
Inson bir kun nafas olishiga qancha suv kerak?
O‘zA “Inson bir kun nafas olishining o‘ziga yarim litr
suv kerak” nomli maqola chop etdi. Unda yoz oylarida qanday va qancha suv iste’mol qilish
kerakligi, qanday ichimliklar ichishdan saqlanish zarurligi haqida so‘z boradi.
Quyida ushbu maqola to‘lig‘icha havola etildi.
Qishda kishining issiq ichimlik iste’mol qilgisi kelsa, yozda tabiiyki, muzdekkina
ichimlik ichgisi keladi. Ammo mutaxassislar yozning issiq kunlarida ham,
qishning sovuq kunlarida ham iliq ichimliklarni iste’mol qilishni tavsiya
qiladi.
– Issiq havo insonni ko‘p suyuqlik iste’mol qilishga moyillik tug‘diradi, —
deydi diyetolog Qahramon Oqilov. – Bunda inson organizmi salqin ichimlik
ichishni xohlasa-da, biz suv va turli sharbatlar ichishni tavsiya qilamiz. Havo
issiq bo‘lgani uchun shirasi o‘tkir bo‘lgan ichimlik iste’mol qilmagan ma’qul. Chunki
u kishining yanada chanqog‘ini oshiradi. Bunday paytda shirasi o‘rtacha, nordon
va tabiiy ta’mga ega sharbat ichish o‘rinli.
Har qadamda turli rangdagi va turfa ta’mli sharbatlar tayyorlab sotayotganlarga
ko‘zingiz tushadi. Bu ham bir tadbirkorlik. Bundan tashqari, Coco cola, Pepsi,
Fanta va energetik ichimlikni muttasil ichib yuruvchi yoshlarga ko‘zingiz
tushadi. Mutaxassislarning aytishiga ko‘ra, ushbu ichimliklar chanqoqni
bosishdan ko‘ra kishini ushbu mahsulotga o‘rgatib qo‘yish holatlari ko‘p
kuzatiladi.
— Coco cola, Pepsi, Fanta brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab
yuqori, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Doston Shomurodov. — Shuning uchun
do‘konimizda bu ichimliklar ancha xaridorgir. O‘zim ham bekorchilikdan kuniga
2— 2,5 litr Pepsi ichardim. Ancha o‘rganib qolgan edim. Keyinchalik sog‘ligimda
salbiy holatlar kuzatildi. Holsizlanib qoldim, shifokor maslahati bilan hozir
ushbu mahsulotni kam iste’mol qilyapman. Chanqagan vaqtda o‘zimizning oddiy
suvimizdan qo‘ymasin, ekan.
O‘zini yaxshi ko‘rgan odamlar yozning jaziramasida salqin yerlarda dam oladi,
oqar suvlarda cho‘milib, issiq mavsumni maroqli o‘tkazadi. Mutaxassislarning
fikricha, muzdek suvdan chiqib yana muzdek ichimlik iste’mol qilish sog‘liq
uchun xavfli. Yozda orttirilgan gripp va shamollashning esa badali og‘irroq
bo‘lishi hech birimizga sir emas. Tog‘da oquvchi daryodan, ko‘l va ochiq suv
havzalari suvlaridan iste’mol qilish ham zarar. Hatto buloq suvi bo‘lsa ham.
Odamlar buloq suvlari shifobaxsh va dorivor, deya ishonadi. Ammo uni iste’mol
qilishdan oldin filtrlash yoki qaynatish tavsiya etiladi.
— Har kuni o‘rtacha 2 litr suv organizmdan ichak, buyrak, o‘pka va teri orqali
tashqariga chiqariladi, – deydi diyetolog Qahramon Oqilov. — O‘rtacha 0,5 litr
suyuqlik inson sog‘lom nafas olishini ta’minlaydi. Agar mana shu
chiqarilayotgan suv o‘rni to‘ldirilmasa, organizm suvsizlanadi. Bunda odamni
charchoq bosadi, bosh og‘riydi, mushaklar holsizlanadi. Og‘iz va ko‘z
namlanishi pasayadi, natijada, kishida issiqni xushlamaslik kayfiyati paydo
bo‘ladi. Belgilangan tartibda suv iste’mol qilgan kishilarning yuziga ajin kam
tushadi. Suv ozishga harakat qilayotgan kishilar uchun ham yordam beradi.
Buning uchun tartibli ovqatlanish va suv iste’mol qilish tartibini belgilab
olish kerak. Qahva, choy, va alkogol yengil peshob haydovchi ta’sirga ega,
shuning uchun ulardan keyin tanadagi suyuqlik o‘rnini to‘ldirish albatta suv
iste’mol qilish kerak.
Ichimliklar organizmning suyuqlikka bo‘lgan talabini qondirishi mumkin, ammo
ularning tarkibidagi kaloriyalar tabiiy suvdek tanaga singmaydi. Sut va
shakarli ichimliklarni inson tanasi qabul qilishi, tanaga singishi uchun ham
organizm ichimlik suvini talab qiladi.
Bugun atrofimizda yuzlab turdagi suyuq mahsulotlar mavjud. Ular orasida bizga
oddiy bo‘lib ko‘rinuvchi ammo bebaho suvning o‘rnini bosadigani yo‘q. Shunday
ekan, chanqaganda hech ikkilanmasdan suv, suv va yana suv iching!
