O’zbekiston bo’ylab sayohat qilishga undaydigan yetti sabab
«Oldingda
oqqan suvni qadri yo’q!». Ushbu maqolni kundalik hayotda ko’p marotaba
eshitamiz. O’zbekistonda yashab turib, mamlakatimizning bizning
qalbimizdagi o’rnini his qilish juda qiyin. Odatda O’zbekistonni tark etgan
odamgina uni qanchalik sevib yetishini anglab yetadi.
Biz tug’ilib o’sgan ushbu yurtni o’rnini
dunyodagi boshqa biror bir hudud bosib bera olmaydi. Buni chetda yashab
yurgan yoki chet elda bir necha yil umrguzaronlik qilgan har bir o’zbek yaxshi
biladi. Ba’zilar sizga u hudud o’z yurtidan qadrli bo’lganligini aytishi
mumkin, lekin menga ishonavering, u ich-ichidan baribir O’zbekistonni
sog’inadi, qo’msaydi, har zamonda hech bo’lmasa o’sha bolaligida chopib yurgan
mahallasini, anhorda do’stlari bilan cho’milganiyu, qo’shni bog’ga o’g’rilikka
tushganini qo’msab eslaydi. Mana shu vatanni sevish uchun bizda yuzlab, hatto
minglab sabablar bor. Uning go’zalligi bo’lsa o’sha sabablardan biridir.
Bugun ona yurtimiz O’zbekiston bo’ylab sayohat qilishga undaydigan yetti
sabab haqida yozmoqchiman.
1. Bir necha ming yillik tarix asosida shakllanga yashash falsafasiBugungi
O’zbekiston hududi bir necha ming yillik tarixga ega bo’lib, ushbu hududda minglab
buyuk insonlar yashab o’tgan, ushbu hududga minglab buyuk insonlar qadam qo’ygan.
Aynan ushbu hudud jahon tarixidagi eng buyuk uchta imperator ya’ni Iskandar
Zulqarnayn, Chingizxon va Amir Temurni ko’rgan. Bir necha ming yillik tajriba
ushbu hududda o’ziga xos hayot falsafasini, yashash uslubi, mentalitetni shakllantirgan.
O’zbekiston
bo’ylab sayohat bizga turli xil viloyatlardagi urf-odatlar, afsonalar,
yashash-tarzini o’rganish imkonini beradi. O’zbekistonnning har bir nuqtasida
shakllangan o’ziga xos mehmondo’stlik sizni lol qoldirishi mumkin. Haqiqiy
o’zbek mehmondo’stligini, uning urf-odatlarini bilmoqchi bo’lsangiz chekka
qishloqlar tomonga yuravering. Masalan, Nurato tog’lari orasida oqib o’tuvchi
soylar atrofidagi qishloqlar sizni butunlay lol qoldirishi mumkin.
2. Kemalar qabristoni va Sahro gavhari
Qoraqalpog’iston Respublikasiga sayohat qilsangiz, ushbu sayohat bir umrga
esingizdan chiqmasligi aniq. Sababi aynan Qaraqolpog’iston Respublikasida butun
dunyodan tashrif buyiradigan turistlar uchun juda qiziqarli bo’lgan ikkita
narsa bor. Bulardan birinchisi rus avangardistlarining eng noyob asarlari to’da
bo’lgan Nukusdagi Savitskiy muzeyidir. XX-asrning ilk yarmida Stalin tomonidan
eng ajoyib rus rasmmolarining ijodiga bosim o’tkazilgan, to’xtatib qo’yilgan.
O’sha davrda Nukusda yashab yurgan vatandoshimiz Igor Savitskiy o’sha
rassomlarning asarlarini yagona muzeyda to’play olgan. Bugungi kunda muzey
o’zining boy kolleksiyasi orqali umuman jahondagi eng boy muzeylardan biriga
aylana oldi. Uni hatto AQSHning CNN telekanali "Sahrodagi Luvr” deb atadi.
Qoraqalpog’iston
Respublikasi hududida eski baliqchilar porti bo’lgan Mo’ynoq shahri bor. Oldin
Orol dengizining qirg’og’ida joylashgan ushbu shahar endilikda cho’l-u
biyobonning o’rtasida qolmoqda. XX-asrning eng yirik fojeasi bo’lgan Orol
dengizining qurishi tufayli ushbu shahar endilikda Orol dengizidan yuz kilometr
masofada joylashgan. Mo’ynoqga sayohat qilib Orol fojeasini tushinib
yetishingiz, bir vaqtlar dengiz ostida bo’lgan tuproqqa qadam qo’yishingiz
mumkin. Eng qizig’I bo’lsa albatta Mo’ynoq oldida joylashgan kemalar
qabristonini borib ko’rishdir. Faraz qiling to’rt tomoningizda yirik cho’l,
cho’lning o’rtasida bo’lsa bir necha kema, xuddi filmlardagidek… Sizga sahna
qanchalik egzotik tuyilmasin, bu bugungi kundagi reallik hisoblanadi va Orol
dengiziga sayohat orqali dunyoda yagona bo’lgan ushbu sahnaga
guvoh bo’lishingiz mumkin.
3. Ming bir kecha ertaklari bo’ylab sayohat
Yoshligimizda hammamiz "Olovuddin” filmini ko’rganmiz. Shuningdek
"Ming bir kecha” va shunga o’xshagan ko’plab ertaklarni o’qiganmiz. O’sha
davrni ko’z oldimizdan o’tkazganmiz, o’sha davrga sayohat qilgimiz kelgan. Bu
sayohatni amalga oshirish uchun bizda katta imkon bor. Xiva shahrining markazi
bo’lgan Ichan Qal’a o’ziga xos buyuk tarixiy ansambldir. Ichan qal’aga kirgan
odam shu zahoti O’rta asrlardagi Sharq shahriga tushib qoladi va xayollar uni
turli davrlarga sayohatga olib keladi. Xayolingizda malika Shahrizoda uchar
gilamda oldingizga uchub kelayotgandek.
Osmon
ostidagi muzey deb e’tirof etilgan Xiva shahri bugungi kunda O’rta Asrlardagi
Sharq shaharlarining qanday ko’rinishda bo’lganligini bilish, ularda sayohat
qilish uchun dunyodagi eng qulay shahardir. Agar Xivaga sayohatga borsangiz Oq
Sheyx Bobo tepaligiga chiqib inson qo’li bilan yaratilgan ushbu mo’jiza
shaharda quyoshning botishini, uning qizg’ish nurlari ulkan tarixga guvoh
bo’lgan binolarning pishi-g’ishtlarida tovlanishiga guvoh bo’lishni esdan
chiqarmang. Bunaqasini boshqa joyda topa olmaysiz…
4. Chingizxon bosqinidan oldingi arxitektura haqida taassurotga ega bo’lish.
XIII asrning boshida mamlakatimiz xalqining
boshiga balo yog’iladi. Insoniyat tarixidagi eng qonxo’r shox Chingizxon Markaziy
Osiyo bo’ylab jangga kirishadi. U Markaziy Osiyo xalqini qiribgina qolmasdan,
shaxarlarimizga o’t qo’yadi, shu bilan ungacha bo’lgan davrda qurilgan, ulkan
arxeologik yodgorliklar yonib kul bo’ladi. Lekin, taqdir taqozosi bilan sharif
shahar Buxoroda bir necha tarixiy yodgorlik saqlanib qoladi.
Ushbu
yodgorliklar bugungi kunda Chingizxongacha bo’lgan davrda mamlakatimiz hududida
arxitektura qanchalik taraqqiy qilganligini ko’rsatib beradi. Islom dunyosidagi
eng tarixiy mavzoley Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi, o’z davrida dunyoning
eng baland binosi bo’lgan buyuk Minorai Kalon va mamlakatimiz hududiga eng
tarixiy masjid — Mogaki Attor masjidi arab bosqinidan keyin Chingizxonning
qonli urushigacha bo’lgan davr arxitekturasidan guvohlik beruvchi noyob tarixiy
yodgorliklardir. Ming yillik tarixga qaramasdan, ushbu yodgorliklar g’urur
bilan bosh ko’tarib sharif shahar Buxoroda dunyoning barcha davlatlaridan
kelgan turistlarni qabul qilmoqda.
5. Amir Temur poytaxtiga sayohat.
Samarqand shahrining yoshi
ham, uning Jahon tarixida ahamiyati ham bugungi kunda Rim, Afina, Istanbul kabi
afsonaviy shaharlardan ko’p bo’lsa ko’pki, lekin kam emas. Aynan shu uchun
bo’lsa kerak, Buyuk Ipak yo’lining yuragida joylashgan ushbu buyuk shaharni
bugungi kunda har bir Yevropalik sayohat qilishni orzu qiladi. Ushbu shahardagi
tarixiy yodgorliklar o’zining go’zalligi, buyukligi bilan dunyoni lol
qoldirmoqda.
Samarqanddagi
Registon maydoni dunyo bo’ylab shunchalik mashhur bo’ldiki, bugungi kunga kelib
u dunyoda O’zbekistonning ramziga aylana oldi. Shoxi Zinda yodgorligi, Bibi
Xonum masjidi, Go’ri-Emir maqbarasi kabi bir necha tarixiy yodgorliklar
go’zallikda Markaziy Osiyoda yagonadir. Imkon bo’lishi bilanoq davlatchiligimiz
tarixidagi eng buyuk rahbar Amir Temur va uning olim nevarasi Ulug’beklarning
poytaxti bo’lgan Samarqand shahriga sayohatga shoshiling, ishoning, bu
sizga bir umrlik xotira bo’lib qoladi.
6. O’zbek oshxonasi.
Manti, lag’mon, sho’rva, somsa… O’zbek oshxonasi shunchalik taomlarga boyki,
sanab oxiriga yetolmaysan. Uning ustiga har bir viloyatning o’z taomi bor,
ushbu taomni ham bir necha tayyorlash uslubi bor.
Birgina
palovning yuzdan ortiq xili bor. O’zbek oshxonasini kashf etish uchun mamlakat
bo’ylab bir necha marta sayohat qilish kerak. Haqiqiy kabob (shashlik) yeyish
uchun G’ijduvonga, tuxumbarak uchun Xorazmga, somsa uchun Jizzaxga, norin uchun
Toshkent tomonlarga borish kerak. Shuning evaziga bo’lsa kerak, o’zbek hech
qachon o’z taomlaridan voz kecha olmaydi. Har safar biror bir viloyatga
borganda o’sha viloyatning o’z taomini tatib ko’rish esdan chiqmasin…
7. Ko’chmanchilar hayotidan bir kun… Mamlakatimiz hududining ulkan qismi
sahrolardan iborat. Mendeleyev jadvaldiga barcha elementlarni o’z tuprog’i
ostiga sig’dirgan Qizilqum cho’li O’zbekiston hududidining ulkan qismini
egallab turadi. Ushbu hududda bir necha ming yillardan beri ko’chmanchi xalqlar
yashab kelgan. Ularning hayot tarzi faqat ko’chmanchilarga xos bo’lgan fasafani
shakllantirgan, ularning o’ziga xos madaniyati, urf-odati, taomlari bor.
Aydarko’l
qirg’oqlaridan uzoqda bo’lmagan hududdagi o’tovlarda siz bir kechani
o’tkazishingiz, cho’lda quyosh botishini kuzatishingiz, yulduzlarga to’la tiniq
osmonga tikilib qozoq qo’shiqchisi Oxun tomonidan ko’ylangan qo’shiqlarni olov
atrofida tinglashingiz mumkin. Aytgancha, tuyada sayohat qilish esdan
chiqmasin…
Mamlakatimizni sevishdan aslo to’xtamang, bunga minglab sabablar bor,
qolaversa bunaqasi yer yuzida boshqa yo’q!
