SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2021
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
10111213141516
171819202122
24252627282930
31      
Balet
25-07-2014

«Oqqush ko‘li» ... P. I. Chaykovskiyning ajoyib musiqasi yangrashi bilan darhol ko‘z oldingizda Oqqushning yorqin obrazi, uning goh g‘amgin, goh mag‘rur qanot qoqishi gavdalanadi. Oqqushning qanotlari balerina­ning tebranayotgan qo‘llari-ku.

P. Chaykovskiyning «Oqqush ko‘li», «Uyqudagi go‘zal», A.Adanning «Jizel», I.Stravinskiyning «Petrushka», «Humo qushi», S.Prokofyevning «Romeo va Julyetta», «Zolushka», A.Xachaturyanning «Spartak», A.Melikovning «Muhabbat afsonasi» baletlarida yuksak olam, yorqin poeziya, romantika, sevgi dunyosi jonlanadi. Bular raqsning nozik va otashin tili orqali hikoya qilinadi. Har bir balet o‘zining katta mavzu–fikriga ega bo‘ladi. Balet yaratuvchi, balet ijodkorlarining hammasi ana shu fikrni o‘zlaricha namoyon etadilar: kompozitorlar – musiqa bilan, baletmeysterlar – qahramonlarning raqs orqali gapiradigan «nutqlari» bilan ifodalaydilar.

Balet — musiqali teatr san’atining murakkab turi. Ssenariy, musiqa va xoreo­grafiya, ya’ni raqs uning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi.

Raqs baletda asosiy badiiy ifodalash vosi­tasidir. Raqs orqali balet mazmuni hikoya qili­nadi, balerina va raqqosalar ishtirok etuvchilarning xarakterlarini, ularning fikr-o‘ylari, his-tuyg‘usi, kayfiyati va intilishlarini ochib beradilar.

Baletda dekoratsiya, kiyim-kechak, nur tushirish ham muhim rol o‘ynaydi, chunki ular orqali balet voqeasi qachon va qayerda bo‘layotgani aks ettiriladi.

Balet tarixida yorqin sahifalar ko‘p. Uning kelib chiqishi goh kuylanuvchi va ulug‘vor, goh sho‘x va keskin xalq raqslariga borib taqaladi.

O‘zbekistonda ham mumtoz balet ta’sirida o‘zbek professional baleti rivoj topdi. Birinchi o‘zbek baleti «Paxta» (N. A. Roslaves) 1933-yilda yaratildi. 50- yillarda M.Turg‘unboyeva o‘zbek an’anaviy raqslari zaminida «Sovchilar», «Ozodlik» kabi ilk milliy balet sahnalarini ijod qildi. Keyingi davrlarda g‘oyaviy-badiiy mukammal milliy baletlar sahnalashtirildi. Bular — G.A.Mushelning «Raqqosa», «Kashmir afsonasi», I.Akbarovning «Orzu», «Layli va Majnun», D.Zokirov va B. Giyenkolarning «Oynisa», M.Ashrafiyning «Sevgi tumori», «Temur Malik», A. Kozlovskiyning «Tanovor», U.Musayevning «To‘maris», M.Bafoyevning «Nodira», «Ulug‘bek burji» baleti va boshqalar.

Xalq artistlari – Tamaraxonim, M.Turg‘unboyeva, G.Izmaylova, B.Qoriyeva, O‘zbekiston xalq artistlari – Usta Olim Komi­lov, G.Mavayeva, K.Yusupova, Y.Ismatova va boshqalar o‘zbek baletining rivojiga katta hissa qo‘shganlar. Milliy respublika vakillaridan iborat balet truppalari hamda alohida solistlarning ko‘p martalab chiqishlari ulkan muvaffaqiyat bilan o‘tadi.

 

Bolalar ensiklopediyasidan. 


Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan