SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
  12345
6789101112
131415161719
20212223242526
2728293031  
ELEKTR STANSIYASI
25-07-2014

Hozir hayotimizni radio, televideniye, telefon, telegrafsiz, turli xil yoritish jihozlari va qizdirish asboblarisiz, mashina va qurilmalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bularning hammasi elektr energiyasi (toki) bilan ishlaydi.

Elektr energiyasi qayerdan olinadi? Uni elektr stansiyalarida maxsus mashinalar — elektr toki generatorlari hosil qiladi. Generatorlarning turlari ko‘p. Energiyasi kichkina uyni yoritish uchungina yetadigan mitti elektr gene­ratorlardan tortib, katta shaharni elektr energiyasi bilan ta’minlay oladigan ulkan elektr gene­ratorlarigacha bor.

Generator elektr toki berishi uchun uning asosiy qismi — rotor aylantiriladi.

Katta generatorlarning rotori bir necha yuz tonna bo‘lganligi uchun uni maxsus mashina — turbina aylantiradi.

Har qaysi turbina kuraklari yoki parraklari bo‘lgan ish g‘ildiraklariga ega. Qizdirilgan gaz yoki suv bug‘i oqimi katta kuch bilan turbina g‘ildiragi parraklariga urilib, uni aylantiradi, turbina bilan birga generator rotori ham aylanma harakatga keladi.

Suv oqimi aylantiradigan turbina gidravlik turbina deyiladi, bunday turbinalar o‘rnatilgan elektr stansiyalari esa gidroelektr stansiya yoki qisqacha GES deb ataladi. Turbinani issiqlik elektr stansiyalari (IES) da bug‘, gaz turbinali elektr stansiyalarida esa qizdirilgan gaz­lar oqimi aylantiradi.

Gidroelektr stansiyalari Sirdaryo, Chirchiq, Bo‘zsuv kabi sersuv daryolarda yoki tog‘dan tushadigan tezoqar daryolarda quriladi. IES uchun esa to‘g‘on va suv havzalarining keragi yo‘q. Shu sababli, ularni hamma joyda qu­rish mumkin. Lekin IES da suvni isitib, bug‘ hosil qilish uchun har doim yoqilg‘i bo‘lishi zarur. IES uchun ko‘mir ortilgan poyezdlar birin-ketin kelib turadi yoki quvurlardan gaz yetkazib beriladi.

Atom elektr stansiyalari (AES) da esa yoqilg‘i juda oz talab qilinadi. Lekin bu yoqilg‘i o‘zgacha. Atigi 10 gramm atom yoqilg‘isi bir vagon ko‘mirning o‘rnini bosadi. Issiqlik elektr­ stansiyalaridagi kabi, atom elektr stansiya-larida ham elektr generatorlarini bug‘ turbinalari aylantiradi. Lekin AES larda na ko‘mir yoqiladigan, na gaz yoqiladigan o‘txona, na bug‘ qozoni bor. Bug‘ hosil qilish uchun zarur issiqlik AES ning yuragi — atom reaktorida yadro reaksiyasi natijasida hosil bo‘ladi. Yadro reaksiyasini uzluksiz takrorlanuvchi kichik-kichik atom portlashlari bilan qiyoslash mumkin. Lekin bu tinchlik maqsadidagi portlashlardir. Reaktor qalin beton devorlar bilan ishonchli berkitilgan. Yadro reaksiyasini muntazam ravishda avtomatik asboblar nazorat qilib turadi (lekin zarur texnikaviy shart-sharoitlarga to‘liq rioya qilinmasa, AES atrofdagi aholi va tabiat uchun o‘ta xavfli ekan. Buni Chernobil AES dagi baxtsiz hodisa tasdiqlab turibdi).

Olimlar va muhandislar elektr energiya­si­ning­ yangi manbalarini izlamoq­dalar. Masalan, dengizning qirg‘oqqa urilib-qaytib turadigan to‘lqinlarini ishga solish mumkin emasmikan? Elektr stansiyalarining turbinalarini aylantirish uchun dengiz suvi kuchidan foydalanib bo‘lmasmikin? Ma’lum bo‘lishicha, mumkin ekan.

Saxovatli Quyosh milliard yillardan buyon o‘z nurini Yerga sochib turadi. Quyosh nuri ham energiya. Odamlar uni elektr tokiga aylantirishni o‘rganib oldilar. Buning uchun maxsus yarimo‘tkazgichli asboblar — fotoelementlar yaratilgan. Ular birgalikda quyosh batareyasini tashkil qiladi. Quyosh radiatsiyasi energiyasini amalda foydalanish uchun qulay bo‘lgan energiya turlariga aylantirib berish masalalari bilan shug‘ullanadigan texnika sohasi geliotexnika deb ataladi. Geliotexnika yordamida elektr energiyasi yetib bormagan joylar (masalan, chorvadorlar istiqomat qiladigan joylar) ni elektr toki bilan ta’minlash, uylarni elektr nurlari yordamida isitish, issiq­xonalarni isitish va boshqa ko‘pgina ishlar amalga oshirilgan. Kosmik kemalar va Yer­ning sun’iy yo‘ldoshlarini elektr energiyasi bilan aynan quyosh batareyalari ta’minlaydi.

Bolalar ensiklopediyasidan.


Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan