SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Iyul 2019
YaDuSeChPaJuSh
 123456
78910111213
14151617181920
212324252627
28293031   
YOQUB AHMEDOV (1938)

Iste'dodli teatr va kino aktyori Yoqub Ahmedov 1938 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutini tugatgach, 1958 yildan beri Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida aktyor, 1992 yildan beri esa shu teatrning direktori sifatida faoliyat ko’rsatib kelmoqda.

Y. Ahmedov mazkur jamoada ishlash jarayonida ellikdan ortiq spektakllarda asosiy rollarni mahorat bilan talqin etdi. U dastlab Uyg‘unning «Parvona» asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini ijro etdi. Aktyor bu birinchi mustaqil rol ustida tinimsiz mehnat qildi, izlandi. Murodjon uning sevimli rollaridan bo‘lib qoldi. U roldan-rolga o‘sib borib, keyinchalik qator ajoyib obrazlar turkumini yaratdi. Shu o‘rinda u yaratgan ba'zi obrazlarni eslash joizdir: Oq yigit (Mustay Karim, «Oy tutilgan tunda», 1966), Protey (V. Shekspir, «Veronalik ikki yigit», 1966), Dulchin (A. Ostrovskiy, «So‘nggi qurbon», 1967), Beruniy (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy», 1973), Kreont (Sofokl, «Antigona», 1977), Karenin (L.Tolstoy, «Tirik murda», 1978), Gorodulin (A. Ostrovskiy, «Har to‘kisda bir ayb», 1982), Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi», 1982), Bobur (P. Qodirov, «Yulduzli tunlar», 1983), Abay (M. Avezov, «Abay», 1983), Shohjahon (Uyg‘un, «Zebunniso». 1983). Otello (V. Shekspir, «Otello», 1984), Yusufbek hoji (I. Sulton, «Abdulla Qodiriyning o‘tkan kunlari», 1988), Atisher Navoiy (Uyg‘un, I. Sulton, «Alisher Navoiy». 1991). Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Aktyor ijodida, ayniqsa, Ali Qushchi (M. Shayxzoda, «MirzoUlug‘bek»). Kreont (Sofokl, «Antigona»), Shohjahon (Uyg‘un, «Zebunniso») obrazlari muhim o‘rin tutadi. Ular Hamza teatrida yaratilgan nodir obrazlar qatoridan joy oldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Y. Ahmedov o‘zi yaratayotgan xarakterning ichki dunyosini, o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘z qarashlar, imo-ishoralar, sahna harakatlari orqali yorqin va chuqur ochishga mohir aktyorlardandir.

Uning o‘ziga xos jarangdor va ta'sirchan ovozi, so‘zlash mahorati bor. Bu ovoz hech kimni befarq qoldirmaydi. Aktyor obraz yaratar ekan, unga tabiat in'om etgan ana shu betakror imkoniyatdan to‘la foydalanishga harakat qiladi.

Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Bobur, Furqat, Ali Qushchi, Abay kabi buyuk zotlar, olimu fozil kishilar obrazlarini yaratish Yoqub Ahmedovga ham nasib etgan. Bu aktyordan katta mas'uliyat, tinimsiz mehnat, tarixiy o‘tmish voqealarini chuqur o‘rganishni talab etar edi.

San'atkor bu mas'uliyatni yurakdan his etib, ko‘zlangan maqsadga erishdi.

Yoqub Ahmedovni kino san'ati muxlislariga ilk bor tanitgan obraz - Turob To‘la ssnenariysi asosida rejissyor Y. A'zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan «Furqat» badiiy filmidagi Furqat obrazi bo‘ldi. Shundan keyin u kinoda o‘ttizdan ortiq obrazlar yaratdi. Uning ijodiga mansub Okxoy («Gang daryosining qizi»), Qodirov («Zumrad»), Azizbek («O‘tkan kunlar»), Sultonali («Mehrobdan chayon») va boshqa obrazlarni alohida ta'kidlash o‘rinlidir. U «Alibobo va qirq qaroqchi» filmida ham suratga tushdi. Shuningdek, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan to‘rt yuzdan ortiq filmlarga ovoz berdi.

Yoqub Ahmedov «O‘zbektelefilm» ijodkorlari yaratgan «Alisher Navoiy», «Ulug‘bek xazinasi», «Diyonat», «Girdob», «Ichkuyov» va boshqa videofilmlarda yetakchi rollarni maromiga yetkazib ijro etdi. U yaratgan Alisher Navoiy obrazi aktyor ijodida muhim o‘rin egallaydi.

Y.Ahmedov iqtidorli aktyor, mohir tashkilotchi sifatida mamlakatimiz madaniy hayotida, respublika va viloyatlarda o‘tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy tadbirlarda, yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalash ishida faol qatnashib kelmoqtsa.

San'atkorning ko‘p qirrali va sermahsul ijodiy faoliyati munosib taqdirlandi. Unga «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berildi. 1977 yilda Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1997 yilda esa «Do‘stlik», 2005 yilda «Mehnat shuhrati» ordenlariga munosib ko‘rildi.

 

 

Shokirov O’.   O’zbek san’atkorlari. T.,2010

Administrator
Sayt administratori
Ko‘chirib olishni xohlasangiz, saytga a’zo bo‘ling yoki foydalanuvchi nomi ostida kiring.

Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan