
Fan;Davlat va Huquq asoslari
Bajardi: Tekshirdi:____________
I. Davlatning vujudga kelishini oddiygina qilib quyidagicha tushunish mumkin.
Davlatning vujudga kelishi
uchun ijtimoiy tabaqalashuv vujudga kelgan. Ijtimoiy tabaqalashuv esa
turli sinflarni vujudga keltirgan, ya’ni hukmron va qaram sinflarni. Dastlabki,
qaram sinflarni vujudga kelishi uchun faqatgina moddiy ehtiyoj sabab bo’lgan. Ya’ni
bir guruh odamlar turli xil yo’llar bilan ortiqcha mulk evaziga boyiy
boshlaganlar va shu mulki orqali boshqa bir guruh odamlarni boshqara olganlar.
Agarda tarixga nazar
tashlasak, turli xil davlatlarning vujudga
kelishidagi tabaqalashuv turli xil omillar asosida sodir bo’lgan.
Davlatning kelib
chiqishi to’g’risidagi masala ko’p asrlar davomida ko’plab mutafakkir
faylasuflar, huquqshunoslar, tarixchilarni o’ylantirib kelgan. Davlat va
huquqning kelib chiqishi haqida turli xil nazariyalar mavjud. Shulardan
ayrimlarini ko’rib chiqish mumkin.
1. Ilohiy (teologik)
nazariya. Bu
nazariya asoschilari vakillari davlatning xudo tomonidan yaratilganini
uqtiradilar., “butun hokimiyat xudoniki” degan qoidani ilgari suradilar. Bu
nazariya qadimda paydo bo’lgan va o’rta asrlarda keng tarqalgan.
2. Patriarxal nazariya tarafdorlari davlat kattalashib
ketgan oiladan bevosita kelib chiqqn, monarx hokimiyati esa go’yo oilaning
barcha a’zolariga rahbarlik qiladigan otadan meros bo’lib o’tgan deb
hisoblaydilar. Ushbu nazariya Yunonistonda paydo bo’lgan Aflotun va Arastu o’z
asarlarida asoslab berganlar. Aflotun o’zining mashhur “Davlat” asarida oiladan
o’sib chiqqan adolatli davlatni ifodalaydi.
3. Shartnoma nazariya. Gollandiyada ushbu nazariyani
Grosiy va Spinoza, Angliyada – Lokk va Gobbs, Fransiyada Russo, Rossiyada
A.N.Radishchev rivojlantirgan. Uning fikricha, hokimiyat xalqqa tegishli
bo’lib, xalq uni monarxga bergan. Normal hayot kechirish uchun odamlar davlat tuzish
to’g’risida o’zaro shartnoma tuzadilar, ixtiyoriy sur’atda unga o’z
huquqlarining bir qismini topshiradilar. Keyinchalik ularning ma’lum bir
shaxsga bo’ysunishlari haqida ikkilamchi shartnoma tuziladi.
4. Zo’ravonlik
nazariyasiga ko’ra bir qabila 2-qabilani bosib oladi va
natijada bosib olingan qabilaga itoatkor hisoblanadi. Bosib olgan qabila
esa hokimiyatini mustahkamlash uchun
davlat tuzadilar.
5. Irrigatsiya nazariyasiga ko’ra,
davlatlarning kelib chiqishi, ularning ilk shakllari Sharqda ulkan suv
inshootlarini qurish va ulardan foydalanish bilan bog’liq.
6. Sinfiy nazariya namoyondalari fikricha, davlat
iqtisodiy sabablar – ijtimoiy mehnat taqsimoti, qo’shimcha mahsulot va xususiy
mulkning paydo bo’lishi, jamiyatnig qarama-qarshi iqtisodiy manfaatlarga ega
sinflarga ajralishi tufayli kelib chiqqan. Bunda davlat hukmron sinf
manfaatlarini himoya qiladi.
7. Psixologik nazariya. Bu
nazariya asoschilari davlatning paydo bo’lish sabablarini insonning ruhiy
holati, biopsixikinstinklari bilan bog’laydilar. Taniqli rus olimi
L.I.Petrajitskiy go’yo inson ruhiyatiga buyuk shaxslarga tobelik, bo’ysunish
ehtiyoji mavjud, degan g’oyani o’rtaga tashlaydi.
8. Islom nazariyasi. Bu nazariya islomda fiqh fani
doirasida VIII-X asrlarda tarkib topgan. Uni ta’riflashda klassik musulmon
huquqida hokimiyat munosabatlarini tartibga soluvchi Qur’on va Sunna qoidalari
ko’p emasligini nazardan qochirmaslik muhimdir. Bundan tashqari “davlat”
atamasining o’zi ular tomonidan qo’llanilmaydi. Faqat “imomat” va “xalifalik”
tushunchalari mavjud. Ular keyinchalik musulmon davlatini ifodalashda qo’llana
boshlagan.
