
SOHIBQIRON AMIR TEMUR
Mashhur davlat arbobi, O‘rta
asrlar islohotchisi, sarkarda, adolat uchun tolmas kurashchi, ilm-fan va madaniyat
rahnamosi Amir Temur davrida ilm-fan, madaniyat va ta’lim mislsiz darajada yuksaldi.
Siyosiy maydonga qadam
qo‘yganida Amir Temur endigina 24 yoshga kirgandi. Mamlakat parokanda, mahalliy
siyosiy kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro qarama-qarshiliklar avj olgandi. Ustiga
ustak, Chingizxon avlodlari Movarounnahrga tez-tez bosqin uyushtirib turardi.
Taxminan bir asr davom
etgan bu davrda Movarounnahrning istibdod alamini tortgan oddiy fuqarolaridan
to yirik siyosiy arboblariyu din peshvolarigacha juda ham og‘ir kun
kechirdilar. Jamiyatga ozodlikka va taraqqiyotga bo‘lgan intilishlarni o‘zida mujassam etgan xaloskor, dohiy zarur
edi. Taqdir taqozosi bilan Amir Temur
ana shunday xaloskor va yo‘lboshchi
sifatida tarix sahnasida paydo bo‘ldi.
1370 yilda Amir Temur
Balxda bo‘lib o‘tgan qurultoyda Movarounnahrning ulug‘ amiri deb e’lon qilindi.
Tarqoqlikni bartaraf etib, ayrim o‘lkalarni yagona davlatga birlashtirish Amir
Temurning asosiy maqsadi edi. U davlatning poytaxti qilib So‘g‘diyonaning
qadimiy poytaxti bo‘lgan Afrosiyob xarobalari yonidagi Samarqandni belgiladi va
yangi shaharga asos soldi.
Amudaryo bilan Sirdaryo
oralig‘i, shuningdek, Farg‘ona va Shosh viloyatlarini birlashtirib o‘ziga
bo‘ysundirgandan keyin Amir Temur boshqa mamlakatlarga harbiy yurishlarga
kirishdi.
Amir Temur saltanati
O‘rta Osiyoda 35 yil (1370-1405) hukm surdi. U Markaziy Osiyo hududlarini
yagona markazlashgan davlatga birlashtirdi, Hind va Gangadan to Sirdaryo va
Zarafshongacha, Tyan-Shandan to Bosforgacha ulkan imperiya barpo etdi.
Amir Temur harbiy
yurishlarining bilvosita oqibatlari ulkan ahamiyatga ega: u Xitoyda Min sulolasi davlat boshiga
kelganda mo‘g‘ullarning Xitoyga solayotgan xavfining oldini oldi; Oltin O‘rdani
yengib Moskva Rusi uchun ham xuddi shunday yordam ko‘rsatdi. 1402 yilda
usmonlilar sultoni Boyazid ustidan
Yevropa uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan g‘alabani qozonib, usmonlilarning Konstantinopolni istilo
etishlarini yarim asrga surib yubordi. Frantsuz tarixchisi R.Grusse 20-asr
boshlarida “Amir Temurning Boyazid ustidan g‘alabasi xristian olamini asrab
qoldi”, deb yozgan edi.
Tarix Amir Temurni makedoniyalik Iskandar, Doro 1, Yuliy Sezar
kabi yirik sarkardalar bilan bir qatorga qo‘yadi. Amir Temur mingta jang
o‘tkazib birontasida ham yengilmagan mashhuri zamon sarkarda sifatida, davlat
tuzilishi ishlariga, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat taraqqiyotiga ulkan hissa
qo‘shgan siyosiy arbob sifatida tarixga kirdi.
Amir Temur tarafidan
tarqoq viloyatlar yagona davlatga birlashtirilib, markaziy hokimiyat tuzilib
barqarorlashgandan keyin, mamlakat iqtisodiyoti mustahkamlandi, savdo va
hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojlana
boshladi, qo‘shni va uzoqdagi mamlakatlar bilan savdo-xo‘jalik aloqalari
kengaydi.
Amir Temur hayotlik
paytida davlat boshqaruvi haqida “Temur tuzuklari” degan nomda mashhur bo‘lgan
maxsus kitob yozilgan edi. Unda bu mashhur davlat arbobi va sarkardaning harbiy
san’atga, davlat tuzilishi va mamlakatni boshqarishga oid qarashlari aks etdi.
“Kuch adolatda” shiori
butun Amir Temur davlati hududida
axloqiy va ma’naviy mezonga aylandi.
XIV-asrning ikkinchi
yarmida Movarounnahr Yaqin va O‘rta Sharqning tijorat, iqtisod va madaniyat markaziga aylanib bordi.
Chingizxon qo‘shinlari tomonidan tag-tubigacha vayron qilingan Samarqand, Kesh,
Buxoro, Termiz,
Ulkan va bepoyon
mamlakatning poytaxti rutbasini olgan
Samarqand, Amir Temurning niyatiga ko‘ra, kurrayi zamindagi eng chiroyli
shaharga aylanishi kerak edi. Samarqand O‘rta Sharq va Markaziy Osiyoning eng
yaxshi me’morlari to‘plangan shaharga aylandi. Me’mor va bunyodkor ustalarning
bahamjihat sa’y-harakatlari tufayli jahon me’morchiligida yangi yo‘nalish paydo
bo‘ldi va u ijodning go‘zal namunalarini in’om etdi
Amir Temur hayotlik
paytida bunyod etilgan o‘nlab me’moriy yodgorliklar inson tafakkuri, aqli va
salohiyatining benazir tajassumi edi.
Amir Temur XII-asrda
yashagan islom ilohiyotchisi, shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy dahosiga
ehtirom ko‘rsatib, uning sharafiga Turkiston shahridagi kichik daxma ustida
ulug‘vor maqbara bunyod ettirdi. Maqbara bugungi kunda ham o‘zining salobati,
ko‘rki va ajoyib sopol bezaklari bilan kishini hayratlantiradi.
Xoja Ahmad Yassaviy
adolatni, insonning axloqiy poklanish va komillikka erishish g‘oyalarini
targ‘ib etguvchi so‘fiylikning “yassaviya” tariqati asoschisi edi. Amir Temur
Xoja Ahmad Yassaviyni o‘zining piri deb bilar, dinga kishilarni ma’naviy va axloqiy kamolotga yetaklovchi,
mamlakat kuch-qudrati va ulug‘vorligini
mustahkamlovchi kuch sifatida yondashardi.
XV-asr tarixchisi
Sharafiddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, Amir Temur “obodonchilikka
arziydigan bir qarich ham yer bo‘sh qolmasin”,
deb qayg‘urardi.
Ulkan va qudratli
saltanat barpo etgan Amir Temur yangicha tarixiy vaziyatda mamlakatda
ma’naviyatning gullab-yashnashi, yuksalishi va o‘tmish davrlarning oliy
an’analari tiklanishi uchun shart-sharoit yaratdi. Amir Temur va Temuriylar sulolasi
vakillarining gumanitar sohalarga alohida
e’tibori tufayli XIV-XVI asrlarda yuksak ilmiy va ijodiy yutuqlarga
erishildi.
Amir Temur va Temuriylarning
ayollarga bo‘lgan mehribonlarcha munosabatlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Amir Temur o‘zining suyukli rafiqasi Bibixonim sharafiga Samarqandda ulug‘vor
jome masjid qurdirdi. Bibixonim nomi bilan ataluvchi bu masjid Amir Temur
davrining eng mahobatli binolaridan biri sanaladi. Masjid 1399-1404 yillarda
qurilgan va hozirga qadar yaxshi saqlangan. Buyuk bobokalonidan o‘rnak olgan
boburiy Shohjahon suyukli rafiqasi Mumtoz Mahal begim uchun 1652 yilda maqbara
- dunyo mo‘’jizalaridan biriga aylangan
nodir me’moriy yodgorlik qurdirdi.
Amir Temur va Temuriylar
davrida adabiyot, amaliy va tasviriy san’at rivojlandi. Ayniqsa, islomga qadar
mavjud bo‘lgan devoriy monumental rasm va kitob miniatyurasi san’ati yuksaldi.
Amir Temur tarixda mohir
diplomat va davlatlar o‘rtasida yaxshi munosabatlarni rivojlantirish,
savdo-iqtisodiy aloqalarini yo‘lga qo‘yish
tarafdori sifatida chuqur iz qoldirdi. U Yevropa va Osiyo o‘rtasida
o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarni amalga
oshirdi. Sohibqiron dunyoning turli mamlakatlari bilan aloqalar o‘rnatdi: bir
tarafdan – Xitoy, Hindiston, ikkinchi tarafdan – Frantsiya, Angliya,
shuningdek, Usmonlilar imperiyasi, Ispaniya, Italiya, Misr va boshqa davlatlar.
Amir Temur
savdo-iqtisodiy munosabatlar orqali xalqlar va mamlakatlar orasida yagona makon
yaratishda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. U Ispaniya qiroli Genrix III
Frantsiya qiroli Karl IV, Angliya qiroli Genrix saroylariga elchilar yo‘lladi; ayni paytda o‘z saroyida ispan, frantsuz,
ingliz, xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlarning elchilarini qabul qildi.
Amir Temur umrining ko‘p
qismini yurishlarda o‘tkazdi. Sharqqa
qilgan yurishi paytida Amir Temur 1405 yil 18 fevral kuni O‘tror
shahrida vafot etdi. Uning jasadi Samarqandga olib kelinib, 23 fevral kuni
Go‘ri Amirda, nabirasi Muhammad Sulton daxmasida dafn qilindi.
Yevropalik olimlar Amir
Temur va uning faoliyati haqida bundan to‘rt yuz yil ilgari gapira boshlagan
edi. 1553 yilda Florentsiya (Italiya)da italyan olimi Perondino qalamiga mansub
“Skiflik buyuk Tamerlan” kitobi bosilib chiqdi. Bu Yevropada Amir Temur
haqidagi ilk ilmiy tadqiqot hisoblanadi.
Yevropa tillarida
(ispan, ingliz, frantsuz) e’lon qilingan yozma manbalar ichida birinchi o‘rinda
ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga Amir Temur saroyiga
sayohat kundaligi (1403-1406)” turadi. Buyuk Rembrandt Boburiylar zamonidagi
hind miniatyuralaridan ilhomlanib, Amir
Temurni uning vorislari Umarshayx, Zahiriddin Bobur, Humoyun va Akbar davrasida
tasvirlaydi.
XVI asrda yashagan
mashhur ingliz shoiri va dramaturgi Kristofer Marloning “Buyuk Temur” nomli
tragediyasida yosh Temurbek o‘zining tengsiz aqli, salohiyati va shijoati bilan
jahon tarixidagi qudratli podsholardan biriga aylangani namoyish etilgan.
Tragediya XVI asrgacha sahnadan tushmay, Angliyada teatr mavsumini boshlab
bergan.
Bir necha yevropalik
bastakorlar operalarda Amir Temur obrazini yaratganlar. XVI asr boshida italyan
bastakori Gaspirni “Tamerlan” operasini
yaratdi. Mazkur opera Vena teatrida sahna yuzini ko‘rdi. Bastakor Leo uni
Neapol teatrida sahnalashtirdi. Antonio Vivaldi, Skolari, Gendel va boshqa
bastakorlar ham bu mavzuda musiqa asarlari yaratganlar.
Bugun jahonning ellikdan ortiq mamlakatida temurshunos olimlar ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Temur va Temuriylar davriga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblar chop etilmoqda. O‘tgan olti yuz yil mobaynida Yevropa tillarida Amir Temurga bag‘ishlab yozilgan salmoqli asarlarning soni 500 ga yetdi, Sharq tillarida esa 900 dan oshdi.
