Bill Geytsning kitob mutolaasi uchun 4 qoidasi
Bill Geyts bilimi va tirishqoqligi bilan nafaqat
o‘zining, balki insoniyatning ham hayotini yaxshilagan biznesmen, jamoat
arbobi. U jahonning eng ko‘p kitob mutolaa qiladigan kishilaridan biri sifatida
ham nom qozongan. Janob Geyts har yili o‘rtacha 50 ta kitob o‘qiydi. Ya’ni, har
haftada bitta kitob! Bill Geyts uchrashuvlarda ham sayyoramizning eng
muvaffaqiyatli kompaniyasini yaratishda unga o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan
qiziqishi yordam berganini ko‘p takrorlaydi. Uning fikrcha, yaxshi kitob —
hayotidagi muhim hodisa. Kitob o‘qishda Bill Geytsning o‘z qoidalari mavjud.
Zero, o‘qish bilan uqishning farqi borligini biz ham yaxshi bilamiz. Milliarder
yaqinda Quartz nashri bilan suhbatda o‘zining kitob o‘qishda e’tibor qiladigan
odatlarini ma’lum qildi. Quyida ularni bayon qilamiz.
1. Kitob hoshiyasiga qaydlar qoldirish.
«O‘qish insondan diqqatni jamlashni talab qiladi. Ayniqsa, ilmiy yoki badiiy
bo‘lmagan kitoblarni o‘qish jarayonida sen yangi bilim olasan. Ularni
o‘zingdagi qarashlar bilan chog‘ishtirish uchun qayd yozish foydali odat.
Qolaversa, yaxshi kitob o‘z sir-asrorini bir o‘qishda fosh qilmaydi. Uni takror
o‘qiganing sayin tushunib borasan. Qayd yozish odati keyinchalik ham kitobni
varaqlaganingda sahifalardan o‘zing uchun muhim fikrlarni tez va oson topishga
yordam beradi. Shuningdek, bu odat o‘quvchida tanqidiy fikrlash qobiliyatini
ham rivojlantiradi».
2. Boshlagan kitobingni tashlab qo‘yma.
Bill Geyts oxiriga qadar o‘qishga ko‘zi yetmagan kitobni qo‘liga olishdan
qochadi. Buning yaxshi tomoni bor — kitobni esga tushganida o‘qish vaqtni
behuda sarflashdan farq qilmaydi.
«Ma’nan va ilmiy jihatdan yetuk kitoblarni tanlab o‘qing. Aks holda, bir dasta
qog‘oz hayotingizni zaharlashi yoki o‘g‘irlashi mumkin», deydi u.
Milliarderning fikricha. ming yil avval yozilgan kitob uni o‘qimagan odam uchun
hali yangi hisoblanadi.
3. Bosma yoki raqamli? Qaysi qulay bo‘lsa, shuni
o‘qing.
«Hozircha bosma kitoblar mutolaasi men uchun qulay.
Biroq, sekin-asta gadjetlarda ham kitob o‘qishni odat qilmoqchiman», deydi Bill
Geyts. Agar sizga mobil qurilmalarda kitob o‘qish qulay bo‘lsa, bu — sizning
tanlovingiz. Muhimi — eski po‘stin kiysangiz ham, yangi kitob o‘qishga
odatlaning.
4. Bir soatni mutolaa uchun ajrating.
Bill Geyts kitob o‘qishni dam olishning eng soz yo‘li, deb biladi. Uning
maslahatiga ko‘ra, kitobni qo‘lga olishdan avval siz kamida keyingi bir soatni
faqat shu ishga bag‘ishlashga qat’iy qaror qilishingiz kerak.
«Kitob o‘qish 5 yoki 10 daqiqalik ish emas. Ehtimol, gazeta yoki jurnal o‘qish
uchun bu yetarlidir».
Janob Geyts kitob o‘qishdan huzurlanish kerakligini aytadi. Bu esa kitobga
kirishib ketishni talab qiladi. Milliarderning fikricha, yaxshi kitob o‘qib
lazzatlanmagan insonni sog‘lom deyish xato.
