“Kutubxona -
ma'rifatli dunyoga ochilgan eshik”.
Respublika
bolalar kutubxonasi faoliyati
“Kecha va bugun”
Kishilik jamiyatini taraqqiyoti davomida turli-tuman moddiy, madaniy va an'anaviy yodgorliklar ko‘plab yaratilgan. Ana shunday yodgorliklardan biri kitobdir. Qadimda kitoblar avaylab asralgan, nihoyatda qadrlangan.Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbaalar bizgacha yetib kelgan.Ilmli kishilar kitobni barcha boyliklardan yuqori ko‘rganlar, ularni qadrlaganlar.Kutubxona forscha “kitoblar uyi”, “kitoblar saqlanadigan joy” degan ma'noni bildiradi.
Respublika bolalar
kutubxonasi 1965 yilning yanvar oyida Alisher Navoiy nomidagi Davlat
kutubxonasining “O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi fondi” ning negizida,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan viloyatlardagi
bolalar kutubxonalari uchun ilmiy-uslubiy markaz sifatida tashkil etildi.
Kutubxona dastlabki davrda
V.Mayakovskiy nomidagi kutubxona bilan bir binoda joylashtirilgan edi va 1972
yildan esa u o‘z binosiga ega bo‘ldi. Kutubxona uchun bino tanlashda uni
shaharning markazida, qulay joyda joylashishi, maktablar va bolalar bog‘chalari
yaqinligi hisobga olindi.
Respublika bolalar
kutubxonasi Davlat muhofazasidan me'morchilik yodgorligi bo‘lmish qadimiy
binoda joylashgan. Binoni 1907 yilda boy savdogar aka-uka Vod'yayevlar o‘zlari
uchun qurganlar. Tez orada bino shahar general-gubernatori ixtiyoriga
o‘tkazilgan. Binoda shahar ulamolarining yig‘ilishlari, yubiley tantanalari va
ballar ham o‘tkazilar edi.
1965 yilga qadar Respublikada bolalar kutubxonalari faoliyatini umumlashtiruvchi, uslubiy yo‘l - yo‘riqlar ko‘rsatadigan tashkilot bo‘lmagan edi. Shu davrdan boshlab Respublika bolalar kutubxonasi uslubiy markaz vazifasini bajarishni o‘z zimmasiga oldi.Kutubxona viloyat bolalar kutubxonalari faoliyatini boshqarib, ilmiy - uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatgan.
Respublika bolalar
kutubxonasi yiliga 13 mingdan ziyod kitobxonlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Ko‘p sonli kitobxonlarni bog‘cha bolalaridan boshlab, to 1-9 sinf o‘quvchilari
tashkil etadi. Shuningdek, shahrimizning barcha maktab o‘quvchilari va bolalar
bog‘chalari murabbiylariga, Uspenskiy nomli Respublika ixtisoslashgan musiqa
akademik litseyi pedagoglari va o‘quvchilariga, hamda Kamoliddin Bexzod nomli
milliy rassomchilik va dizayn instituti professor o‘qituvchilari talabalariga,
ARMlar mutaxassislariga, kutubxona xizmati ko‘rsatilmoqda.
Kutubxona har jihatdan qulay
va shinam. Kichkintoylardan tortib to kattalarning ham qiziqishiga javob
beradigan kitob zahirasiga ega. Kutubxonaning asosiy vazifasi kitobni targ‘ibot
qilishdan uni keng kitobxon ommasiga yetkazishdan iboratdir.
Kutubxona fondida 219 mingdan
ziyod adabiyotlar va 100 dan ortiq boshqa nashrlar mavjud. Bular: fanning
barcha sohalari bo‘yicha bolalar yoshini hisobga oluvchi badiiy adabiyotlar,
ilmiy - ommabop nashlar, ijtimoiy - siyosiy kitoblar, jurnallar, O‘zbekistonda
va Rossiyada nashr qilingan bolalar hamda kattalar uchun gazeta va jurnallar,
ensiklopediya - lug‘atlar, CD romlar, video - audio kassetalardir. Shuningdek,
bolalar o‘qishi rahbarlari uchun ilmiy-uslubiy va bibliografik nashrlar ham o‘z
o‘rnini topgan.