Davlatning kelib
chiqishi haqidagi Islom ta’limoti asosida eng yirik huquqshunoslardan biri
al-Mavardi qarashlari ham yotadi.
II. Huquqiy davlat-huquqning hukmronligi,
qonunning ustunligi, barchaning qonun va mustaqil sud oldida tengligi
ta’minlanadigan, insoning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadigan, hokimiyat
vakolatlarining bo’linishi prinsipi asosida tashkil etilgan demokratik davlat.
Huquqiy davlatning asosiy
belgilariga quyidagilar kiradi:
1. Huquqning hukmronligi. Davlat hududida bo’lgan barcha
shaxslar-ushbu davlat fuqarolari, xorijliklar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar,
yuridik shaxslar, mansabdor shaxslar, davlat hokimiyati idoralari huquqqa
bo’ysunadilar.
2. Konstitutsiya va qonunning
ustunligi.
Konstitutsiya va qonunlar huquqiy normalar tizimida oliy yuridik kuchga egadir.
Turli xil davlat idoralari chiqaradigan normativ-huquqiy hujjatlar qonunlarga
zid bo’lmasligi kerak.
3. Inson huquqlari va erkinliklariga
rioya etilishi, ularning himoya qilinishi va ta’minlanishi. Inson
huquqlari va erkinliklari unga tug’ilganidan tegishli bo’lib, ular insondan
ajralmasdir. Barcha fuqarolar qonun va mustaqil sud oldida tengdirlar.
4. Davlat va fuqaroning o’zaro mas’uliyati. Davlat qonunlarda shaxs erkining
me’yorini belgilab qo’yar ekan, xuddi shu chegaralarda o’zini ham qaror qabul
qilishda cheklab qo’yadi.
5. Jamiyatdagi hokimiyatning qonuniyligi. Hokimiyat qonuniy deb e’tirof
etilishi uchun u quyidagi talablarga javob berishi shart: demokratik saylovlar
yo’li bilan shakllantirilgan bo’lishi, samarali faoliyat yuritib, jamiyatda
barqarorlik va qat’iy tartibni ta’minlashi, ham mamlakat ichkarisida, ham
xalqaro miqyosda tan olinishi.
6.
Hokimiyat vakolatlarining bo’linishi. Davlat hokimiyati bir qo’lda to’planib
qolmasligi uchun hokimiyatning uchta tarmog’ini-qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi
va sud hokimiyatini ajratib qo’yish kerak. Ushbu hokimiyat tarmoqlarining har
biri o’z vakolati doirasida amal qiladi.
7. Sudning mustaqilligi. Sud davlat hokimiyatining boshqa
ikki tarmog’i kabi mustaqildir. Boshqacha aytganda, sud faoliyatiga hech
kimning aralashishiga yo’l qo’yilmaydi.
8. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning samarali ishlashi. Agar inson huquqlari va
erkinliklari poymol etilsa yoki bunga tahdid mavjud bo’lsa, huquqni muhofaza
qiluvchi idoralar unga yordam berishlari kerak. Ushbu huquq va erkinliklarni
himoya qilishlari kerak.
9. Huquqiy madaniyatning yuksak
darajada ekanligi. Huquqiy madaniyatning eng muhim ko’rsatkichi jamiyatdagi huquqiy ong
darajasidir. Huquqiy ong huquqqa munosabat, qonun talablarini bajarish
zarurligini anglash darajasini ifodalaydigan huquqiy qarashlar yig’indisi.
Huquqiy madaniyat amaldagi qonunlarni bilish, huquqni hurmat qilish va huquqiy
qoidalarga rioya etishda namoyon bo’ladi.
10. Demokratiyaning rivojlanishi va takomillashuvi. Siyosiy huquqlar va erkinliklar
kafolatlanishi, xalq davlat boshqaruvida doimo ishtirok etishi, rivojlangan
fuqarolik jamiyati shakllanishi va ma’lum bir muxolifatning bo’lishi zarur.
