SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
  12345
6789101112
131415161719
20212223242526
2728293031  
ELEKTR
25-07-2014

Ko‘zni qamashtiradigan chaqnash, chaqmoqlarning osmondagi olovli ilon izi yo‘llari, momaqaldiroqning guldirashi... Kishilar tabiatning bu dahshatli hodisalarini bir necha ming yillab kuzatishgan, lekin sabablarini bilisholmagan, shuning uchun ulardan qo‘rqishgan. Chaqmoqni o‘rganish yo‘lidagi urinishlar ko‘pincha fojia bilan tugagan. Masalan, 1753-yili tajriba vaqtida rus fizigi G. V. Rixman yashin urib halok bo‘lgan.

Bundan yuz yildan ko‘proq vaqt ilgari odamlar tabiatning elektr kuchidan foydala­­ni­sh­­­­ni o‘rgandilar, elektrni o‘zlariga bo‘y­sundirdilar. Xo‘sh, odamlar elektr haqida nimalarni bildilar?

Jismlarning bir-biriga ishqalanishi natijasi­da ularning tortishish xususiyatini kasb etishi qadimgi olimlarga ma’lum edi. Yunon olimlari ebonit tayoqchasini ishqalaganda u o‘ziga yengil jismlarni tortishini aniqlaganlar. 1600-yilda ingliz fizigi U. Gilbert ebonitdan tashqari olmos, billur va boshqa jismlar elektr xususi­yatiga ega ekanligini aniqlagan. 1729-yilda ingliz olimi S. Grey ayrim jismlarning elektr o‘tkazuvchanlik xususiyatini ochib, tabiatdagi jismlarni o‘tkazgich va izolatorlarga ajratdi. 1734-yilda fransuz fizigi Sh. Dyufe, amerikalik olim B. Franklin ikki turdagi elektr zaryadlarning­ mavjudligini aniqlab, ulardan bir turi shisha, tog‘ billuri, qimmatbaho toshlar, jun va boshqa jismlarda, ikkinchisi esa ebonit, shoyi, qog‘oz va shu kabi jismlarda hosil bo‘lishini, bu ikki tur zaryadlar tortishish yoki itarishish xususiyatiga ega ekanligini ham aniqladilar. Bir xil ishorali elektr zaryadlar o‘zaro itarishishadi, turli ishoralilari esa o‘zaro tortishishadi. Bu zaryad turlarining ebonitda hosil bo‘lgani manfiy, shishada hosil bo‘lgani esa musbat ishorali deb olingan.

19-asr oxirlarida elektr ta’limoti rivojlanishi­ning yangi davri boshlandi. Atomlar tarkibida elektrlangan zarralar mavjudligi haqidagi fikrga asoslangan modda tuzilishining elektr ta’limoti — elektronlar nazariyasi rivoj topdi. Bu ta’limot golland fizigi X. A. Lorens, ingliz fizigi J. J. Tomson, fransuz fizigi va matematigi J. A. Puankare, nemis fizigi G. Gelmgols nomi bilan uzviy bog‘liq.

Tabiatda zaryadlangan juda mayda zarralar mavjud. Zarralarning ba’zilari musbat, ba’zilari manfiy zaryadlangan. Manfiy zaryadli eng kichik zarralar elektronlardir. Elektronlar (yunoncha elektron — ebonit) metall o‘tkazgichlarning ichida harakatlana oladi. Zaryadlangan zarralarning bir tomonga yo‘nalgan oqimini olimlar elektr toki deb atadilar.

Siz uyga kelib, yoqib-o‘chirgich tugmasini bossangiz, elektr lampochka charaqlab yonadi. Nima uchun? Tugmani bosganingizda siz o‘tkazgichlarni ulaysiz, o‘tkazgichlar orqali esa lampochka tomon shitob bilan elektronlar oqimi yo‘naladi. Lampochkaning ichida ingichka simoyoqlarga maxsus metall — volframdan tayyorlangan spiral osilgan. Bu spiral (lampochka tolasi) alohida xususiyatga ega: elektronlarning undan o‘tishi juda qiyin. Spiral orqali elektronlar oqimi o‘tkazilganida, ular tola me­tallning atomlarini u yon-bu yon «turtib» boradi, natijada tola bir zumda qizib, nurlana boshlaydi. Elektronlar oqimi qancha kuchli bo‘lsa, lampochkaning tolasi ham shuncha kuchli qizib, ravshanroq yonadi. Yo‘g‘onroq simlardan tayyorlangan xuddi shunday spirallar elektr dazmol va plitkalarni qizdiradi. Bu hodisa (elektr tokidan qizish hodisasi) dan, masalan, zavodlarning elektr pechlarida me­tallarni eritish uchun foydalaniladi. Faqat bunday pechlardagi spirallar barmoqlar yo‘g‘onligidagi simlardan ishlanadi.

Kishilar elektrni yana bir «kasbga» — mashinalarni harakatga keltirishga o‘rgatdilar. Mashinist maxsus ulab-uzgich dastasini buraydi. Quvvatli elektr dvigatellar elektrovoz g‘ildiraklarini harakatga keltiradi va poyezd asta-sekin relslarda yura boshlaydi.

Bunday quvvatni dvigatel qayerdan oladi? Olimlar ikkita parallel joylashgan sim orqali tok bir yo‘nalishda o‘tsa, simlar bir-birini tortishini, qarama-qarshi yo‘nalishda o‘tganda esa bir-birini itarishini payqadilar. Tok o‘tayotgan simlarning ana shunday o‘zaro ta’sir kuchi elektr dvigatellarni aylantiradi.

Siz elektr o‘yinchoqlardagi jajji motorlarni ko‘rgansiz, albatta. Bunday motorlarning ishlashi uchun bitta elektr batareya toki yetarli. Lekin million-million elektr lampochkalarni elektr­ bilan ta’minlash, stanok va mashinalarni harakatga keltiruvchi, tramvay va elektr poyezdlar g‘ildiraklarini aylantiruvchi dvigatellarga tok yetkazib berib turish uchun juda ko‘p elektr energiyasi kerak. Bunday energiya elektr­ stansiyalarida hosil qilinadi hamda elektr­ uzatish liniyalari orqali shahar va qishloq­larga yetkazib beriladi.

O‘tgan asrda qaysi kashfiyot olimlarni ko‘proq hayratga solganligini bilasizmi? Bu — elektr energiyasining bo‘shliqda tarqali­shini isbotlagan kashfiyot. Elektr energiyasi hech narsa, hatto hech qanday zarra bo‘lmagan mutlaqo bo‘sh joyda ham uzatilar ekan. Bunday bo‘shliqda elektromagnit maydon — energiya eltuvchi elektromagnit to‘lqinlari bo‘larkan. Radio ham, telefon ham, telegraf ham elektr bilan ishlaydi.

Elektr yordamida metall buyumlar sirtiga yupqa himoya qatlami yugurtiriladi, masalan, konkilarning sirti yupqa xrom qatlami bilan qoplanadi. Texnikaning elektrdan foydalanila­digan barcha tarmoqlarini sanab chiqish qiyin.­ Bu tarmoqlar esa tobora ko‘payib bormoqda.

Bolalar ensiklopediyasidan


Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan