1907, 1919, 1931, 1943, 1955, 1967, 1979,
1991, 2003, 2015
yillarda tavallud topganlar
Sharq, xalqlarida qadimdan hozirgacha qo'ylar
odamlar va bo'rilarning yemishi sanalib, yuvoshligi, qanoatliligi, bosh egishi,
itoatkorligi bilan qadrlanib kelingan. Shunday sifat va fazilatlar mazkur
muchal yilida tug'ilganlarga ham xosdir. Mazkur muchal yilida tavallud
topganlar iste'dodli kishilardir. Ular boy hayotiy tasavvurga, hissiyotga,
tug'ma qobiliyatga ega bo'lib, go'zallik shaydosidirlar. Qo'y muchalida
tug'ilganlar Sharq muchal taqvimiga ko'ra tasviriy san'at bo'yicha tug'ma
iqtidor va qobiliyatga ega bo'ladilar. Ular
tortinchoq, tushkunlikka beriluvchan, mutaassiblikka moyil bo'ladilar. Qo'y
belgisidagi erkaklarni (ayollarni ham) ko'proq g'ayritabiiy va sirli xodisalar
qiziqtiradi. Mabodo, egallagan kasbi yoki sohasi shular bilan bog'liq bo'lsa,
yaxshi mutaxassis bo'lib yetishadilar.
Masalan, astrologiya, valeologiya (uzoq umr ko'rish to'g'risidagi fan sohasi),
kosmogoniya, numerologiya, tush ta'biri, psixologiya, psixoanalitika,
psixoterapevtika, parapsixologiya, ijtimoiy psixologiya, ufologiya, xiromantiya
kabi fan sohalari shular jumlasidandir. Hayotiy muammolar oldida xuddi qassob
oldida oyoq-qo'li bog'langan qo'y kabi o'zlari ojiz, najotsiz ko'radilar. Ular
yumshoq xarakterga ega bo'lib, tabiatlarida injiqlik ko'p bo'ladi va
ota-onalari, yaqinlari tomonidan hozirlab qo'yilgan qulayliklarni yoqtiradilar.
Yaxshi ta'bga ega bo'lib, o'zlari qiziqib tanlagan kasbi bo'yicha maroq bilan
ishlaydilar. Mulohazali va ko'ngilchandirlar. Aksariyat hollarda ular moddiy
jihatdan ta'minlangan bo'ladilar. Ular boshqalarga yoqadilar va atrofidagi
yaqinlariga tobe bo'ladilar. Hayotda mustaqil bo'lishga qiynaladilar. Ularda
ma'suliyat hissi, tashabbuskorlik, iroda kabi xususiyatlar kam bo'lib, ko'proq
tashqi, atrof-muhit ta'sirida bo'ladilar. Shuning uchun ham ular jamoatda
ishlashni ma'qul ko'radilar. Chunki jamoat tomonidan ular qo'llab-quvvatlanadilar. Mabodo, qo'llab-quvvatlovchi, yordam beruvchilar bo'lmasa,
ular qashshoqlik va muhtojlikda kun kechiradilar. Mazkur muchal yilida
tug'ilganlar orasida yozuvchilar, shoirlar, artistlar, yuqori tabaqalar orasida
yuruvchi, ular hisobidan kun ko'ruvchi ayollar ko'p uchraydi. Ularning hayoti,
taqdiri o'zlaridan ko'ra, ko'proq atrofidagilarga bog'liq bo'ladi.
Qo'y muchalidagi erkaklar: Mazkur muchalda tug'ilan erkaklar ko'ngliga yoqqan
mashg'ulot bilan yoki umuman nima bilan shug'ullanish kerakligini tezda hal eta
olmaydilar. Garchi ular hamma bilan ham chiqishadigan, murosali
bo'lsalarda, o'zlarining qat'iy tamoyillari, odatlari va qarashlari bor. Agar
siz uning bilan birga yashashga axd qilgan bo'lsangiz, albatta ana shularni
hisobga olishingiz zarur. O'z xarakterlariga ko'ra, mazkur muchal sohiblari
tartib-intizomga u qadar rioya qilmaydigan, ish yoki o'qishga doimo kech qolib
keladigan bo'ladilar. Qo'y muchalida tug'ilgan erkaklarning hayoti ko'proq
ota-onasiga, yaqinlariga bog'liq bo'ladi. Ularning har jihatdan, ayniqsa,
moddiy-moliyaviy jihatdan yordamlariga muhtojdirlar. O'z tabiatlariga ko'ra juda ham nozikta'b, jur'atsiz
bo'lganliklari sababli ularni ruhiy bosim ostiga olish mumkin emas. Ularning
hayotiy xavfsizligi ta'minlansa, har qanday turmush sharoitiga moslasha
oladilar.
Qo'y muchalidagi
ayol(qiz)lar: bu ayol(qiz)lar qo'ydek «yuvosh», tom ma'noda go'zallik va
nafislik timsolidirlar. Qo'y muchali-ayol(qiz)lar muchali sanaladi. Ushbu
muchalda tug'ilgan ayol(qiz)lar, atrofdagilarni o'zlariga sehrlab oladilar.
Ular juda ham yoshlik chog'idan o'zlariga e'tibor berib, hammaning diqqat
markazida bo'lishga intiladilar. Moliyaviy masalalarda qiyinchiliklarga
uchraydilar. Chunki bu borada ular no'noq bo'lib, hech bir narsani o'zlari
mustaqil hal eta bilmaydilar va doimo ularga kimlarningdir rahnamolik
qilishlariga muhtoj bo'ladilar. Birinchi raqamda bo'lish ular uchun emas.
Mazkur muchaldagi ayol(qiz)larning hushtorlari, muxlislari ko'p bo'lib,
ularning qaysi birini o'ziga munosib, deb tanlashga juda qiynaladilar. Qo'y
belgisidagi ayol(qiz)lar jur'atsiz, judaham ishonuvchan, noziktabiat, tantiq va
injiqdirlar. O'z shaxsiy hayotini yo'lga qo'yishga qiynaladilar. Yaqinlari,
ota-onasi, aka-ukalari va boshqalar tomonidan ular qo'llab-quvvatlanishi, har
jihatdan yordam berib turilishi lozim bo'ladi. Chunki bu ayol(qiz)larga to'kin
hayot va qulay yashash sharoiti juda ham kerak. Qo'y muchalidagi ayol(qiz)lar
uy, ro'zg'or uchun yaramaydigandek tuyulishi mumkin. Doimo ham shunday emas.
Ularning ko'pchiligi o'z hayotini, vaqtini oilasi va uyiga baxsh etadilar. Uy
ishlarini bajaradilar, ajoyib, xushta'm ovqatlar tayyorlaydilar, bolalarga
qaraydilar, uyni saranjom-sarishta qiladilar. Tabiatlariga ko'ra, bu
ayol(qiz)lar juda ham mehmondo'st bo'lib, ularning uyidan mehmonlar arimaydi.
Mazkur muchalda tug'ilgan ayol(qiz)lar ichida aslzoda va kiborlar davrasini
hush ko'rib, ular hisobidan kun kechiradiganlari ham uchraydi.