Huquqiy davlat etatik davlatdan
butunlay ajralib turadi. Mazkur tafovut davlat hokimiyatini tashkil qilish va
amalga oshirishning barcha taraflari, shuningdek, oldida turgan vazifalarni hal
etish shakl va usullari, jamiyat, millat va elatlar, ijtimoiy guruhlar va
alohida fuqarolar, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari kabi tarmoqlarni
qamrab oladi.huquqiy davlat normativ qonunlarni qabul qilish va e’tirof etish
bilan cheklanib qolmaydi. Davlatning huquqni amalga oshirish borasidagi
faoliyati uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Huquqiy davlat uchun fuqarolarning
davlat oldida va davlatning fuqarolar oldida o’zaro mas’ulligi xosdir.
III. Davlatning funksiyalari ichki va
tashqi funksiyalarga bo’lina- di. Davlatning ichki funksiyalari mamlakat ichki
hayotini boshqarishga qaratilgan faoliyatining asosiy yo’nalishidir.
Ichki funksiyalariga quyidagilar
kiradi:
· regulyativ (tartibga solish,
boshqarish);
· qo’riqlash (saqlash, muhofaza
qilish);
Regulyativ funksiya
davlatning iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi o’rnini belgilaydi:
Ø iqtisodiy;
Ø ijtimoiy;
Ø siyosiy;
Ø ma’naviy;
Ø moliyaviy;
Qo’riqlash funksiyasi
davlatning huquq bilan mustahkamlangan va tartibga solingan ijtimoiy
munosabatlarni ta’minlash va himoya qilishga qaratilgan quyidagi faoliyatini
taqozo etadi:
fuqarolar huquq va erkinliklarini
muhofaza etish;
tabiatni muhofaza qilish;
barcha shakllardagi mulklarni himoya
qilish;
huquqni muhofaza qilish;
Tashqi funksiyalar – davlatning xalqaro maydondagi
faoliyatining asosiy yo’nalishlari.
1.Xalqaro hamkorlik: tashqi siyosiy
faoliyat; tashqi iqtisodiy faoliyat.
2. Mudofaa va milliy xavfsizlikni
ta’minlash.
Xalqaro hamkorlik har qanday davlat
uchun hayotiy zaruratdir. Yer yuzida
hozir 200 dan ortiq davlat bor. Ularning har biri me’yorda hayot kechirish va
o’zaro hamkorlik qilishga ehtiyoj sezadi. Xalqaro hamjamiyat xalqaro huquqning
o’zagini tashkil etuvchi umume’tirof etgan prinsip va qoidalarning butun boshli
majmuasini ishlab chiqqan. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar o’rtasidagi
hamkorlik ana shu prinsiplar asosida amalga oshiriladi.
Suveren davlat bo’lgan O’zbekiston
Respublikasi jahondagi barcha davlatlar bilan faol hamkorlik qilmoqda, ko’plab
xalqaro tashkilotlar, jumladan, eng nufuzli xalqaro tashkilot bo’lgan BMT ning
a’zosidir.
Davlatning mamlakat mudofaasi va
xavfsizligini ta’minlash funksiyasini, eng avvalo, mamlakatning Qurolli
Kuchlari hamda Milliy xavfsizlik xizmati bajaradi.
IV. Davlat shakli deganda, davlatning
tuzilishi va boshqaruv usulini belgilaydigan tashqi xususiyatlari tushuniladi.
Davlat hakli quyidagi uchta jihatni o‘zida ifodalaydi:
ü davlat boshqaruvi shakli;
ü davlat tuzilishi shakli;
ü siyosiy tuzum;
Boshqaruv shakli deganda, oliy davlat hokimiyati, uning idoralari, aholi bilan o’zaro
munosabati, aholining ushbu idoralarni shakllantirishda ishtirok etish darajasi
tushuniladi. Boshqaruv shakliga ko’ra davlatlar monarxiya va respublikaga
bo’linadi.
“Monarxiya”
so’zi yunonchada “yakka hokimlik” ma’nosini bildiradi. Monarxiya oliy hokimiyat
yakka hokim-davlat boshlig’ining qo’lida bo’lgan va bu hokimiyat meros qilib
beriladigan davlat boshqaruvi shaklidir. Monarxiya mutlaq va cheklangan
bo’ladi. Davlat hokimiyatini boshqa bironta idora bilan cheklanmagan monarx
(qirol, podsho, imperator) amalga oshirsa, (masalan, Saudiya Arabistoni),
bunday monarxiya mutlaq monarxiya deyiladi.
Agar monarxning hokimiyati
konstitutsiya asosida amal qiladigan biron-bir vakolatli idora bilan cheklangan
bo’lsa, bunday monarxiya cheklangan,
konstitutsiyaviy, parlament shaklidagi monarxiya bo’ladi (masalan, Buyuk
Britaniya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya). Davlat tuzilishi bo’yicha oddiy (unitar)
va murakkab (federativ va konfederativ) bo’ladi.
