
Bir tentakka otasidan
podsholik meros qolibdi. U tentak gap-so‘zda yo‘q ekan. Biror yig‘ilishda
gapirmoqchi bo‘lsa, maza-bemaza gaplarni gapirib qo‘yar ekan. Bundan vazirlari
ko‘p o‘sal bo‘lishar ekan. Ular bir kuni maslahat qilishib, podshoga shunday
deyishibdi:
— Taqsir, siz gap-so‘zga yo‘qsiz, doim yomon
gaplarni gapirib qo‘yib, odamni o‘sal qilasiz. Endi shunday bo‘lsin,
gapiradigan vaqtingizda bizning og‘zimizga qarab turing, gapingiz durust
bo‘lsa, biz «him» deb qo‘yamiz, gapiraverasiz. Agar gaplaringiz yaxshi
bo‘lmasa, kallamizni qimirlatib «yo‘q» deb qo‘yamiz, gapirmaysiz. Podsho:
— Yo‘q bo‘lmaydi, agar unday qilsalaring, men
bilan gaplashgan odamlar, «Bu podsho hech gap bilmas ekan, vazirlarining gapi
bilan ish tutar ekan», deyishadi. Boshqa yo‘lini topinglar! — debdi. Shunda
vazirlar:
— Bo‘lmasa, siz taxtda o‘tirasiz, biz
oyog‘ingizga ip bog‘lab, taxtning tagi bilan olib kelib ushlab o‘tiramiz.
Durust gapirsangiz ishimiz bo‘lmaydi. Agar yomon gapirsangiz, sekin ipni tortib
qo‘yamiz, — deyishibdi. Podsho bunga rozi bo‘libdi. Ertasiga vazirlaridan biri
kelib:
— Taqsir, bir-ikkita elchi keldi, — debdi.
Podsho:
— Ayt kirsin! — debdi. Ungacha podshoning
oyog‘iga ip bog‘lab qo‘yishibdi. Elchilar ta’zim qilib kirib kelishibdi.
Podsho:
— Xo‘sh, nima xizmat bor? — deb so‘rabdi.
Elchilar:
— Taqsir, bizning podshohimiz «tinchlik bo‘lsin»
deydilar. Bizni, borib shahanshoh bilan «mamlakatning tinchlik, omonligidan
gaplashib kelinglar», deb yubordilar, — deyishibdi.
Shunda podsho turib:
—Ha… Sizlarning mamlakatlaringizdagi mol, otlar
yo‘g‘on-yo‘g‘on tezaklaydimi yoki mayda-maydami? — deb so‘rabdi. Vazirlar ipni
bir tortib qo‘yishibdi. Kelgan elchilar «bu podsho nimaga bunday dedi», deb
hayron bo‘lib turishibdi. Shunda bosh vazir ipni tortibdi-da, o‘rnidan turib:
— Ey, elchilar, agar mamlakatda tinchlik bo‘lsa,
mol, otlar atrofga chiqib yaylovlarda durustroq o‘tlab, qorni ovqatga to‘ysa
durustroq tezaklaydi. Agar mamlakat notinch bo‘lib tursa, shahardan tashqari
chiqqan mollarni bosmachilar so‘yib yeb tursa, hech kim mol, otini tashqariga
chiqarmay qo‘yadi. Unda mol, otlar ham tuzuk ovqat yemay, mayda-mayda
tezaklaydi. Bizning podshomiz ko‘p dono odam bo‘ladilar. Sizlardan ot, mollarni
qanday tezaklashini so‘rash orqali mamlakatingizning tinch-notinchligini
bilmoqchilar,— deb arang to‘g‘rilabdi.
Elchilar javob qilganlaridan so‘ng podsho yana:
— Sizlarning yurtingizda xotinlar tez tug‘adimi?
— deb so‘rabdi. Vazirlarning joni chiqib, ipni yana qattiqroq tortib
qo‘yishibdi. Elchilar javob bermabdilar. Shunda-bosh vazir:
— Taqsirlar, agar mamlakatda tinchlik bo‘lsa,
hamma tinch bo‘ladi, xotinlar ham vaqtida tug‘averadi. Agar mamlakat notinch
bo‘lsa, hamma tashvishda qolib, bola ham odamlarning ko‘ngliga sig‘may qoladi.
Xotinlar ham kam bola tug‘adi, bizning podshomiz mamlakatingizning tinch,
notinchligini shundan ham bilmoqchi bo‘ladilar, — desa, elchilar bunga ko‘p
qoyil qolib:
— Xotinlar ham to‘qqiz oyda bolalab turishibdi,
taqsir! Shohlaring ko‘p seraql, dono odam ekanlar, — deyishsa, podsho turib:
— He, mana bu ip tortarlar bo‘lmaganida, menda
bunaqa gapdan juda ko‘p edi, — degan ekan.
