
Gorillalar — odamsimon maymunlarning eng yirigi bo'lib, erkagi tanasining uzunligi ikki metrgacha, og'irligi 270—280 kg gacha bo'lishi mumkin. Boshi katta, bo'yni qisqa va yo'g'on, ko'krakdor, qo'llari oyoqlaridan uzun, ko'zlari chuqur joylashgan, gavdasi malla va oq-qoramtir jun bilan qoplangan bo'ladi. Markaziy Afrikaning tropik o'rmonlarida va tog’li yerlarida tarqalgan. Gavdasi yirikligi sababli, asosan yerda yashaydi va ovqatlanadi. O'simliklarning hamma qismini — ildizidan tortib mevasigacha yeyaveradi. Go'sht yemaydi. 5 tadan 30 tagacha bir oila bo'lib, kuchli erkagi boshchiligida yashaydi. To'rt yilda bittadan bola tug'adi. Gorillalar gavdasi yirik va tashqi ko'rinishi qahrli bo'lgani bilan ancha beozor hayvon. U odam tugul hayvonlarga ham hujum qilmaydi. Uyasiga yoki bolasiga odam yaqinlashsa u o'qrayib qaraydi va ko'kragiga urib qattiq baqiradi, so'ngra yo'lidagi hamma narsani payhon qilib yuguradi va odam yonidan o'tib ketadi, lekin tegmaydi. U qoplondan (leoparddan) boshqa hayvonlardan qo'rqmaydi. Tunda erkaklari yerda, urg'ochilari va bolalari daraxtda uxlaydi. Gorillalar 40—50 yil yashaydi. BILASIZMI? Gorillalar suv ichmaydi, ular yegan o'simliklarning shirasi chanqog'ini bostirish uchun yetarlidir. Ular umuman suvga tushmaydi, kichik ariqdan ham sakrab o'tadi yoki daraxtni ag'darib ko'prik yasab, uning ustidan yurib o'tadi. Gorillalar tepaga qarab, qo'llarini boshi ostiga qo’yib uxlaydi, erta bilan uyg'ongach kerishadi, esnaydi va dam olib o'tiradi. Bu jihatlari bilan ham odamga juda o'xshab ketadi.