Bo'limlar
Hozirgi kunda Respublika
bolalar kutubxonada 6 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda:
1. O‘quvchilarga
xizmat ko‘rsatish bo‘limi:
-Maktab yoshigacha va 1- 4 sinf o‘quvchilariga xizmat
ko‘rsatish sho‘basi.
-5 - 10 sinf o‘quvchilariga ta'lim resurslari bo‘yicha
axborot xizmat ko‘rsatish sho‘basi.
-Ma'naviyat, ma'rifat va san'at bo‘yicha mediaresurs
sho‘basi.
2. Ma'lumot-bibliografiya va o‘lkashunoslik axborot
bo‘limi.
3. Kitob jamlash, to‘kislash va yangi resurslarning
elektron katalogini yaratish bo‘limi.
4. Adabiyotlarni saqlash va retrokatalog yaratish
bo‘limi.
5. Ilmiy uslubiyot va maktab axborot resurs markazlari
mutaxassislar malakasini oshirish bo‘limi.
6. Jahon axborot resurslari va yangi texnologiya
bo‘limi. Internet sinf.
Respublika bolalar kutubxonasi
bo‘limlari faoliyati bilan tanishib chiqamiz:
1. O‘quvchilarga xizmat ko‘rsatish
bo‘limi
- Maktab
yoshigacha va 1- 4 sinf o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatish sho‘basi:
Maktab yoshigacha va 1- 4 sinf o‘quvchilariga xizmat
ko‘rsatish sho‘basi: Abonement va o‘quv zalidan iborat. Sho‘basining kitob
fondi 8503 nusxani tashkil etadi. Bu sho‘basi bolalar bog‘chalarining
maktabgacha tarbiya guruhi bolalariga va maktabning boshlang‘ich sinf
o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatadi. Xizmat ko‘rsatish sho‘basining asosiy
vazifasi kichik yoshdagi kitobxonlarni kutubxonaga jalb qilish, kutubxonada
bo‘lgan noyob durdona asarlarni kitobxonlarga yetkazish, ularni bilim
saviyasini oshirishdir.
Kitobxonlarni har tomonlama
yetuk inson qilib voyaga yetkazish, ularda kitobga mehr uyg‘otish shu bo‘limdan
boshlanadi. Bu yerda yosh kitobxonlar o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini qiziqarli va
mazmunli o‘tkazadilar. Hozirgi kunda videoapparatura orqali turli xil
multfilmlar namoyishi va o‘yinlar bolalar xizmatida.
Adabiyotlardan to‘liq
foydalanish uchun alfavitli va sistemali kataloglardan foydalaniladi. She'rlar
kartotekasi bolalar qiziqishlarini hisobga olib muntazam to‘ldirilib boriladi.
Sho‘ba xodimlari Toshkent
shahridagi bolalar bog‘chalari hamda maktablar, litseyi o‘quvchilariga xizmat
ko‘rsatib kelmoqda. Sho'ba maktablar bilan hamkorlikda “Alifbo” bayramlari,
uchrashuvlar, suhbatlar uyushtiradi.
- 5 - 9 sinf o‘quvchilariga ta'lim
resurslari bo‘yicha axborot xizmat ko‘rsatish sho'basi:
SHo‘ba 5 - 7, 8-10 sinf
o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatadi. Kitob fondi 7500 nusxani tashkil etadi.
Kitoblar KBK bo‘yicha joylashtirilgan. Sho‘bada tabiiy fanlar, texnika va
qishloq xo‘jaligi, sport va sog‘liqni saqlash, maktab dasturi bo‘yicha
adabiyotlar mavjud. Abonementda ikki guruhga bo‘lingan holda ya'ni 5 - 7 sinf
o‘quvchilari va 8 - 10 sinf o‘quvchilari uchun alohida - alohida kitob berish
tashkil etilgan. Kitobxonlar kitoblarni 10 kun muhlat bilan oladilar. Sho‘bada
o‘quvchilarimiz o‘zlariga kerakli adabiyotlarni tanlashlari uchun ochiq kitob
fondi barpo etilgan, kitob javonida yo‘q kitoblarni kutubxonani alifbo va
tizimli kataloglaridan foydalanib buyurtma berishlari mumkin.
O‘quv zalida kutubxonaning
eng nodir kitoblari jamlangan: Ensiklopediyalar, lug‘atlar, darsliklar, gazeta
va jurnallar, badiiy adabiyotlar shular jumlasidandir.
O‘quv zalida turli xil
kechalar, taniqli yozuvchilar, shoirlar, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar
o‘tkaziladi. Bu o‘quv zalida o‘tkaziladigan har bir tadbir o‘quvchilarni yanada
ko‘proq kutubxonaga kelishlarida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Chunki ular
mashhur kishilar bilan jonli muloqot qiladilar, hamda o‘zlarini qiziqtirgan
savollarga javob oladilar.
- Oilaviy o‘qish sho‘'basi:
Sho'ba bolalar o‘qishiga
rahbarlik qiluvchilar, pedagoglar, tarbiyachilar va ota-onalarning kutubxonadan
foydalanishlari uchun mo‘ljallangan. Sho‘baning kitob fondi 2200 nusxani
tashkil etadi. Kitoblar 10 kun muhlatga beriladi. Sho‘ba xizmatidan bolalar
kitobxonligi rahbarlari, uqituvchi, ota-onalar hamda kutubxona yaqinidagi
“Oqibat” , “Yoshlik”, “Mustaqillik”, kabi mahallalarda istiqomat qiluvchi uy
bekalari, nafaqaxo‘rlar foydalanib kelmoqdalar.
Oilaviy o‘qish sho'basi yangi
kelgan kitoblar va kutubxona fondidagi eng yaxshi adabiyotlarni muntazam
ravishda kitobxonlar o‘rtasida targ‘ib etib kelmoqda.
- Ma'naviyat, ma'rifat va san'at
bo‘yicha mediaresurs sho‘basi:
Ma'naviyat, ma'rifat va
san'at bo‘yicha mediaresurs bo‘limining kitob fondi 4000 ga yaqin bo‘lib undan
2000 tasi san'atga doir adabiyotlardir. Bular musiqa, raqs, kino, teatr,
tasviriy san'atga oid kitoblardir. Notalar esa alohida kitob javonlarida
joylashgan.
San'atga oid adabiyotlardan
tashqari ma'naviyat va ma'rifatga doir kitoblar ham mavjud. Sho‘ba doimiy
ravishda “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasini, “Teatr”, “San'at”,
“Saodat”, “Guliston”, “Veselie notki”, “Yuniy xudojnik” nomli jurnallarni
oladi. Sho‘ba Toshkent shahridagi maktablarning o‘quvchilariga va talabalariga
xizmat ko‘rsatadi.
Sho‘ba xodimlari tomonidan
doimiy ravishda xar xil tadbirlar o‘tkaziladi. Masalan, san'at ustalari, kino
aktyorlari, shoirlar va kompozitorlar bilan uchrashuvlar, kollej va institut
talabalari bilan birgalikda bayram kechalari tayyorlanadi. Eng kichik yoshdagi
maktab o‘quvchilari uchun esa “Musiqiy mehmonxona” nomli sirli musiqa olamiga
sayohat tashkil etilgan. “Musiqiy mehmonxona” ni tashkil qilishdan asosiy
maqsad, o‘sib kelayotgan yosh avlodga musiqa sirlarini ochib berish, ularni
musiqaga yaqinlashtirish, musiqa asboblari bilan tanishtirishdir, chunki musiqa
har bir insonda yaxshi fazilatlarni va nozik tuyg‘ularni uyg‘otadi.
2. Ma'lumot-bibliografiya va o‘lkashunoslik axborot bo‘limi:
Ma'lumot-bibliografiya va
axborot o‘lkashunoslik bo‘limining kitob fondi 1500 ga yaqin. Kutubxonada ma'lumot-bibliografiya
va o‘lkashunoslik axborot xizmat ko‘rsatish bo‘limining asosiy vazifasi
kitobxon bolalarning so‘rovnomalarini bajarish va kartoteka, kataloglar bilan
ishlashga o‘rgatishga yo‘naltirilgan. Bo‘limda har qanday savollarga javob bera
oladigan ajoyib ma'lumot-bibliografik nashrlar fondi joylashgan. Gazeta,
jurnallarning turli tematikadagi maqolalar kartotekasi mavjud. Bundan tashqari
bo‘lim kitobxon va bolalar o‘qishi rahbarlari bilan axborot-bibliografik
ishlarini olib boradi. O‘qituvchi-pedagoglar uchun “Axborot kunlari” ni tashkil
etadi.
Bo‘lim xodimlari yangi kelgan
matbuot nashrlari bilan ishlaydilar, ya'ni maqolalarni tahlil qilib, ular
haqidagi bibliografik ma'lumotlarni tavsiflab, kartotekalarga joylashtiradilar.
Ma'lumot-bibliografiya va axborot bo‘limi kutubxonachilarning bibliografik
faoliyatini mukammallashtirish, vaqtini tejash, kitobxonlar bilan ishlashlarida
yordam berish maqsadida yozuvchilar hayoti va ijodiga oid dolzarb mavzular
bo‘yicha muntazam ravishda bibliografik qo‘llanmalar va bolalar kitob o‘qishiga
rahbarlik qilish yo‘nalishlarida axborot-bibliografik nashrlar chiqaradi.
Bibliografik qo‘llanmalarning
kichik shakllaridan: varaqalar, bukletlar, esdaliklar tayyorlaydi, kitob
ko‘rgazmalari tashkil etadi va gazeta, jurnallar maqolalari sharhlarini
o‘tkazadi.
3. Kitob jamlash, to‘kislash va yangi resurslarning elektron katalogini
yaratish bo‘limi:
Kitob jamlash, to‘kislash va
yangi resurslarning elektron katalogini yaratish bo‘limi “Kutubxona fondlarini
jamlash tartibi haqidagi Nizom”ga muvofiq tashkil etilgan. Adabiyotlar bolalar
o‘qishiga rahbarlik qiluvchilar uchun va barcha yoshdagi bolalar uchun
mo‘ljallab jamlanadi. Kitob jamlashga yordam tariqasida jamlangungacha va joriy
jamlash kartotekasi yuritilmoqda. Bo‘lim vaqtli matbuot nashrlariga obuna
bo‘lishni tashkil qilib, 43 dan ortiq nomdagi vaqtli matbuot nashrlari
kartotekasini yuritadi.
Bolalarning yosh
xususiyatlarini inobatga olgan holda KBK tuzumi bo‘yicha bolalar adabiyotlariga
kutubxonachilik bibliografik ishlov beriladi. Bo‘lim tomonidan quyidagi
kataloglar yuritilmoqda:
Barcha kutubxona uchun alifboli katalog;
Bosh katalog;
2 - 3 sinf o‘quvchilari uchun tizimli katalog;
4 - 7 sinf o‘quvchilari uchun tizimli katalog;
8 - 10 sinf o‘quvchilari uchun tizimli katalog;
Bolalar o‘qishiga rahbarlik qiluvchilar uchun tizimli
katalog;
Sarlavhalar katalogi;
Elektron nashrlar katalogi;
Lotin yozuvidagi nashrlar katalogi.
Bo‘lim xodimlari kutubxona
fondini bolalar uchun chop etilgan yaxshi va sifatli kitoblar bilan to‘kislash maqsadida
O‘zbekiston Respublikasining nashriyot-matbaa ijodiy uylari bilan, “Sharq” NMAK
bilan shartnoma asosida ishlamoqdalar. Yangi chiqqan nashrlarning mavzulari
axborotnomalari, mavzular rejalari tahlil etilib, kutubxonada yo‘q nashrlarga
buyurtma beradilar. Vaqtli matbuot nashrlarini o‘z vaqtida qayd etib, kutubxona
bo‘limlariga tarqatadilar. Yangi kelgan adabiyotlarning ko‘rigini tashkil
etadilar.
Xayriya jamg‘armalari, turli
nodavlat tashkilotlar va homiylar tomonidan ham kitoblar olinib, kitob fondi
boyitilmoqda.
4. Adabiyotlarni saqlash bo‘limi:
Respublika bolalar
kutubxonasi fondida 219 ming nusxa kitob va boshqa nashrlar mavjud.
Kitobxonlarning yoshlarini hisobga olgan holda, bolalar kutubxonalari uchun KBK
(Kutubxona bibliografik klassifikatsiya) jadvali asosida joylashtirilgan.
Bundan tashqari bolalar
o‘qishiga rahbarlik qiluvchilar (pedagoglar, ota-onalar) uchun ham 2500 nusxaga
yaqin kitob fondi jamlangan. Barcha kitoblar fondi uchun topografik katalog
tuzilgan. Bo‘lim xodimlari kutubxonaning xizmat ko‘rsatish bo‘limlaridagi
kitoblarni muntazam yangilab, to‘ldirib boradilar. Bo‘limlarning kitob
zahiralarini qanday saqlanayotganligini nazorat qiladilar. Bo‘limlar fondida
yo‘q bo‘lgan nashrlarni kutubxonaning kitob saqlash bo‘limidan yetkazib beradilar.
Muntazam ravishda kitob fondini gigiyena qoidalari asosida saqlashga harakat
qiladilar. Xonalar shamollatilib, kimyoviy dorilar bilan ishlov beriladi.
5. Ilmiy uslubiyot va maktab axborot resurs markazlari mutaxassislari
malakasini oshirish bo‘limi
Ilmiy uslubiyot va maktab
axborot resurs markazlari mutaxassislari malakasini oshirish bo‘limi
kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda yangi shakl va usullarni qo‘llanishni yo‘lga
qo‘yish, kutubxona xizmatini yangi texnologiyalar asosida olib borish bo‘yicha
uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Bolalar va maktab
o‘quvchilarining o‘qishiga raxbarlik qiluvchilar, pedagog o‘qituvchilar, maktab
kutubxonachilari va ARM mutaxasisslari uchun dolzarb mavzular, unutilmas
sanalar, yozuvchilarning yubileylariga bag‘ishlangan uslubiy qo‘llanmalar
tayyorlaydi va viloyat ARMlariga yuboradi.
Ilmiy uslubiyot bo‘limi
xodimlari doimo boshqa kutubxonalarning ilg‘or ish tajribalarini, axborot
texnalogiyalarni yangi yo‘nalishlarini o‘rganadi va boshqa kutubxonalarga
tadbiq qiladi. Kutubxonachilarning kasb maxoratini oshirish maqsadida axborot
resurs markazlari rahbarlari, mutaxasisslari bilan muntazam ravishda seminar
o‘tkazib boradi.
Malaka oshirish instituti,
madaniyat instituti va madaniyat kolleji talabalari uchun ilmiy-uslubiy
maslaxatlar beriladi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni tashkil qiladi.
Bolalar kutubxonalarida yosh
kitobxonlar bilan ishlashni yaxshilash, yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan
qiziqishni kuchaytirish maqsadida “Eng faol kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon
oila” ko‘rik-tanlovlarini tayyorlaydi va o‘tkazib boradi.
Har yili “XXI - asrda bolalar
kitobxonligi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishni tashkil qiladi.
Konfirensiya ma'lumotlarini jamlab to‘plam chiqaradi.
Bo‘lim xodimlari shahar va
viloyat ARMlari, maktab kutubxonalarini ish faoliyatini o‘rganish maqsadida
xizmat safarlariga chiqadilar va uslubiy, amaliy yordam ko‘rsatadilar.
6. Jahon axborot resurslari va yangi texnologiya bo‘limi:
Kutubxona faoliyatiga yangi
texnologiyalarni joriy etish va kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning yangi
usullarini yaratish maqsadida kutubxonada 2001 yilda bu bo‘lim tashkil etildi.
Bo‘limning bugungi ish uslubi
va faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi
“Respublika aholisini axborot kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish
to‘g‘risida”gi PQ-381-sonli qarorini bajarishga qaratilgan. Shu maqsadda
bolalar va o‘smirlarni o‘qishga jalb qilishning turli shakllarini joriy qilish,
jumladan, elektron kutubxona, Internetga integratsiyalash, kitob va video madaniyat
sintezini shakllantirish va boyitishdan iborat. Bolalarning axborotni qabul
qilishdagi xususiyatlarini hisobga olgan holda yangi axborot va kompyuter
ko‘nikmalarini “o‘qish, eshitish, ko‘rish” shaklida yetkazishga qaratilgan.
Shu maqsadda, 2007 yilning
aprelida Respublika bolalar kutubxonasiga Yaponiya hukumati tomonidan
madaniyatni rivojlantirish va kelajak avlodni tarbiyalashga ko‘maklashashish
maqsadida beg‘araz granti asosida 28,6 million iyen hisobida audiovizual
jihozlar ajratildi. Bu kutubxona ishini yanada rivojlantirishga xizmat
qilmoqda.
Bu audiovizual jihozlardan
ko‘zi ojiz va harakati cheklangan bolalar va o‘smirlar xam foydalanishlari
mumkin. Shuningdek kutubxonada bu jihozlardan lingafon xonasi tashkil etilib:
DVD, naushniklar va yassi ekranlar qo‘yilgan. Ular yordamida bolalar Jahon
klassik va milliy musiqali asarlarlarni eshitishlari yoki axborot
texnologiyalari yordamida til o‘rganishlari, maktabgacha bo‘lgan bolalar
o‘qishlarini tashkil etish mumkin.
Bundan tashqari o‘quv zalida
bu texnikaning asosiy qismi joylashtirilgan - bu yerda videoproyektor,
elektrifitsialangan ekran, DVD, videomagnitafon, audiokuchaytirgich va
mikrafonlar qo‘yilgan. Bu uskunalar yordamida xalqaro konferensiyalar,
seminar-treninglar, taqdimotlar, olimlar, yozuvchilar, madaniyat xodimlari,
san'atkorlar va boshqa insonlar bilan uchrashuvlarni zamonaviy va yuksak
miqyosda o‘tkazish imkoniyatini beradi.
Bo‘lim 10 ta Pentium - 4
kompyuterlari bilan ta'minlangan. Barcha kompyuterlar ADSL texnologiyasi orqali
internet tarmog‘iga ulangan. Bu kitobxonlar uchun ko‘proq axborotlar olish
imkonini bermoqda. Bo‘lim xodimlari bolalarga kompyuterdan foydalanish
qoidalarini o‘rgatadilar. Bo‘limda “Kompyuter kutubxonasi” tashkil qilingan.
“Kompyuter kutubxonasi” turli fan sohalari bo‘yicha referatlar va tematik uy
vazifalarini bajarishga yordam beradi. Bu yerda axborot texnologiyalariga oid
yuzdan ortiq jurnallar, kompyuter savodxonligiga oid ilmiy-ommabop nashrlar
darsliklar va qo‘llanmalar jamlangan.
Axborot texnologiyalari keng rivojlangan hozirgi
kunda, internet tarmog‘ida Respublika bolalar kutubxonasi jamoasi tomonidan
o‘zbek tilidagi Kitob.uz sayti tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi
mustaqilligining 20 yilligiga yosh kitobxonlar uchun «Kitob.uz» saytining ish
boshlashi tarixiy ahamiyat kasb etdi. Bunday xayrli ish mamlakatimizning jahon
ma'naviy olamidagi o‘z o‘rni, hissasi borligidan dalolat beruvchi bir hayrli
ishdir.
Bugun saytda kitobxonlar
uchun “O‘zbek adabiyoti”, “Elektron adabiyotlar”, “Jahon adabiyoti”,
“Rivoyatlar”, “Ertaklar”, “Bilasizmi”, “Loyihalar”, “Matbuot hizmati” va
ko‘plab boshqa sahifalar xizmat ko‘rsatishni boshlab yuborgan. Ko‘chirib
olish uchun elektron kitoblarning ro‘yhatlari tuzilgan.
Endilikda har bir
kitobxon o‘z uyida o‘tirib «Kitob.uz» sayti javonida o‘ziga kerakli bo‘lgan
kitobini topib o‘qish imkoniyatiga ega. Shu kunlarda yangi saytning “Nodir kitoblar”
sahifasini tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlar davom etyapti. O‘ylaymizki
«Kitob.uz» o‘zbek kitobxonlarini sevimli saytlaridan biriga aylandi.
Kutubxona tomonidan tashkil
etilgan “Kitob.uz” sayti bo‘limlari va undagi ma'lumotlar bazasi yanada boyitib
borildi. Ushbu sayt o‘zbek va rus tillarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Asosan
o‘quvchi-yoshlar uchun mo‘ljallangan ma'lumotlar bilan to‘ldirilib, 100 000 ga
yaqin elektron kitoblar va turli sohalardagi ma'lumotlar bazasi yaratilgan.
Kitob.uz saytida www.
forum.kitob.uz forumi orqali taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida on-layn
uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Masalnavis, satirik shoir Yamin Qurbon,
yozuvchi Muxammad Ali, bolalar shoiri Abduraxmon Akbar ishtirokida on-layn
orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazilib turildi.
2014 yil boshidan boshlab
yangi WWW.TAQVIM.UZnomli portal ustida ishlar olib borildi.
“O’zbektelekom”ning “UzNet” biznesni rivojlantirish markazi” mutaxassislari
bilan hamkorlikda portal dizayni va uning xavfsizligi, ommabopligi va ko`pgina
jihatlari borasida ishlanib sentyabr oyidan boshlab keng o`quvchilar ommasiga
taqdim etildi.
Portal 5 sahifa va 7
bo'limdan iborat bo'lib, mushtariylar saytga qo'yib borilayotgan har bir kunga
oid bo'lgan ma'lumotlarni, ya'ni muhim sana, tavallud kunlar va bayramlarni
o'zbek, rus va ingliz tillarida mutolaa qilishlari mumkin. Sahifalarimizdan
o'rin olgan “Bilasizmi?”, “Turfa olam”, “Referatlar”, “Xalq og'zaki ijodiyoti”
va “Tarixiy sanalar” o'ziga xos ma'lumotlar bilan boyitilib borilmoqda.
Rahbariyat
1. RESPUBLIKA BOLALAR KUTUBXONASI DIREKTORI
O’rolov Doniyor Amonovich
Qabul qilish kunlari - dushanba, juma
Vaqti - 10.00 - 18.00 gacha, Telefon: 236-22-01
2. KUTUBXONA ISHILARI BO‘YICHA DIREKTOR O‘RINBOSARI
Bobonov Zokir Quvondiqovich
Qabul qilish kunlari - dushanba, chorshanba, juma
Vaqti - 10.00 - 18.00 gacha, Telefon: 233-25-19
3. KUTUBXONA ILMIY ISHLARI BO‘YICHA DIREKTOR O‘RINBOSARI
Yo'ldoshov Solixjon Sobitjon o'g'li
Qabul qilish kunlari - seshanba, payshanba
Vaqti - 10.00 - 18.00 gacha, Telefon: 233-43-91
4. XO’JALIK ISHLARI BO’YICHA DIREKTOR O’RINBOSARI
Raximov Akrom Ilhomjonovich
Qabul qilish kunlari - dushanba - juma
Vaqti - 10.00 - 18.00 gacha,
Telefon: 233-25-19
Manzil: O'zbekiston, Toshkent sh,
Mirzo Ulug'bek tumani, Yaxyo G'ulomov ko'chasi, 47
E-pochta: f.urunov@exat.uz