REFERAT
MAVZU: INSON VA TABIAT
O’qituvchi:
Talaba:
2012 yil
XI. INSON VA TABIAT
1. Ekologik madaniyat
Tabiat yer yuzidagi jamiki tirik mavjudot uchun muqaddas go'shadir.
Tabiat ularni to'ydiradi, kiydiradi, issiq va sovuqdan asraydi. O'z navbatida
tirik mavjudot ham tabiatga mehr qo'yadi. Bu mehr tabiatni asrash, uning
boyliklarini ko'paytirish tuyg'usi bilan uyg'unlasha olsagina haqiqiy sanaladi.
Yaqin o'tmishimizda biz «Tabiatni sevamiz» deb bong urdigu, biroq uni asrab-avaylash
ishiga mas'ul ekan-ligimizni unutib qo'ydik. Ana shu mas'uliyatsizligimiz
«Ekologiya» deb nomlanuvchi yangi fanga zamin yaratdi. «Ekologiya» so'zi «eko»
— uy, turar-joy, «logos» - fan so'zlaridan olingan bo'lib, u atfof-muhitning
buzilishi va bunga sabab bo'lgan omillar, muhit halokatining oldini olish
chora-tadbirlarini ishlab chiqish borasidagi bilimlarni targ'ib etish
asoslarini o'rganadi.
Yangi asrning barkamol kishiisi o'zida ekologik madaniyat unsurlarini
ham namoyon eta olishi zamon talabidir. Ekologik madaniyat — bu atrof-muhit
to'g'risida chuqur bilimga, tabiatni asrash tuyg'usiga ega bo'lish, o'simliklar
hamda hayvonlarga nisbatan g'amxo'rlik ko'rsatishga, tabiat zahiralaridan
oqilona foydalanish, ularni ko'paytirish borasida qayg'urishga qaratilgan
amaliy faoliyatning yuksak ko'rsatkichidir.
Ana shu xislatlarni o'zida aks ettira olgan insonni ekologik madaniyat
egasi, deb atash mumkin.
Iste'moldan ortiqcha suv jo'mraklardan oqishiga yo'l qo'ymaslik, suv
havzalarini ifloslantirmaslik, axlatni duch kelgan joyga to'kmaslik,
turar-joylarni ozoda saqlash, ko'chat va gullarni sindirmaslik hamda ularni
ekish, hayvonlarga g'amxo'rlik qilish, qushlarni parvarishlash, xonadon va
xiyobonlarni gulzorga aylantirish kabi harakatlarni amalga oshirish ekologik
madaniyatlilikning eng oddiy ko'rinishlari sanaladi.
Hozirgi davrda inson va tabiat, fan-texnika taraqqiyoti va atrof-muhit,
jamiyat va ekologiya o'rtasida nomutanosiblik vujudga kelayotir. Bularning
barchasi ekologik madaniyatni yanada yuksaltirish masalasini ko'ndalang
qo'ymoqda.
Ma'lumki, tabiatda hamma narsa bir-biriga uyg'undir. Fan-texnika
yutuqlaridan unumli foydalanayotgan inson esa ana shu uyg'unlikni buzmoqda,
unga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo'lmoqda. Tabiiy boyliklardan: suvdan,
yerdan o'rinsiz foydalanish ekologiyani o'zgartirib yubordi. Qishloq xo'jaligi
ekinlarini noto'g'ri rejalashtirish, kimyoviy o'g'itlarni haddan ziyod ko'p
qo'llash yer unumdorligi va inson salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatyapti.
Korxonalardan oqib chiqayotgan zaharli oqavalar suv havzalarini ifloslantirishi
birinchi navbatda hayvonot olami va o'simliklar dunyosiga ofat keltirmoqda.
Transport vositalaridan chiqayotgan tutun-gaz havoning tozaligini buzyapti.
Bularning barchasi insondan ekologik madaniyatni talab etmoqda.
Buni yodda fitting: 1992-yil 9-dekabrda O'zbekiston Respublikasining
«Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida»gi Qonuni qabul qilindi. Sog'lom avlod
davlat dasturi va «Ekologik ta'lim-tarbiya konsepsiyasi» ishlab chiqildi,
«Ekosan» jamg'armasi tuzildi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tabiatni
muhofaza etish va ekologiyaga oid zarur hujjatiar qabul qiiib, ekologiya
ishlarining huquqiy asosini yaratdi.
Aslida, ekologik madaniyat tabiatni barcha go'zalliklari bilan his
qilishdan, sevishdan boshlanadi. Insonning tabiat kuchlari — sovuq va issiq,
qurq'oqchilik, yong'inlar, turli ofatlar ustidan g'alabasi unga bo'lgan
munosabatini o'zgartiradi. Bu ko'r-ko'ronalikdan asta-sekin ongli munosabatga
aylana boradi. Tabiatga bo'lgan mehr tuyg'usi boyib, unga munosabat shaxs
madaniyatining ajralmas bir bo'lagini tashkil etadi.
