SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2018
YaDuSeChPaJuSh
 123456
78910111213
141516171820
21222324252627
28293031   
Uyungdagi beshiklar

ILINJ

Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan, 
Kipriklarim o‘psalar bas gardlaringdan. 
Men bir nasim bo‘lib keldim, men bir nasim, 
Aytib o‘tsam deyman ko‘hna dardlaringdan.

Almashdilar seni nomu rutbalarga, 
Munglug‘ bo‘lib qolding botib shubhalarga. 
Hilollaring qaytar yana qubbalarga, 
Moziylarga so‘ylab-so‘ylab zorlaringdan.

Menga qadim minorlardan bir sas yetar, 
Shul sas mening ko‘nglim oxir serfayz etar. 
Menga dunyo kerak emas, bir xas yetar 
Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan.

Oqsaroyga qay kunki yuz burgandim men, 
So‘nmish shonu shavkating deb kuygandim men. 
She’r aytishni sal-palgina o‘rgandim men 
Chinorlarda yig‘lab yotgan barglaringdan.

Bu dunyoda ko‘ngillarga chirog‘ yoqsam, 
Mozorlaring sukutidan saboq olsam, 
Tiniqqina buloq bo‘lib oqib qolsam 
Olloyorlar nazar qilgan jarlaringdan.

ALAMLI DUNYODA

Qo‘llarim shoxlarday zor qolgan kunlar, 
Dil ketib, valekin or qolgan kunlar 
Sen ketding, muzladi o‘ng ila so‘lim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Suvlarda sadosiz sindilar oylar, 
Afsunday jim, sokin okdilar soylar. 
Tugunlarin ochib yillar va oylar 
O’tdilar, sen hamon tili tugunim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Sendan so‘ng ko‘nglimni beomon yanchib, 
Ne suluvlar o‘tdi o‘zicha ranjib, 
Baland poshnalarin ko‘ksimga sanchib, 
Bevaqt so‘ldirdilar sehru jununim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Mung‘ayib qoldilar umid bog‘lari, 
Mangu zirqiraydi bag‘ir dog‘lari, 
Bog‘larning dudlari hamda zog‘lari 
Mening fig‘onimdir ham mening kulim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Bu holim ko‘rganlar taqdir, deydilar, 
Taqdir azal-azal hakdir, deydilar, 
Chin qalblar hamisha toqtsir, deydilar, 
Qanday san’atdir bu, qandayin ilm? 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Senga shamim shomlar munglar keltirib, 
Menga tiriklikdan aytib, bildirib, 
Kuygan ko‘klamlarning o‘rnin to‘ldirib, 
Ko‘ksimda yashaydi eng go‘zal o‘lim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

* * *

Teskariga oqqan daryolar qaytdi, 
Tog‘larda yo‘qolgan sadolar qaytdi, 
Meni izlab ketgan nidolar qaytdi, 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.

Somonlar yanchilmay qolgan kuz payti 
Adirlar za’faron alvido aytdi. 
Meni olib ketgan podalar qaytdi, 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.

Bu ko‘cha, bu hovli, bu uy, bu tandir 
Bir kun seskanadi, sassiz siqtaydir: 
O’n yil g‘oyib bo‘lgan olapar qaytdi! 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.


Qoldirib ketdimmi uni dashtlarga? 
Yoki topshirdimmi shiddat, shashtlarga? 
Bo‘zlab chorlasam-da, bitib xatlarga 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.

Qaldirg‘ochlar qaytdi. Toylar ot bo‘ldi. 
Yurtning tog‘u toshi menga yod bo‘ldi, 
«Uh» deganim mening xotirot bo‘ldi, 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi...

PAHLAVON MAHMUD

Sening hasratlaring uzun, 
She’rlaring qisqa. 
Ne-ne gado ko‘rding,
ne sulton ko‘rding. 
Nuh ming yil yashadi –
Ko‘rdi bir to‘fon. 
Sen
Nuh bo‘lmasang ham,
ming to‘fon ko‘rding. 
Birovdan taxt qoldi, 
Birovdan - daraxt.
Sendan meros qolmish baytlar -
tug‘yoning. 
...Gar ko‘ylak tiksalar armonlaringdan, 
Egni but bo‘lardi yupun dunyoning.

Sirojiddin Sayyid
Sirojiddin Sayyid 1958 yil, 30 oktyabrda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Kundajuvoz qishlog‘ida tug‘ilgan.
Kitob fayllari
Fayl nomi Hajmi
Uyungdagi_beshiklar_uyingdagi_beshik_siroj_sayid_ziyouz_com.pdf 246.0 KB Ko‘chirib olish
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.
Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Agar fikr bildirmoqchi bo‘lsangiz, iltimos, saytga a’zo bo‘ling yoki a’zo sifatida kiring
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan