SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Sentabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
1234567
891011121314
151617181920
22232425262728
2930     
Ravshan Fayz haqida

Do‘st firogi

 

...Meros atalmagay barchaga fano,

Qismat atalmagay har kimga zavol...

                                                        

                                                          A. Oripov

 

...Hali xotira gulxani lovullab, hali yaraning o‘rni  emas, o‘zi achishib turganida bularni yozib ulgurishim kerak. Ularga qanday nom qo‘yishni  ham hali bilmayman. Xotiralar yozishga hali havasim yo‘q edi va bu ish bizlarga ep  ham emasdi. Ammo, shunday bo‘lib chiqdiki do’stning bevaqt halokati ko‘nglimda alamni, qo‘limda qalamni uyg‘otdi.

 

  Yor firogi birla tengdir do‘st firogi

  De, quyosh botdi, gar o‘chsa do‘st chirog´i

  So‘nggida do‘st vasli kutsa bos qadam,

  Bo‘lmagay hech bundayin yo‘lning yirog’i.

 

Bu qaydlar, xotiralar o‘ttiz besh yoshida (1995 avgust) baxtsiz hodisa sabab dunyodan bevaqt ko‘z yumgan do‘stimiz Ravshan Fayz haqida. Ularni yozganimda ko‘nglimda nur o‘ynaydi, qalamim yengil-ravon yurdi, yelkam osha do‘stim ruhi ko‘z tashlab turganligini sezdim. O‘quvchilarga ham do‘stim ruhi yor bo‘lishini tilab qolaman...

                    

“Tezda qaytaman degandi...”

 

       Mana, Ravshanning uyidaman. Uning rafiqasi, kelinimiz Jamilaxon ko‘zyoshlarini tiya olmay o‘sha kunlarni yana xotirlab ketdi:

- Uyimizda ikki-uch haftadan beri besaranjomlik hukmron edi. Deraza romlarini almashtirdik. Ayvon tomonga temir panjara o‘rnatdik. Bu ishlarning barini Ravshan akamning o‘zlari qildi. Rahmatli, juda qo‘li gul, didi nozik inson edi. Faqat bir xonada yashardik. Qolgan xonalarda ohak, ganch, qum va har xil qurilish ashyolari yotardi. Mustaqillik kunigacha ta'mirlashni tugatib, bayram bahona uyimizga tashrif buyuradigan mehmonlarni kutib olish uchun tezroq uyni qo‘ldan chiqarishga shoshilardi, rahmatli.

Ishni tugatish o‘n kilocha sementga taqalib qoldi. Ravshan aka o‘sha kuni kech soat oltilarda uyga kirib keldilar va darrov ta'mirlashda kiyadigan, hammayog‘i ohak, bo‘yoq chaplangan ish kiyimlarini kiyib, sement olib kelishga otlandi. «Ovqatni suzdim, ichib keting» deganimga ham qaramadilar. Ajal shoshirib turgan ekan-da, nailoj.

O‘n besh minutlardan keyin pastga qarab, kelishim bilan menga yordamga tushinglar, deb tayinlab, velosiped va bir qopchiqni olib chiqib ketdilar. Yaqin-atrofdagi bir qurilish do‘konida sement ko‘rib kelgan ekanlar.

Oradan aytilgancha fursat o‘tdi. Kenjatoyimiz Firdavsning shu kunlarda tobi qochib, ancha injiqlanib qolganidan,   qo‘limdan qo‘ymay  ko‘tarib yurardim.   Tez-tez to‘rtinchi qavatdan uyimizning ikki tarafidagi yo‘lga qarab qo‘yaman. Hozir dadang keladi deb Firdavsimni, ko‘proq o‘zimni ovutaman. Yarim soat o‘tdi, bir soat o‘tdi. Yoz kuni bo‘lgani uchun hali tashqari yorug‘ edi. Asta-sekin kun qaytdi. Shom bo‘zraydi.

Tuni bilan uyqu nimaligini bilmadim. Tong oqardi, ammo tun sharpasi ko‘nglimdan ketmadi. Shu kuni ham qo‘shnilarga bildirmay kechgacha kutdim. Keyin tog‘amga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqyeani aytdim. Ertangi kuni soat o‘nlarda eshik qo‘ngirog‘i chalindi. Mustaqillik kuni, hammayoqda bayram edi. Eshikni ochdim. Tog‘am ikki mirshab yigit bilan kirib kelishdi. Tog‘am darrov qo‘limdan bolamni oldi. «Og‘ir bo‘ling, singlim, dedi mirshablarning biri,    - o‘zingizni bosing...»

Rahmatlining murdasi ikki kun o‘likxonada kimligi  noma'lumligicha saqlanibdi. Ustida eski kiyimlar, yonida biror hujjati bo‘lmaganidan uning kimligini aniqlolmagan ekanlar. Tog‘am murojaat qilgandan so‘ng, unga ko‘rsatishibdi. Voqea uyimizdan besh-olti yuz metrlar narida, Toshkent halqa yo‘liga tutashgan avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan ekan. Velosinedga o‘n kilocha sement ortib uyga qaytayotganda orqa tomondan bir avtobus kimo‘zarga o‘ynaganmi, zarb bilan urilgan, zarb ta'siridan Ravshan akam velosiped ustidan uchib, yo‘l chetidagi beton to‘siqqa boshi bilan tushgan ekan. Velosipedga ham deyarli hech narsa qilmagandi. Shu kuni qo‘shnilarga baxtsiz hodisa haqida bildirib, o‘zimiz Qo‘shrabotga jo‘nab ketdik. Qo‘shrabotda uni otasi yotgan qabristonga dafn etib, ma'raka-mavludlarini o‘tkazib, Toshkentga qa'da qilib keldik.

Qo‘shrabotdaligimizda qaynonam, qayin og‘alarim menga bolalarimni olib, o‘z yonlarida yashaganim yaxshiroq deb maslahat solishdi. To‘g‘ri, erimning qabri o‘sha yoqda. Ammo, uning ruhi baribir Toshkentda, deb o‘ylayman. Toshkentdan ketsam, xuddi uning ruhiga xiyonat qilgandek sezaman o‘zimni. Shuning uchun bu shahardan ketolmasam kerak.

 

  Hayot qonunimi yoki tasodif,

  Shundayin bir naql bordir xorijda:

  She'rni jon o‘rnida ko‘rgan shoirlar

  Qishchoqda tug’ilib, o‘lar Parijda.

  Toshkent Parij emas, lekin shoirga

  Tuqqan ona kabi aziz bu makon.

  Ona qishlog’iga, ota yurtiga

  Qaytishga bir lahza bermagan imkon.

  Ijodga baxsh etib neki borini,

  Maydonga tushdilar tikib orini

  Toshkentni kechiring, onalar, ortga

  Qaytarmadi Nazar, Rajab, Chorini.

 

(Viloyatlarda tug‘ilib, Toshkentda bevaqt vafot etgan shoir do‘stlarimiz Nazar Shukur, Muhammadrajab Imomov va Chori Avaz, Ravshan Fayz nazarda tutilyapti.)

 

Manba: Erta so’ngan yulduzlar. 2004 yil

 

Ravshan Fayz
Bu qaydlar, xotiralar o‘ttiz besh yoshida (1995 avgust) baxtsiz hodisa sabab dunyodan bevaqt ko‘z yumgan do‘stimiz Ravshan Fayz haqida. Ularni yozganimda ko‘nglimda nur o‘ynaydi, qalamim yengil-ravon yurdi, yelkam osha do‘stim ruhi ko‘z tashlab turganligini sezdim.
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.

Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Agar fikr bildirmoqchi bo‘lsangiz, iltimos, saytga a’zo bo‘ling yoki a’zo sifatida kiring
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan