SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2021
YaDuSeChPaJuSh
     12
3456789
10111213141516
171819202122
24252627282930
31      
Rus devining qismati
11-07-2014

Dunyodagi eng novcha odam-2metr 85 sm.li bo‘yga ega.  Fyodor Maxnov bir o‘tirishda 2,5 kg go‘sht, 3 buxanka non yegan, uning  vazni   182 kg edi. Fyodor Andreyevich Maxnov 1878 yil 6 iyunda tug‘ilgan. O‘shanda uning bo‘yi 3 gaz (0.71m.ga teng) 9 vershok (4,4sm) edi. Guvohnomada esa xato ravishda 3 gaz 8 vershok deb yozilgan. Maxnovning haqiqiy bo‘yi 16 yoshida  sirkka, ishga taklif  qilinganida  qayd  etildi. Fyodorning xotini bu xatoni to‘g‘rilab yozdirmoqchi bo‘ldi, biroq Birinchi jahon urushi boshlanib, bunga xalaqit berdi. Maxnovning qaddi 2 metr 85 santimetr ekanligi varshavalik antropolog Lushan tomonidan  1903 yilda qayd etildi. Buni fransuz biologi J.Rostan o‘zining "Hayot" kitobida va rus fantast adibi A.Belyaev ham tasdiqlashgan. Fyodorning ota-onasi boshqalar qatori qomatga ega edilar. U esa juda katta bo‘lib dunyoga keldi, shu bois tug‘ruq paytida onasi hayotdan ko‘z  yumdi. Fyodorni amakisi voyaga yetkazdi. U jiyanini judayam yaxshi ko‘rardi. Bola oy sayin o‘sar, 16 yoshida esa 24 soat davomida uzluksiz uxlar edi. U faqat bo‘yi bilan emas, kuchliligi bilan ham boshqalardan farq qilardi. Fe’li esa yumshoq, o‘zgalarga nisbatan xushmuomala edi. Dalada ko‘p ishlar, temirchiga yordam berardi. Bir kuni Fyodor Maxnovni bozorda sirk sohibi — nemis Otto Bilinder ko‘rib qoldi. Keyin uning otasi bilan gaplashib, o‘g‘lini Germaniyaga, sirkka ishlashiga ruxsat berishini o‘tinib so‘radi. Shu zaylda Maxnov nemis diyoriga qadam qo‘ydi. Otto uning kuch-quvvat to‘plashiga g‘amxo‘rlik qilib, yaxshigina pul ham to‘lardi. Fyodorni o‘zining uyiga joylashtirib, saboq olishi uchun murabbiy tayinladi (Maxnov bor-yo‘g‘i 3- sinfgacha o‘qigan edi), sirk tryuklarini o‘rgatdi. Fyodor kafti bilan g‘ishtni urib majaqlaydigan, qalin mixlarni bukib-yozidigan, yotgan holida cholg‘u asboblari bilan joylashgan musiqachilar o‘tirgan taxtani ko‘taradigan bo‘ldi. Tomoshabinlar esa sirkka ko‘proq haqiqiy Gulliverning o‘zini ko‘rish uchun kelishardi. Maxnov kundan-kunga emas, soatma-soat o‘sar edi. 25 yoshida u 2 metr 85 santimetrga yetdi. Fyodor Germaniyada bo‘lganida uyga qaytishni xohlar edi. Anchagina pul yig‘gach, xo‘jayin qolishga undasa-da, qadrdon Kostyukka jo‘nadi. Biroq ota uyida yashashiga bo‘yi xalaqit berdi. Bu paytda zamindor Krjijanovskiy o‘z mulkini sotayotgan edi. Maxnov ushbu mulkni yeri bilan qo‘shib sotib oldi va o‘ziga moslab uy qurdi. Keyin uylanish haqida bosh qotirdi. Ammo bu oson emas edi. Qizlar bu alpqomat devga turmushga chiqishni xohlashmasdi. Nihoyat shunday qiz topildi: o‘qituvchi Yefrosinya Lebedeva uning bo‘yi 1metru 85 santimetr edi. Yefrosinya Fyodordan ikki yosh kichik edi (u eri - Maxnovning o‘limidan so‘ng yana 35 yil yashadi va 1947 yilda hayotdan ko‘z yumdi). 1903 yilda ularning qizi Mariya dunyoga keldi, yana bir yil o‘tib, o‘g‘il bola Nikolay tug‘ildi. Fyodor oilasiga vafodor bo‘lib, bolalarini judayam yaxshi ko‘rardi. Boshqalarni ham qadrlar, dehqonlarga yordam berar edi. Germaniyadan esa uni to‘xtovsiz ravishda sirkka taklif qilaverdilar. Ular bir oila bo‘lib sayohatga chiqishdi. Fyodor Germaniya kansleri, Rim papasi va AQSh prezidenti Teodor Ruzvelt qabulida ham bo‘ldi.U okeanni kesib o‘tishi uchun kema kayutasini buzib, qaytadan unga moslashardi. Yefrosinyaga bunday hayot yoqib, hatgo Germaniyada qolish haqida ham o‘yladi. Biroq nemis vrachlari bahaybat erining o‘limidan so‘ng suyaklarini ilmiy tadqiqot uchun olib qolish haqida shartnoma tuz-moqchi bo‘lishganida Fyodorga qo‘qqisdan biror gap bo‘lishini o‘ylab, qo‘rqib ketdi. Shundan so‘ng ular uyga qaytishdi. Parijda antropologiya markazi a’zolari bu ulkan odamning noodatiy gavdasini sinchiklab o‘rganmoqchi bo‘ldilar. Maxnov esa bugun umri davomida shifokorlar oldida yechinishdan bosh tortib, faqat bo‘yi va kaftlarini o‘lchab ko‘rishlariga rozi bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham unga nisbatan qiziqish nihoyatda katta edi. Tadqiqotchilar Maxnovning avlod-ajdodigacha surishtirdilar. Fyodor Maxnov Rossiyaga janubdan, Suriyadan kelganlar avlodidan bo‘lib chiqdi. Uning ota-onasi, ikki opasi ham novcha emas edi. Faqat bobosi qadbaland, ammo bahaybat bo‘lmagan. Fyodorning  qaddi-qomati haqida tasavvur qolishi uchun uning etigini misol keltirish mumkin. Tizzasigacha kiyadigan etigi oddiy odamning bo‘yniga qadar kelardi, 12 yashar bola bu etikka bemalol kirib joylasha olardi. Ularning besh nafar farzandi bor edi. Fyodorning gavdasi o‘ziga mutanosib emas, oyoqlari haddan ziyod uzun edi. Farzandlari eslashiga ko‘ra, u karavotda yotgan ko‘yi  ko‘pincha oyog‘ini uzatib, pechda isitgan. Antropologlar Maxnovni "faqat oyoqdan iborat", deb qayd etishgandi. Agar u oyoqsiz tug‘ilganida o‘rta bo‘yigacha ham o‘smagan bo‘lardi. Maxnovning boshi esa ulkan gavdasiga beso‘naqay ko‘rinish bergan edi, Fyodor nigohlarni chalg‘itish maqsadida chiroyli kazak libosini kiyib yurardi. Maxnovning quloqlari 15sm, lablari 10sm edi. Barcha qatori u bir kunda to‘rt marta ovqatlanardi. Maxnovning ertalabki nonushtasiga o‘rtacha oddiy oila ikki kun tamaddi qilishi mumkin edi. O‘sha vaqtdagi matbuot nashrlarida bu haqda maxsus ma’lumot berilgan. Maxnov ertalab 20 ta tuxum, 8 ta dumaloq buxanka nonni moy bilan paqqos tushirar, 2 litr choy ichardi. Tushlikda esa 2,5kg go‘sht, 1kg kartoshka yeb, 3 litr pivo ichardi. Kechki ovqati yana 2,5 kg go‘sht, bir tog‘ora meva-cheva, 3 buxanka non va 2 litr choydan iborat edi. Uyqudan oldin esa 15 ta tuxum yeb, bir litr sutni sipqorardi. Bu eng ulkan odam 1912 yilning 28 avgustida hayotdan  ko‘z  yumgan. Nemis tibbiyotchilari xulosasiga ko‘ra, Maxnov aksariyat bahaybat odamlar aziyat chekadigan suyak sili tufayli vafot etgan. Aslida esa u shamollagan va zotiljamlik xastaligiga yo‘liqqan edi. 1935 yilda Maxnovning o‘g‘li Rodion Minsk tibbiyot institutida tahsil olar ekan, ma’ruzalardan birida professor o‘qituvchi Fyodor Maxnov haqida gapirib qoldi. Shunda barchani hayratga solib, Rodion o‘rnidan turdi-da, Fyodor Maxnov o‘zining otasi bo‘lganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng undan oilasini otasining skeletini sotishga ko‘ndirishni iltimos qilishdi. Onasi 5 ming rubl evaziga bunga rozi bo‘ldi. Maxnovning o‘limidan so‘ng u ikkinchi marta erga tekkan, yana uch farzandli bo‘lgan, pul oilaga juda zarur edi. Eksgumatsiyada juda ko‘plab kishilar, shu jumladan, Maxnovning bevasi va bolalari ham ishtirok etishdi. 1936 yilda minsklik professor D.M.Golub chop etgan to‘plamda akromegalikning skeleti haqida ham maqola bor (akromegaliya suyak tizimi, yumshoq a’zolar va ichki a’zolardagi giperplastik o‘zgarishlar bilan tavsiflanadi). Bir so‘z bilan aytganda, ulkan odamlar aynan ulkanlikdan aziyat chekishadi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida Maxnovning skeleti g‘oyib bo‘ldi. Bugun Yefrosinya va Fyodor Maxnovlarning farzandlari hayot emas. Ular og‘ir, mashaqqatli umr kechirishdi. Quloqlashtirish davrida Maxnovlarni surgun qilmoqchi bo‘lishgan, biroq dehqonlar bunga qarshi chiqib, ularni tinch qo‘yishni talab qilishgan. Nikolay va Gavrila ofiser edi, ular qatag‘ondan zo‘rg‘a qutulishdi. Rodion shifokor bo‘lib yetishdi, ammo urush davrida gitlerchilar uni otib tashlashdi. To‘ng‘ich qiz Mariya butun umr zootexniklik qildi, kichik Masha esa hisobchi bo‘lgan. Farzandlarning bari onasi kabi qaddi raso bo‘lib, 180-190 sm.lik bo‘yga ega edilar. Taqdir Maxnov avlodlarini Belarus va Rossiya uzra  sochib yuborgan edi. Ular yashagan joyda esa bugun faqat qiyin daraxti o‘sadi, ehtimol uni Fyodor Maxnovning o‘zi ekkandir.

                                                                                                                                                         Xarobadan chiqqan mashhurlar. T.,2011.


Hozirgacha hech kim fikr bildirmagan!
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan