Qachon muvaffaqiyatga erishamiz?
Muvaffaqiyat va omad istagida jahon
kezib yurgan yigit maqsadi sari eltadigan zarur maslahatni olish uchun uzoq
yo‘l bosib, olis mamlakatdagi nom qozongan keksa donishmand oldiga kelibdi.
Ko‘l yoqasida baliq ovlayotgan donishmand muvaffaqiyat talabgorining
muddaosini tinglagach, unga suvga tushishni buyuribdi. Jahongashta hayratini
yashira olmay, bir muddat donishmandga taajjubli nigohda tikilib qolibdi.
— Suvga tush, —
takrorlabdi dono odam.
Jahongashta
noiloj oyog‘ining uchini ko‘lga sekin botirib, tizzasigacha suvga tushibdi.
Chol unga yurishda davom etishni buyuribdi.
«Tavba, men bu
choldan qanday qilib muvaffaqiyat qozonishim mumkinligini so‘rash uchun shuncha
yo‘l bosib kelsamu, u bo‘lsa meni masxara qilsa», degan o‘y o‘tibdi yigitning
xayolidan.
Donishmand esa
unga yurishda davom etaverishni buyuraverdi. Jahongashta yelkasigacha suvga
kirdi.
— Balki bo‘ldi
qilarman?
Chol qo‘li bilan
ko‘lning o‘rtarog‘iga ishora qilibdi. Suv avvaliga dahanga, keyin esa ko‘z va
peshonaga qadar ko‘tarildi. O‘n-o‘n besh soniyadan so‘ng ko‘lga g‘arq
bo‘layozgan jahongashta donishmandning ortga qaytishi mumkinligi haqidagi
buyrug‘ini eshitganday bo‘libdi.
— Endi senga
savolim bor, — debdi donishmand. — Menga ayt-chi, suv ostiga cho‘kayotganingda
jon-jahding bilan xohlagan, idrokingdagi yagona istak nima edi?
— To‘yib-to‘yib
nafas olgim keldi, — deb javob beribdi hansirayotgan yigit o‘ylab ham
o‘tirmasdan.
— Barakalla! Qachonki jismingda hamda idrokingda muvaffaqiyat qozonishga
bo‘lgan ana shunday kuchli istak uyg‘onsa, sen o‘shanda, albatta,
muvaffaqiyatga erishasan, — debdi donishmand.
Aksariyatimiz uyquni xohlaganimizchalik muvaffaqiyatni ham shunchalik
istamaymiz. Bu dunyoda o‘zgarish — eng qiyin ish. Sababi shuki, hozirgi
huzur-halovatning o‘zi bilan cheklanib qo‘ya qolamiz. Qo‘rqoq tuyg‘ular bizni
cho‘chitib turadi. Miriqib dam olishga bo‘lgan xohishimiz ko‘pincha
muvaffaqiyat qozonish ishtiyoqidan ustun keladi. Aslida barchaga teng imkoniyat
hamda vaqt berilgan. Faqat kimlardir bir oz ko‘proq ishlaydi, xolos.
Erishadiganing uchun har daqiqa o‘zingdagidan voz kechishga tayyor turish,
bu — hayotning g‘alaba qozonish uchun muhim qoidasi. Bu «qurbonlik» sening huzur-halovating, to‘yib-to‘yib dam olishing, kunlab
hordiq chiqarishing, vaqtichog‘liging, televizor qarshisida soatlab filmlar
ko‘rishing bo‘lishi mumkin.
Xitoylik
donishmand Lao Szi aytgani kabi, huzur bilan taomlanmoq istasang, ochlikni his
qil. Hamma narsaga erishmoqdan avval hamma narsangizdan voz kechish lozimligini
unutmang.
«Biz g‘alaba
qozonamiz» kitobidan olindi.
