga o‘tiribdi-da:
— Nega
kulayapsan? — deb so‘rabdi.
— Sen
bechoraning holingga kulayapman-da! — deb javob beribdi tulki zo‘rma-zo‘raki
kulgancha
— Nima?
Senga kulayapman, deysanmi? — deb bo‘kiribdi yo‘lbars.
—
Albatta, senga kulayapman-da! — debdi tulki. — Sen bechora hozir meni yemoqchi
bo‘layapsan, mening bo‘lsa kulgim kelayapti. Ha-ha-ha! Axir sendan endi hech
kim qo‘rqmaydiku! Lekin mendan hamma qo‘rqadi, hatto odamlar ham qo‘rqishadi!
Yo‘lbars
o‘ylanib qolibdi: «Balki uning gapi to‘g‘ridir? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa,
tulkiga tegish xavfli-ku!»
—
Ishonmayotganga o‘xshaysan, — debdi tulki. — Yur, bo‘lmasa, agar odamlar mendan
qo‘rqishmasa, meni dum-pumim bilan yeb qo‘yaqol.
Yo‘lbars
rozi bo‘libdi, so‘ng ikkovlari yo‘lga tushishibdi. Dehqonlar shahardan qaytib
kelayotgan yo‘lga yaqin borishibdi.
— Tez-tez
yur, orqada qolma! — deb qichqiribdi tulki va o‘zi oldinga tushib yuguribdi.
Yo‘lbars
katta-katta qadam tashlab, tulkining orqasidan boraveribdi. Odamlar qarashsa
bahaybat yo‘lbars ular tomon kelayotgan emish. Birdan qiy-chuv ko‘tarib
qichqirishibdida, bor narsalarini tashlab qocha boshlashibdi.
Shunda
baland o‘sgan o‘tlar orasida ko‘rinmay ketgan tulki bo‘ynini cho‘zib yo‘lbarsga
qichqiribdi:
— Xo‘sh,
ko‘rdingmi? Odamlar dumimning uchini ko‘riboq shunchalik Qo‘rqib ketishdi.
Senga hech kim qaragani ham yo‘q!
Ahmoq
yo‘lbars uyalganidan tumshug‘ini quyi solibdida, astoydil xafa bo‘lib o‘z
to‘qayzoriga qarab ketibdi. Endi tulki uning ustidan rostakamiga kulibdi.
