1905, 1917, 1929, 1941, 1953, 1965, 1977,
1989, 2001, 2013 yillarda tavallud topganlar
Ilon Sharq muchali solnomasida donolik,
donishmandlik timsolidir. Ayrim sharq xalqlari esa ilonga sig'inadilar ham.
Ko'hna Yaqin Sharq udumlarida, xususan, Ishtar-Astart (qadimgi suriyaliklar,
finikiyaliklarning dostonlaridagi hosildor yer saxovati va sevgi ma'budi hisoblangan)
ma'budi timsolida ilon shakli aks ettirilgan. Aynan ana shu timsol qadimgi
yunonlarning Afrodita (qadimgi yunon mifologiyasidagi sevgi va go'zallik
ma'budi) timsolidagi ma'budining shakllanish ta'sir ko'rsatgan. Qadimgi Xitoyda Ilon - juda ayyor, o'ta
xavfli sanalgan bo'lsa ham, unga nisbatan hurmat bilan qaralgan Qadimgi Sharq
xalqlarida ham ilonlarga juda ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirilgan va
ularning fe'l-atvorini oldindan payqash qiyin bo'lgan. Ilon muchal yilida
tavallud topganlar kamgap, kamsuqum va tug'ma qobiliyatga, donishmandlikka,
falsafiy qarashga ega bo'ladilar. Ularda kelgusida sodir bo'ladigan voqea-hodisalarni
oldindan payqash qobiliyati ham yaxshi rivojlangan. Mazkur muchal yilida
tavallud topganlar orasida ko'plab ekstrasenslar uchrashi ham bejiz emas. Agar
ushbu muchal ostida tug'ilganlar yaxshi ma'lumot olsalar, kelajakda ulardan yetuk shaxslar, avliyosifat kishilar
etishib chiqadi. Bunday shaxslar xalq orasida katta obro'-e'tiborga, hurmatga
ega bo'ladi. Ular voqelikda sodir bo'lgan va bo'layotgan hodisalar to'g'risida
ma'lumotlar, faktlardan, atrofdagilarning fikri va maslahatlaridan ko'ra ko'proq
o'zlarining taassurotlari, sezgi va qarashlariga tayanib ish ko'radilar. Oilada
ham, ish joyida ham ularning moliyaviy holati doimo havs qilgudek darajada
bo'ladi. Ko'pincha ular dimog'dor va o'zini ko'zlovchi bo'ladilar. Ko'proq birovning
ko'magisiz o'zlariga ishonib ish ko'radilar. Ilon muchalidagilar og'ir-vazmin
bo'lib, o'zlarining hayotiy faoliyatlarini juda tinch va birovlar sezmaydigan darajada olib borishga harakat
qiladilar. Hayotning ko'plab yumushlari, muammolarini hal etishda qat'iy va maqsad sari intiluvchandirlar.
Doimo oldiga qo'ygan maqsad va vazifalarini oxirigacha bajarishga intiladilar
va albatta, unga erishadilar. Muvaffaqiyatsizlikka uchraganlarida esa juda ham
qayg'uradilar va o'z xatosini anglashga harakat qilib, yana va yana maqsad sari
intiladilar. Hayotning ko'plab muammolari bo'yicha tezkor qaror qabul qila
olmaydilar, balki muloxaza yuritib, og'ir-vazminlik bilan ish ko'rib, tezda
harakat qilish qobiliyatiga ega. Tabiatda o'z o'ljasiga tashlangan ilonni
ko'rganmisiz? Ular ana shunday tezkor «hamla» bilan o'z o'ljalariga ega
bo'ladilar. Atrofdagilar buni hatto sezmay ham qolishadi. O'z maqsadlariga yetishlarida yerni ostin-ustun qilib yuborsalar ham
baribir ko'zlagan maqsadiga yetadilar.