Har bir inson tabiatdan bahra oladi. Ammo bu hali tabiatga muhabbat
degani emas. Tabiatga muhabbat uni tushunishdan, uning go'zalliklarini
anglashdan, tabiat bilan munosabatga kirishishdan boshlanadi.
O'z navbatida, tabiat insonda kuzatuvchanlik, sezgirlik, nazokatlilik
kabi tuyg'ularni tarbiyalaydi. Bu — insonda ikki ko'rinishda: tabiatga va
o'ziga bo'lgan munosabatlarda namoyon bo'ladi.
Inson tabiatdan faqat zavqlanishni emas, balki uni yaxshi tushunishni
ham o'rganadi. Natijada, o'zligini his qilib, tabiatdan unga inson bo'lish
imkonini bergan «narsa»ni, ya'ni insonga xos madaniyat hislarini topishga
intiladi. Demak, insoniy tuyg'ular tabiatga mehr bilan qarashdan oziq oladi.
Tabiat insonda vatan tuyg'usini uyg'otadi, uni mehnat va jasoratga
undaydi, juda ko'p tuyg'ularni kamol toptiradi hamda ko'p narsalarni talab
etadi. Madaniyatli, ma'naviy kamol topgan inson uchun o'z Vatani tabiatini
muhofaza qilish hayoti va faoliyatining uzviy qismiga aylanib qoladi.
O'rta asrlarda yashab ijod etgan allomalar tabiat va undagi muvozanat,
hayvonot olami va o'simliklar dunyosi, atrof-muhitni e'zozlash haqida qimmatli
fikrlar aytganlar.
Muhammad Muso al-Xorazmiy risolalaridan birida odamlarni daryoga mehrli
bo'lishga da'vat qjladi, agar daryoning ko'zlari yoshlansa, uning boshiga g'am
kulfati tushgan bo'ladi, deydi. Ehtimol, buyuk bobomiz daryo suvini ortiqcha
isrof qilmaslikni ham nazarda tutgandir?
Abu Rayhon Beraniy esa tabiatning davomiyligi haqida shunday fikr
aytadi: «Ekin ekish va nasl qoldirish bilan dunyo to'lib boraveradi».
Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarida ko'rgan-kechirganlari,
borgan joylarining tabiati, boyligi, hayvonoti, o'simliklari va odamlari,
xalqlarning urf-odatlarini tasvirlagan. Unda yer, suv, havo, turli tabiat
hodisalariga tegishli ko'plab fikrlar bor. Bobur o'lkani bilgan kishilarni
hurmat qilgan, qadrlagan va ular bilan hamisha maslahatlashgan. Ayniqsa, u
gullar, manzarali hamda mevali daraxtlarni ko'paytirishga e'tibor bergan.
Madaniyatli kishi tabiat va jamiyat o'rtasidagi muvozanatni saqlaydi, bu
borada boshqalarni ham to'g'ri faoliyat ko'rsatishga da'vat etadi, hech
bo'lmaganda ko'chalarga axlat tashlanmasligiga, suv va havo ifloslanmasligiga
hissa qo'shadi.
Ekologik madaniyat tarkibiga tabiatni muhofaza qilish madaniyati, tabiat
boyliklaridan foydalanish madaniyati, ekologik tizimni qaytadan o'zgartirish
madaniyati ham kiradi. Bular bir kishining yoki hududning vazifasi bo'la
olmaydi. Umum insoniyat bunday vazifalarni yechishga birgalikda kirishsagina
ekologik muammolar hal bo'ladi.
Masalan, birgina Orol muammosi bunga yaqqol dalil bo'la oladi.
Orol dengizining suvi kamayib ketishi haqida dastlabki xavotirlar
bildirilganidan beri yarim asrdan ortiq vaqt o'tdi. O'zbekiston mustaqilligi
e'lon qilinishidan oldingi yillarda dengizning sathi keskin kamayib
ketayotganligi baralla gapirilib, bu masalaga butun dunyo mamlakatlari va
suvchi mutaxassislarning e'tibori tortildi.
Buni yodda fating: Orolning qurib ketishi faqatgina uning atrofida
joylashgan O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston emas, butun dunyo iqlimiga
salbiy ta'sir etadi. Shu-ning uchun Orolni saqlab qolish dunyo ahamiyatidagi
muammodir.
Biz kelajak avlodlarga yaratgan ma'naviy va moddiy boyliklarimizni,
bizgacha mavjud bolgan tabiatni va unga munosabatimizni, ya'ni ekologik
madaniyatimizni ham meros qoldiramiz. Ekologik madaniyat, bu — faqat tabiatga
zarar keltirmaslik emas, balki uning tiklanishi, yanada go'zallashuvi,
gullab-yashnashiga hissa qo'shish, atrof-muhitni g'orat etuvchilarga qarshi
beayov kurash olib borish degani hamdir.
