Internet hamlasi: xavf va himoya
Ayonki, texnik taraqqiyotni to'xtatish mumkin emas:
biz buni xohlaymizmi-yo'qmi, kompyuter texnologiyalari hayotimizda mustahkam
o'ringa ega, kompyuter savodxonligi ko'rsatkichi esa ko'p hollarda insonning
yuqori saviyasini belgilab beruvchi omilga aylanib bormoqda. Bugun kompyuterda
ishlashni bilmaydigan xodimni yaxshi mutaxassis deyish qiyin. Agar o'tgan
asrning 90-yillari o'rtalarida yoshlarning eng sevimli mashg'ulotlari musiqa
tinglash va teleko'rsatuvlar ko'rish bo'lsa, ayni kunda esa kompyuter va internet
avvalgi qiziqishlarni yosh avlod hayotidan siqib chiqardi. Hozirgi zamon
yoshlarining 70 foizi o'z qiziqish va sevimli mashg'ulotlari haqida so'z
yuritganda sport, do'stlar bilan suhbatlashish, ma'naviy va madaniy hordiq
chiqarish chiqarish bilan bir qatorda kompyuter texnologiyalari, internetga
bo'lgan qiziqishini birinchi o'rinda tilga oladi. Onlayn hayot
vakillari Nielsen/Net Ratings kompaniyasi o'tkazgan so'nggi
ilmiy tekshiruvlar natijalariga ko'ra, butun dunyo tarmog'iga ulanayotgan yosh
bolalarning soni kun emas, soat sayin oshmoqda: birgina 2007 yili Yevropada
o'sib kelayotgan yosh avlod vakilining uchdan bir qismi onlayn tizimida
bo'lishi kuzatildi. O'tgan yili dunyo tarmog'ida 10 million yoshlar «sayr
qilgan» bo'lsa, hozirda ularning soni allaqachon 13 millionga yetdi.
Mutaxassislarning fikricha, bu — tabiiy holat. Negaki, kundan-kunga internetdan
foydalanayotgan oilalar, demak, undan foydalanayotgan farzandlar soni
kupaymoqda. Bunday onlayn hayotda yashaydigan yoshlarning katta qismi — 4,5
millioni Buyuk Britaniyaga to'g'ri keladi. Ular har kuni elektron manzillarini
tekshiradi, turli xil saytlardan ma'lumot izlaydi va chat (global tarmoqdagi
suhbatxona)lar orqali muloqotda bo'lishadi. Germaniyada hozircha 3 va
Fransiyada 1,5 million yoshlar vaqtini asosan onlayn tizimida o'tkazadi. Bir
yildan so'ng esa bu ko'rsatkich ikki baravarga oshishi kutilmoqda.
Darhaqiqat, XXI asr zamonaviy yoshlar hayotiga sezilarli chizgilarni kiritdi.
O'tgan asr bolalari maktab, turli to'garak va sport sektsiyalariga chopgan
bo'lsa, bugun ular o'zaro disklar, fleshkalar va axborotni saqlovchi shu kabi
boshqa vositalardan imkon boricha tez foydalanishga shoshiladi. Yosh avlodning
ota-onalariga nisbatan kompyuter savodxonligi baland, ko'pgina olti yashar
bolalar blyutuz (bluetooth) va spam nimaligini
kattalarga nisbatan yaxshi biladi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biri Kanadada o'n yetti yoshgacha bo'lgan
6 ming bola o'rtasida o'tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko'ra, ular sodda
ota-onalari o'ylaganidek, internetdan aksariyat, hollarda axborot olish
maqsadida foydalanmas ekan. So'rovda ishtirok etganlarning 99 foizi internetdan
foydalanishini, ularning har o'n nafaridan sakkiz nafari uyda ulanish
imkoniyatiga ega ekanini bildirdi. Kanada yoshlarining yarmidan ko'pi internet
va kompyuter texnologiyalarni ota-onalaridan yaxshiroq bilishini aytgan.
Ularning 80 foizi mustaqil ravishda internetga ulanishini, ota-onalari
kompyuterga himoya vositasi bo'lgan «filtrlash» dasturini o'rnatib
qo'ymaganliklari va farzandlari qanday saytlarga kirishini nazorat qilmasligini
tan olishdi. Umuman olganda, ota-onalarning aksariyat qismi, aniqrog'i, 65
foizi farzandlari internetdan faqat uy vazifasini tayyorlash uchun foydalanadi,
degan fikrda, yoshlar esa ilm olishni eng oxirgi o'ringa qo'yadilar. Ular
asosan internet orqali musiqa tinglaydi, elektron manzilni tekshiradi, xullas,
vaqtini chog' o'tkazadi. Yoshlarning uchdan ikki qismi internetga yangi
do'stlar orttirish va kim bilandir suhbatlashish maqsadida ulanadi, ularning 15
foizi keyinchalik bu munosabatlarni real hayotda davom ettirar ekan.
Muloqotning bu kabi shakllari yaxshi, albatta. Biroq masalaning ikkinchi tomoni
ham borki, unga chuqurroq nazar tashlash lozim. Alohida e'tibor talab etadigan
jihat esa internet orqali ta'qib deb nomlanadi.
Virtual ta'qib ommalashmoqda Tadqiqotlar natijalaridan ma'lum
bo'ldiki, hozirda maktab yoshidagi bolalar internetdan tobora erta foydalana
boshlamoqdalar. Masalan, boshlang'ich sinf o'quvchilari bemalol maktab yon
atrofidagi kafe yoki klubga kirib, internetdan foydalanishi mumkin. Shu bois
ular uyda ham internetga ulanish imkoni bo'lishini xohlashi tabiiy. Lekin,
mutaxassislarning fikricha, yoshi o'nga yetmagan bola odatda mustaqil ravishda
internetdan foydalanish uchun zarur bo'lgan tanqidiy fikrlash va shu asnoda
ma'lumotlarni farqlash, ularni ajrata bilish, boshqacha qilib aytganda,
«filtrlay» olish qobiliyatiga ega emas. Shu sabab, internetdan yolg'iz qolganda
ham foydalanish ehtimoli bo'lgan bolani qattiq nazorat ostiga olish kerak, unga
o'zi haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni internet orqali tanishgan odamlarga
aytmaslikni o'rgatish zarur.
Biroq dunyo tarmog'idagi qanday axborot maktab yoshidagi bolalar uchun foydali
bo'lishi mumkin? Kuniga bir necha soatlab kiber makonda «sayohat qiladigan»
o'smirlar aslida nima bilan shug'ullanadi va bu holat ularning dunyoqarashi,
xarakterida qanday aks etadi? Zarur hollarda o'smirlarning axborot
xavfsizligini qay usulda ta'minlash mumkin? Mazkur savollar ko'pchilik
ota-onalar hamda yoshlar muammolari bilan shug'ullanuvchi tashkilot xodimlarini
tobora ko'proq tashvishga solayapti va o'ylantirmoqda. Bunga jiddiy asos ham
bor.
So'nggi paytlarda internet orqali ta'qib etish yoki ilmiy tilda aytadigan
bo'lsak, grifing holatlari ko'p kuzatilmoqda. Bu kabi tarmoq
bezoriligining eng birinchi qurbonlari aynan yoshlar qatlami, xususan,
o'smirlar hisoblanadi. Sababi, shu yoshda bolalar tabiatan ochiq bo'ladi hamda
dunyoga faqat ijobiy nuqtai nazar bilan qaraydi. Ular o'zlari erishgan
yutuqlari bilan o'rtoqlashishni, o'z fikrlarini birovlarga bayon etishni,
g'oyalari bilan bo'lishishni xohlaydilar. O'smirlar o'ta ishonuvchan, kompyuter
o'yinlariga qobiliyatli, buyruqlarni osonlikcha bajaradigan bo'ladilar.
Atrofdagilar bilan ko'proq muloqotda bo'lib, yangidan-yangi fikr-g'oyalarni
o'rtaga tashlaydilar, ularni amalda qo'llashga intiladilar, biroq bu borada
ularga hayotiy tajriba yetishmaydi. Shuning uchun ham ular saytlarda qidiruvni
amalga oshirayotganda, axborotni qabul qilishda yoki elektron pochta manzilidan
foydalanayotganda kattalar yordamiga muhtoj. Chunki bir qarashda beozor
tuyulgan chat xonalar yoki maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan
suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni oxir-oqibat jinoyatgacha
yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat. Grifing bilan shug'ullanuvchilar yoki grifyorlar zamonaviy
yoshlarning qiziqishlaridan juda yaxshi xabardor bo'lib, onlayn konferentsiya,
forum xonalarida istalgan mavzuda suhbat yuritishi, o'zlarini ularning
muammolarini tushunadigan odamlar sifatida ko'rsatishi mumkin, buning ustiga
veb tarmoqda anonimlikni saqlash xususiyati qisqa fursat ichida ishonchga kirib
olishga imkon yaratadi.
Qarshi kurash choralariga kelsak… Grifing bilan kurashishning eng
oddiy usuli — kompyuterga maxsus taqiqlov dasturlari (eng mashhurlari
Kiberpatrul yoki Kidskontrol)ni o'rnatish. Shunda o'sha foydalanuvchidan
keladigan barcha xabarlar avtomatik tarzda filtrlanadi yoki dasturga ota-onalar
tomonidan kiritilgan cheklov tufayli bolaning o'zi qiziqib nojo'ya axborotni
olmoqchi bo'lganda avtomatik taqiq ishga tushadi. Ayni paytda mazkur dasturlar
ham to'liq xafvsizlikni kafolatlay olmaydi, chunki ba'zida ular foydali
axborotni cheklab qo'yishi yoki keraksizini o'tkazib yuborishi mumkin.
Hozirgi kunda ko'plab mamlakatlarda internetdan foydalanish darslari fakultativ
sifatida maktab dasturiga kiritila boshlandi. Buni ham grifingga qarshi kurashishning
o'ziga xos usuli sifatida ko'rsatish mumkin. Negaki, fakultativ darslar orqali
bolalar internetdan olinadigan ma'lumotlarning haqqoniy va to'g'riligini
tekshirishga o'rgatiladi. Bunday darslar ayniqsa, o'smirlar uchun zarur.
Internetda grifingdan tashqari aynan o'smir yoshdagilar uchun yana bir qancha
xavflar ham bor. Vaqt o'tgani sayin bolalar va internet muammosi tobora
chuqurlashib borayotgan bir paytda, global tarmoqning yashirin xavflariga
faqatgina ta'sir tushib qolishni emas, balki ekstremistik xarakterdagi, sekta
va turli xil uyushmalar saytlarining foydalanishga ochiqligini, virtual
firibgarlikka keng yo'l qo'yilganlikni ham ko'rsatish mumkin. Bolalarning
qiziquvchan tabiati ularni yuqorida tilga olingan turdagi saytlarga yetaklashi,
bu veb sahifalarda ularning ruhiy yoki jismoniy sog'lig'iga xavf soluvchi
ma'lumotlarni ko'rishiga olib kelishi tabiiy. Elektron pochta manzillari orqali
olingan xabarlar kuchli ruhiy ta'sir o'tkazib, bolalarni internet doirasida va
undan tashqarida ham jinoyatga undashi hech gap emas. Bank yoki kredit
kartochkasidagi hisob raqamlarni bilgan bolakaylar onlayn savdolarda qatnashish
imkoni bilan birga kichik o'yinchoqdan tortib to eng so'nggi rusumdagi mashina
sotib olish huquqiga ega degani. Bu narsa ularni virtual firibgarlarning
nishoniga aylantiradi.
Shu sabab, global tarmoq foydalanuvchilari ko'p bo'lgan Belorusiyada bu kabi
muammolar qator yangi kasblarning vujudga kelishiga ham turtki bo'ldi. Mazkur
yangi turdagi mutaxassislarining vazifasi oilada internetdan foydalanish
madaniyatini joriy etadigan hamda bolalarga psixologik, ma'naviy hamda jismoniy
zarar yetkazmaydigan ochiq va xavfsiz axborot makonini yaratishdan iborat.
Shuningdek, ko'plab jamoat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar va xususiy
kompaniyalar o'z faoliyatini internetning bolalarga ta'siri va bundan
bo'ladigan zararning oldini olish usullarini o'rganishga qaratgan. Jumladan,
internet mazmunini baholash assotsiatsiyasi (ICRA) mustaqil xalqaro tashkilot
bo'lib, asosiy vazifasi ota-onalarni ularning farzandlarini tarmoqda kutayotgan
ko'ngilsizliklar va xavfli munosabatlar haqida ogohlantirish, kiber makonda
bolalarni noto'g'ri axborotlardan himoyalash va so'z erkinligini ta'minlashdan
iborat. Ota-onalarga ko'rilayotgan muammolar yuzasidan maslahat, ko'mak
beruvchi Kiberfarishtalar (Cyberangels) — internetda bolalar huquqini himoya
qilishga yo'naltirilgan Yevropadagi ilk tashkilotga 1995 yili asos solindi va
ayni paytda AQSh, Kanada kabi davlatlar ham a'zolar safidan o'rin oldi.
Muammolar chuqurlashgani sayin bu kabi tashkilotlar ham keng ko'lamda
tadqiqotlar o'tkazish va xavflarga qarshi kurash choralari ishlab chiqishni
kuchaytirmoqda. Xususan, Bolalarni asraylik (Save the Children) xalqaro huquqiy
tashkiloti o'tgazgan so'rovnomalar natijasida ma'lum bo'ldiki, AQShdagi 15-17
yashar o'smirlarning 85 foizi, Kanada yoshlarining 93 foizi muntazam ravishda
internetdan foydalanadi. Kommunikatsiya vositalari tadqiqoti assotsiatsiyasi
(Association for the Research of Communication Media) olgan natijalarga ko'ra
esa, o'smirlar katta yoshlilarni 2004 yildayoq internetdan foydalanish bo'yicha
ortda qoldirgan.
Ispaniyaning Bolalarni himoya qilish agentligi (Child Protection Agency)
tadqiqotlari natijalari shuni ko'rsatdiki, internetdan doimiy ravishda foydalanuvchi
bolalarning 44 foizi virtual muloqot paytida hech bo'lmaganda bir marta, 11
foizi esa bir necha bor ta'qib ostiga olingan. E'tiborli tomoni, so'rovlarda
ishtirok etgan yoshlarning 14,5 foizi internet orqali notanish odamlar bilan
uchrashuv belgilagan, 10 foizi bunday uchrashuvlarga yolg'iz borgan, 7 foizi bu
haqda hech kimga hech narsa aytmagan. Dunyo miqyosida esa 38 foiz bolalar
zo'ravonlik ruhidagi saytlarni, 26 foizi millatchilik xarakteridagi veb
sahifalarni muntazam kuzatib borishi ma'lum bo'ldi.
O'tgan yilning oxirgi oylarida dunyoning eng mashhur kompaniyalaridan biri
«Maykrosoft» (Microsoft) 28 davlatda o'zining chat xonalarini yopishini e'lon
qildi. Bu harakat bolalar muammolari bilan shug'ullanuvchi huquq-tartibot hamda
xayriya tashkilotlari tomonidan to'liq qo'llab-quvvatlandi, chunki erkin va
nazoratsiz forum xonalar spam, virus va axloqsiz axborotni tarqatish manbaiga
aylanib qolgandi. Shu tariqa, MSN tekin chatlari Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika,
Osiyo va Lotin Amerikasining ko'plab mamlakatlarida o'z faoliyatini to'xtatdi.
O'rniga Microsoft Messenger tezkor xabar almashinish tizimi joriy qilindiki,
endilikda bu xizmatdan foydalanish uchun shaxsiy ma'lumotlarni kiritish asosida
ro'yxatdan o'tish talab etiladi. Chunki o'tgan yili Buyuk Britaniyada
shov-shuvga sabab bo'lgan zo'ravonlar ustidan o'tkazilgan sud jarayonlarining
kamida 26 holatida qurbonga aylangan bolalar ta'qibchilar bilan virtual muloqot
orqali tanishgani aniqlandi.
Xulosa o'rnida Zamonaviy texnologiyalarning tez sur'atlarda
o'sishiga qaramay, ba'zan odamlar ulardan oqilona foydalanish qanday kechishi
kerakligini to'liq anglab yetmaydi. Kompyuter va internetgacha bo'lgan davrda
o'sib-ulg'aygan ko'plab ota-onalar va muallimlarning katta qismi, agar bola
internetdan foydalana boshlasa, buning, albatta, foydasidan zarari ko'proq, deb
o'ylaydi. Bolani kompyuter yoki internetdan chalg'itish harakati zamirida
aslida boshqa bir muammo, ya'ni kattalarning bu masalada nisbatan savodsiz
ekani aniqlandi. Biroq agar ular o'zlari avval texnologiyalar savodsizligi
masalasiga jiddiyroq yondashib, uni bartaraf etishsa, maqsadga muvofiq
bo'lardi. Negaki, savodsizlik masalasidan qochish orqali bolani
texnologiyalardan ajratib qo'yish to'g'ri emas. Buning ustiga yana bir jihat
e'tiborga loyiq: aynan kattalarning tutgan yo'lidan kelib chiqqan holda
bolalarda kibernetik do'stiga nisbatan munosabat shakllanadi.
Shubhasiz, internet bilim va kerakli axborotni olish uchun ulkan imkoniyatlar
yaratadi, biroq tarmoqqa joylashtiriladigan katta hamjdagi axborotning
barchasini ham ishonchli va foydali deb bo'lmaydi. Foydalanuvchilar
ma'lumotlarning to'g'riligini aniq ajrata bilishi uchun tanqidiy fikrlash
qobiliyatiga ega bo'lishi talab etilarkan, bu jihat «Internetda bo'lsa, demak,
to'g'ri» deya fikrlaydigan bolalarga ham tegishlidir. Bu borada ularga
internetda xohlagan inson o'z sahifasini yaratishi, unga har qanday ma'lumotni
joylashtirishi va bunda unga hech kim to'siqlik qila olmasligini vaqtida
tushuntirish zarur. Bolalarga keng doiradagi manbalardan foydalanishga
yo'naltirish natijasida faktlarni fikrlardan farqlashga, to'g'riligi
tasdiqlanmagan axborotdan himoyalanishga ularni o'rgatish mumkin.
Nargiza Ibrohimova
«Ma'rifat» gazetasidan olindi.