Tashqi ko'rinishidan sipo, xotirjam bo'lsalarda, ichdan jo'shqindirlar. Juda xushbichim bo'lganliklari ko'p hollarda oilaviy mojarolarga sababchi
bo'ladi. Ilondek tovlangan ayolga kim ham suqlanib qaramaydi, deysiz. Bundan
esa uning turmush o'rtog'i albatta g'azablanadi va o'z juftini boshqalardan juda
ham qizg'anadi va rashk qiladi. O'zlari ham rashkchidirlar. Bunday holatlar
ilon muchalida tug'ilgan ayollarning oilaviy turmushida tez-tez sodir bo'lib
turadi. Moddiy-iqtisodiy, moliyaviy jihatdan qiyinchiliklarga deyarli
uchramaydilar. Pul, boylikning o'zi ularning ortidan «quvadi». Mazkur muchal
egalari pulning «hidini» juda yaxshi sezadilar va ularga ega bo'lish yo'llarini
yaxshi biladilar. Ularning bu boradagi yagona «illati» qarigan sari juda ham
qurumsoq, xasis, ziqna bo'lib qoladilar. Qadimdan xalqimiz o'rtasida:
«O'ngingda ko'rsang - yanch, tushingda ko'rsang - ganch», degan naql ayni
ilonlar haqida aytilgan. Xalq o'rtasida yana shunday qarash borki, qayerda ilonlar uyasi bo'lsa, o'sha joyda
oltin, xazina, boylik bo'ladi.
Ilon muchalidagi erkaklar: mazkur muchal yilida tug'ilgan erkaklar juda ham
hissiyotli, yoqimli bo'lib, o'zlariga umr yo'ldosh tanlashda uzoq vaqt sarf
qiladilar. Qizg'in va jo'shqin shaxsiy hayot kechirishib, bir kun
kelib oila qurganlarida halovat topadilar. O'z tabiatlariga ko'ra, rashkchi
ekanligi sababli ularning umr yo'ldoshlariga oson bo'lmaydi. Hazil-mutoyibaga
ham moyilliklari bor. Ilon muchalidagi erkaklarda boshqalarni o'zlariga maftun
qilib, sehrlab olish xususiyati mavjud. O'z «o'ljasini» juda tez yo'ldan ura
oladilar. Mazkur muchal sohiblari tashqaridan qo'llab-quvvatlanishga o'rgangani
sababli keyinchalik, ya'ni uni qo'llovchilar topilmay qolganda qiyinchiliklarga
uchraydilar. Shuning uchun ular o'zlariga munosib umr yo'ldoshi tanlamoqlari
joiz. U tanlagan ayol yoki qiz nafaqat muchal va burjlari bilan, balki
ma'lumoti, moddiy ta'minlanganligi bilan ham mos kelmog'i lozim. Mazkur
maslahatimizni mensimay, e'tiborga olmasalar, hayotda ko'p iztirob va
zarbalarga duchor bo'ladilar.
Ilon muchalidagi ayol(qiz)lar: mazkur muchal sohibalari, g'ayriodatiy xususiyatlarga
ega bo'lib, nozik ta'b, takrorlanmas tashqi qiyofaga ega bo'ladilar. Har doim
do'stlari va hamfikrlari qurshovida bo'ladilar. Ilon muchalidagi ayol(qiz)lar
har qanday erkakni o'zlariga rom qiladilar va Xudo bergan xususiyatlari ila
maftun eta oladilar. Ularning qiziqish doirasi keng bo'lib, do'stlari va
yaqinlariga aqlli maslahatlar bera oladilar. Tabiatan og'ir-vazmin, xotirjam
bo'lib, shaxsiga bog'liq ishlarni o'zgalardan sir tutadilar. Shunisi e'tiborliki, Ilon muchalidagi
ayol(qiz)lar, umr yo'ldoshini o'zlari tanlasalarda, ko'p holda, bu tanlov
omadsiz bo'ladi. Bunday holda oilaga bog'lanib qolgan Ilon ayollar tashqaridan
o'zlariga yupanch qidira boshlaydilar. Oilada, albatta, yetakchilik qilib, o'zlarini himoya qilish
insktinkti hamda biror bahona bilan juftiga nisbatan «vishillab», zahrini ham
sochib turadilar. O'zlari. o'rnatgan tartib-qoidaga xilof ish qilinsa, toqat
qila olmaydilar.