SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Oktabr 2019
YaDuSeChPaJuSh
  12345
6789101112
131415161819
20212223242526
2728293031  
Alisher Navoiy - Buyuk mutafakkir.

 RESPUBLIKA BOLALAR KUTUBXONASI

ILMIY-USLUBIYOT  VA ARM  MUTAXASISLARINI

MALAKASINI OSHIRISH  BO’LIMI.

      

Buyuk mutafakkir

 

(Alisher Navoiy tavalludining 573 yilligiga bag`ishlangan

uslubiy qo’llanma)

 

 

Buyuk alloma Alisher Navoiyning 573 yilligiga bag`ishlangan ushbu uslubiy tavsiyanoma allomaning hayoti va ijodiga qiziquvchilar va o’rganish uchun maktab o`quvchilariga tavsuya etiladi.

Ushbu tavsiyanoma Respublika  bolalar  kutubxonasi ilmiy-uslubiyot va maktab ARMlari mutaxassislarini malakasini oshirish bo’limi  tomonidan tayyorlandi.

Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati

(1441-1501)

 Buyuk gumanist shoirimiiz faoliyati va ijodiga  teran nazar tashlasak, uning dahosi ijtimoiy hayotning, mafkura va madaniyatning

 barcha sohalarini qamrab olganidan hayratga tushamiz.

                                           I.Karimov

O‘zbek adabiyotining asoschisi, shoir, olim, ma'rifatparvar, faylasuf, musiqashunos, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Hirot shahrida tavallud topgan. Uning otasi G‘iyosiddin Muhammad zamonasining bilimdon kishilaridan va Temuriylar xonadoniga yaqin shaxslardan bo‘lgan.

U go‘dakligidanoq she'riyatga va ilm olishga qiziqqan, farzandiga ta'lim-tarbiya berish uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qilgan.

Alisher yoshligidanok sharq adabiyotiga, fors she'riyatiga qiziqqan. Uning tog’alari Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar o‘sha davrning taniqli shoirlari bo‘lgan. Alisherlar xonadonida tez-tez she'riy suhbatlar bo‘lar, cholg’uchilar sozi, hofizlarning xonishi doimo yangrab turgan. Bunday muhit Alisherga ijobiy ta'sir qiladi.

Alisher badiiy asarlarni o‘qish va o‘rganish bilan kifoyalanib qolmay, o‘zi ham she'rlar yoza boshladi. U 10-12 yoshlaridayoq ilk she'rlari bilan mashhur bo‘lib, katta san'atkor va olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qildi. Alisherning iste'dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy (Xondamirning xabar berishicha) uning:

Orazin  yopqoch  ko‘zimdan sochilur

                                    har lahza yosh,

Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz,

                              nihon bo‘lg`och   quyosh...

matla'li g’azalini tinglab, "Agar mumkin bo‘lsa edi, men o‘zimning forsiy va turkiy tillarda aytgan o‘n-o‘n ikki ming she'rimni shu bir g’azalga almashar edim", - degan.

Navoiy mantiq, falsafa, riyoziyot va boshqa fanlar bilan shug‘ullanadi. Firdavsiy, Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Sa'diy, Atoiy, Lutfiy va boshqa yozuvchilarning asarlarini qunt bilan o‘rgana boshlaydi. U o‘zbek va fors-tojik tillarida bir qancha she'rlar bitib, ikki til bilimdoni sifatida shuhrat qozonadi. O‘zbek tilidagi she'rlarida "Navoiy" ("navo" - kuy so‘zidan), fors-tojik tilidagi she'rlarida esa asosan "Foniy" ("fano" - vaqtincha, o‘tkinchi so‘zidan) va ba'zan "Navoiy" taxallusini qo‘llaydi.

Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Navoiyning bilimi va qobiliyatidan mamnun bo‘lgan Jomiy uni ham shogird, ham farzand deb biladi.

Navoiy yirik madaniy markazlardan biri Samarqandga kelib, mashhur olim Fazlulloh Abu Lays madrasasida o‘qib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi. Samarqandning ko‘zga ko‘ringan shoirlari - Shayxim Suhaymiy, Mirzobek, Mavlono Xovariy, Mir Qarshiy, Harimi Qalandar, muammogo‘y Uloyi Shoshiy, olim Mavlono Muhammad Olim va boshqalar bilan hamsuhbat bo‘ldi va do‘stlashdi. Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat faoliyati yuqori baholanib, unga "Chig’atoy amiri" unvoni berilgan.

Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta'mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi "Ixlosiya", "Nizomiya" madrasalari, "Xalosiya" xonaqohi, "Shifoiya" tibgohi, Qur'on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan "Dorud-huffoz" binosi, Marvdagi "Xusraviya" madrasasi, Mashhaddagi "Dorul-huffoz" xayriya binosi va boshqa noyob me'morlik yodgorliklari bor. Shuningdek, ulug‘ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qo‘lyozmalarni oqqa ko‘chirish, ularni badiiy bezash bilan band bo‘lganlar.

Navoiy dastlab lirik she'rlari bilan keng shuhrat qozona boshlaydi. U o‘zbek tilidagi dastlabki yirik asarini, ya'ni "Hiloliya" qasidasini Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlagan bo‘lsa, fors tilidagi birinchi yirik asari "Tuxfat ul-afkor" (1476) qasidasini Jomiyga bag’ishlagan edi.

1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o‘zining o‘zbek tilida yozgan she'rlaridan iborat ilk devoni - "Badoye' ul-bidoya" ("Badiiylik ibtidosi")ni tuzdi.

Alisher Navoiyda o‘zbek tilida "Xamsa" - besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo‘lgan. Ushbu maqsadini 1483-1485 yillarda amalga oshiradi. Asar o‘zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi.

Navoiy shu yillar orasida ikkinchi devoni - "Navodir un-nihoya" ("Behad nodirliklar")ni yaratdi.

Alisher Navoiy 1485 yili mashhur "Nazm ul-javohir" ("Hikmatli so‘zlar manzumasi") asarini yozadi, bunda birinchi xalifalikdan bo‘lmish Hazrat Alining 266 ta hikmatli gapi ruboiy tarona shaklida bayon etilgan.

Navoiy "Tarixi anbiyo va hukamo" (Payg‘ambarlar va tabiblar tarixi: din va tibbiyot tarixidagi buyuk shaxslar hayotidan umumtarixiy risola. 1488), "Siroj ul-muslimiyn" ("Musulmonlar chirog‘i". 1488) kabi asarlarini ham yaratgan.

Alisher Navoiy 1491-1492 yillardan boshlab turkiy tilda yozilgan barcha she'rlaridan yangi yig`ma devon tuzishga kirishadi va bu ish 1498-1499 yillarda nihoyasiga yetadi. Devonning umumiy nomi "Xazoyin ul-maoniy" ("Ma'nolar xazinasi") bo‘lib, 4 qismdan iborat bo‘lganligi uchun "Chor devon" deb ham atalgan. Devonning birinchi qismi "G‘aroyib ussig`ar" ("Bolalik g‘aroyibotlari"), ikkinchi qismi "Navodir ush-shabob" ("Yigitlik davri nodirliklari"), uchinchi qismi "Badoye' ul-vasat" ("O‘rta yosh badialari") va to‘rtinchi qismi "Favoyid ul-kibor" ("Keksalik foydalari") deb ataladi.

Alisher Navoiyning she'riy dahosi XV asr oxirlariga kelib yana jo‘sh uradi. U 1498 yilda "Lison ut-tayr" ("Qushlar tili") falsafiy dostonini, 1499 yilda "Muhokamat ul-lug‘atayn" ("Ikki til muhokamasi") nomli ilmiy asarini yaratgan.

Navoiy "Lison ut-tayr" dostonini "Xamsa"dan 14 yil keyin yaratgan. Bu asarini shoir "Foniy" taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz o‘girgan, aniqrog‘i, bu dunyosidan ko‘proq u dunyosini o‘ylay boshlagan edi. Ushbu asar bolaligida sevib o‘qigani - Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr" ("Qushlar tili") dostoniga javob tarzida, shoirning o‘z ta'biri bilan aytganda, "tarjima rasmi bila" yuzaga keltirgan she'riy mo‘jizasi edi.

"Lison ut-tayr" dostoni bilan Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotini jahon yuksakligiga ko‘tardi va o‘zbek adabiy tiliga asos soldi.

Navoiy "Muhokamat ul-lug‘atayn" asarida turkiy tilning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi o‘rni, uning grammatik mukammalligi, so‘zlarga boyligi forsiy til qoida va hadisalariga qiyoslangan holda chuqur hamda aniq misollar orqali tahlil etilgan.

Alisher Navoiyning so‘nggi buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yo‘sinida yozilgan "Mahbub ul-qulub" ("Qalblar sevgani")dir. U Sharq adabiyoti tarixida Shayx Sa'diyning "Guliston", Kaykovusning "Qobusnoma", Nizomiy Aruzi Samarqandiyning "Chor maqola" kabi asarlari qatorida turadi.

1500 yilning 28 dekabrida Husayn Boyqaro isyon ko‘targan o‘g‘li - Muhammad Husayn bilan sulh tuzib, Hirotga qaytar ekan, Alisher Navoiy ham uni kutib olishi lozimligiga ishorat qiladi. Orada 2-3 kunlik yo‘l bor edi. Alisher Navoiy o‘zining so‘nggi she'rini Poyob rabotida yozgan va undan nusxa ko‘chirtirib, kelayotgan Husayn Boyqaroga yuborgan. Uchinchi kuni Alisher Navoiy hukmdor istiqboliga yaqinlashayotganida o‘zini yomon his etgan, u bilan ko‘rishayotganda hushidan ketib, qaytib o‘ziga kelmagan va 1501 yilning 3 yanvarida vafot etadi.

Qator shoir va shoiralarimiz Alisher Navoiy. g’azallariga muxammaslar bog‘ladilar va qasidalar bitdilar, bobomiz haqida minglab she'rlar yozdilar.

Alisher Navoiy hikmatlar

Yigitlikda  yig' ilm mahzani,

Qarillik chog'i xarj qilgll oni.

Ish erur ulkim, o`zi oni qilur,

Hikmat ulkim, ham o`zi oni bilur.

 

“G`aroyib  us- Sig`ar” dan

Komin qilur ermish odamizod  xayol,

Naqsh aylar emish kungliga yuz fikri mahol,

Mundin g`ofil qolibki, hayyi mutaol

Kelturgusi tongla aning ollig`a ne hol.

“Navodir  ush- shabob” dan

Otashin gul chunki bulbul kuydurur yuz javh ila,

Ne osig` faryodu  afg`on birla ming daston anga.

“Farhod va Shirin” dan

Kerak sher oldida ham sheri jangi,

Agar sher   o`lmasa,bori palangi.

                        * * *

Yana bir buki, hech ish hodis o`lmas

Birovga kim, anga bir bois o`lmas

“ Sab`ai sayyor” dan

Ko`r bilmas yorug` ekanni quyosh,

Kunduz uchmog`g`arib erur xuffosh

                              ***

Bum zulmoniy o`ldi pinhoniy,

Ko`p etar oni mehri nuroniy.

“ Nazim ul- Javohir” dan

So`zdirki, nishon berur o`lukka jondin,

So`zdirki,  berur jong`a xabar janonidin,

Insonni so`z ayladi judo hayvonidin,

Bilkim, guhari sharifroq yo`q ondin.

             

 

NAVOIY MEROSINI O’RGANISH

(4-sinflar uchun tadbir ssenariysi)

 

Qadim milliy ruhda jihozlangan sinf xonasi, xattaxta yaqinidagi «sahna»da so`z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hazratlarining yetti yoshli holatini o`sha davr liboslari ila aks ettirayotgan o`quvchi go`yoki hozirgina yozib, hali siyohi qurimagan g'azalini yoddan o`qish bilan tadbirni boshlab beradi:

Orazin yopg'och ko`zimdin

sochilur har lahza yosh,

Bo’ylakim paydo bo`lur

yulduz  nihon bo`lg`och quyosh.

Alisher atrofida turgan bir qancha ajdodlarimiz - Mavlono Lutfiy, Fuzuliy, Xondamir, Abdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro siymosidagi o`quvchilar yosh shoir g'azalidan so`ng qollari ko`ksilarida: «Ofarin, Alisherbek, ofarin!» deya unga tasanno aytishadi va har birlari oldindan belgilangan joylariga o`tirishadi.

Davraga odatdagidek ikki boshlovchi chiqib keladi.  «Munojot» kuyi past ovozda taralib turadi.

1-boshlovchi:

Bayram dasturin boshlab,

Dillaringiz shod aylab.

Sizga yuksak ehtirom – 

Xush kelibsiz, assalom!

2-boshlovchi:       Bugun ozod va hur yurtimizda yana bir qutlug` tantana - buyuk shoir va mutafakkir, xalqimizning ulug' farzandi hazrat Alisher Navoiy bobomiz tavalludining shonli 573 yilligi butun yurtimizda keng nishonlanmoqda.

1-boshlovchi:   Alisher Navoiy... Bu so`zni eshitgan har bir inson hayolida bobomiz yaratgan ulkan she'riy meros shunday gavdalanadiki, uni ta'riflashga til ojiz.

2- boshlovchi:      Bugungi mustaqillik kunlarida jonajon yurtimizning kelajagi bo`lgan yoshlarni, barkamol avlodni tarbiyalashda ulug' dahomiz yaratgan asarlar beminnat xizmat qilmoqda.

Marhamat, tinglang va tomosha qiling! G`azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy bobomizning tavallud ayyomiga      bag’ishlab  «boshlang'ich»ning bitiruvchilari tayyorlagan adabiy kechani e'tiboringizga havola etamiz.

1-boshlovchi:

Jahonki, muqaddas neni ko`ribdi,

Bariga onasan, ey, qodir hayot.

Besh yuz yil naridan boqib turibdi,

Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.

Shu buyuk o`g’lingni ardoqlab dildan,

Xalqim, ta'zim etsang arziydi tamom.

Uning nomi bilan birga bitilgan,

Dunyo daftariga o'zbek degan nom.

2-boshlovchi:

Boyqaro irg’ishlab istak otida,

Jahonga boqqanda misli bola sher.

Hirot darvozasin bir qanotida

She'riy lashkarini tuzgan Alisher.

1-boshlovchi:

Dunyoda biror nom qoldirmoq uchun,

Yurt burish shart emas, degan gapku rost.

Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,

Alisher qalamni korsatgan, xolos.

«Munojot» kuyi balandlaydi, biroz fursat o`tgach, pastlab, bir o`quvchi muallif sifatida o`qiydi, qolgan o`quvchilar esa rollar ijro etadilar.

Muallif: Bu voqea 1441 yil 9 fevralda Hirot shahrida G’iyosiddin Kichkina oilasida sodir bo`ldi.

Ali (Alisherning tog'asi) pochchasi G`iyosiddin huzuriga yugurib kirib keladi.

Ali: (l - o`quvchi): Assalomu alaykum, Giyosiddin pochcha! Sizga xushxabar olib keldim! Suyunchi beringiz! Sizga xudoyim farzand ato qildi, o’g`il muborak!

G’iyosiddin (2 - o`quvchi): (hayolida qulog'iga chaqaloq «ingasi» eshitilgandek bo`ladi: Rahmat! Bag'oyat shodmen! Bog`oyat minnatdormen, inim! Yaxshi soatda xushxabar keltirdingiz! Jiyaningizni shu bois sizning nomingiz bilan ataymiz. Sizdek shoir, fozil odam bo’lsin. Yana «sher» so`zini ham qo`shamiz. Sherdek jasur, qudratli bo`lib o`ssin. Farzandimizning nomi Alisher bo`ladi!

Ali: Minnatdormen, mening ko’nglimni kutilmagan shodlik bilan to`ldirdingiz. Bu men uchun eng ulug' suyunchidir.

G`iyosiddin: Qani, marhabo, koshonamizga boraylik.

Muallif: Ular yol`da davom etishayapti. Bu xonadonda esa Alisherning onasi alla aytayapti.

(Beshik tebratib alla aytayotgan Alisherning onasi sahnasi. «Alla» xonishi eshitiladi).

Muallif (alla ohangi ostida):

- Bilmam, qanday ayol bo’lgan, 

Alisherning onasi. 

Balki uning aqliga ham, 

Lol qolgan zamonasi. 

Balki uning ko`zlarida,

Bo’lgan og'ir bir hayol.

Balki g`amgin bir zotdir u, 

Balki sho`xchan bir ayol.

Balki buyuk farzandiga,

Terib kelgan chechaklar. 

Balki tunlar unga bedor, 

Aytib bergan ertaklar. 

Mayliga, u kim bo`lmasin, 

Yolg'iz bir so`z ma'nosi: 

Alisherning onasi u

Navoiyning onasi! 

«Tanovar» raqsi qizlar tomonidan ijro etiladi.

Muallif: Bo`lajak shoirning otasi temuriylar avlodidan edi. Shuning uchun Alisher temuriy shahzodalar bilan tarbiyalanadi.

Yosh Alisher to`rt yoshga yetganida maktabga bordi.

U o`'zining o'qishi, odobi bilan boshqalardan ajralib turar edi.

G`iyosiddin Kichkina ham o`z farzandini yaxshi o`qitish, savodxon qilish uchun bir otadan neki lozim bo`lsa, barini astoydil ado etdi.

Ularning uyiga ko`pincha qalam ahillari to`planishib, she'rlar o`qishar, adabiyot, san'at haqida bahs- munozaralar o`'tkazishar edi.

Alisher uchun buyuk ma'naviyat sohiblari - Mavlono Lutfiy, Xorazmiy, Abulqosim Firdavsiy, Xisrav Dehlaviy, Umar Hayyom, Abdurahmon Jomiy va yana bir necha buyuk adiblar namuna hamda ibrat maktabiga aylanganlar,

Ha, darvoqe, tadbirimiz avvalida yosh Alisher atrofida talay adiblar o`z so`zlarini bildirmoqqa shay bo`lib turishgan edi. Marhamat, tinglang, ular Navoiy hazratlari yaratgan ulkan merosga o'z tashbeh va fikrlarini bildiradilar.

(Endi sahnada yosh Alisher emas, Navoiy siymosidagi o`quvchi atrofdagilarga qo`li ko`ksida hurmat keltirib turibdi.

Buyuk siymolarning Navoiy haqidagi fikrlari tinglanadi).

Yosh Alisherning iste'dodiga yuksak baho bergan Mavlono Lutfiy  (l - o`quvchi) shunday deydilar:

Alisherning «Orazin...» deb boshlanuvchi baytini tingladim. Agar muyassar bo’lsa edi, o`zimning o’nlab ming forsiy va turkiy baytimni shu g`azalga almashar edim.

Men Navoiy zamondoshi Xondamir         (2 - o`quvchi) bo`laman:

«Bir soatlik adolat oltmish yillik ibodatdan afzal» degan so`zlarga amal qilib, Alisher amirliklar taxtini o`zining muborak qalami bilan ziynatladi. Adolat va insof eshiklarini insoniyatga ochib qo`ydi.

Men Abdurahmon Jomiy (3- o'quvchi) durmen: Bu qalamkashga falakdan ofarinlar yog'ilsin! Chunki bu yoqimli baytlarni o'sha qalamkash yaratdi.

Men esa Navoiy zamondoshi Husayn Boyqaro bo`laman:

Alisherning nazmi oldida til lol va bayon ojiz turur.

Fuzuliy       (6-o`quvchi) fikrlaydilar:

Turkiy Ajamu Arabda ayyom,

Har shoira bermishdi bir kom.

0'lmishdi Navoiy suxandon,

Manzuri Shahanshohi - Xuroson.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham (5-o`quvchi): Alisherbek bahosi yo`q kishi erdi. Turkiy tilda she'rlar aytibdurlarki, hech kim bunchalik ko`p va xo'b aytg`on emas, degan edilar.

Zamondoshimiz   Erkin Vohidov (7-o`quvchi) shunday yozadilar:

- Menga Pushkin bir jahonu

Menga Bayron bir jahon.

Lek Navoiydek bobom bor,

Ko`ksi osmon, o'zbegim!

Qarsaklar ostida sahna ko`rinishi yakuniga yetadi. So`ng Navoiy g'azali bilan aytiladigan qo`shiq tinglanadi. O`quvchilar Navoiy ruboiylaridan namunalar o`qishadi.

1 - o`quvchi:        1447 yil Xurosondagi notinchliklar sababidan  Alisherlar oilasi Iroqqa   ko`chadi.

2 - o`quvchi:        1457 yil Abulqosim Bobur Mashhadda vafot etdi. Alisher Mashhadda qolib, o`qishini davom ettiradi.

3 - o`quvchi:        1464 yil Alisher Navoiy Hirotga qaytadi.

4 - o`quvchi:        1465 yil esa u Samarqandga keladi.

5 - o`quvchi:        1469 yil Husayn Boyqaro taxtga o`tiradi. Navoiy bobomiz Hirotga qaytib keladilar hamda muhrdorlik vazifasiga tayinlanadilar.

6 - o`quvchi:        1472 yil Navoiy vazir maqomini oladi.

7 - o`quvchi:        1487 yil esa Astrobodga hokim qilib tayinlanadilar.

8 - o`quvchi:        1488 yil shoirimiz Hirotga qaytadilar.

9 - o’quvchi:        Kun bo`yi devondagi ishlar bilan band bo`ladilar. Kechalari esa ijodxonadan chiqmaydilar. Ammo kasallik tez-tez bezovta qilar edi.

10 - o`quvchi:      1500 yilning 31 dekabr kuni buyuk shoirimiz qattiq betoblanadi. 1501 yil 3 yanvar kuni u oliy zot hayotdan ko'z yumadilar.

(“Qaro ko`zim” musiqasi chalinadi).

11-o`quvchi:        Alisher Navoiy avlodlarga boy xazina — besh dostondan iborat «Xamsa»sini qoldirdilar. Bu asar shoir ijodining yuksak cho`qqisi, sharq xalqlari adabiyotining nodir durdonasidir.

1 - boshlovchi:Bobokalonimiz, so`z mulkining sultoni hazrati Alisher Navoiyning adabiy-ma'naviy merosi ko`pgina olimlarimizni ilhomlantirib keladi. Ular Navoiy bobomiz haqida tarixiy manbalar asosida ko`plab asarlar yaratadilar.

Hozirda maktablar, xiyobonlar ko`cha va madaniyat binolari buyuk shoirimiz nomi bilan ataladi. Bu nomda O’zbekiston Davlat mukofoti ham bor.

2 - boshlovchi:     Oynai jahon orqali bobomiz hayoti va ijodiga bag'ishlangan ko’rsatuvlar tez-tez namoyish etiladi, g'azallari mashhur suxandonlar yoki talaba va o`quvchi- yoshlar tilida yangraydi. Ko`plab she'r va g'azallari hofizlar tomonidan kuylanadi, biz, san'at shaydolari ularni miriqib tinglaymiz.

«Munojot» qo`shig'idan parcha  eshittiriladi.

1 - boshlovchi:     Aziz kechamiz mehmonlari, vaqtingizni ayamay, qilgan tashrifingiz uchun sizlardan minnatdormiz.

2 - boshlovchi:     Shu bilan Alisher Navoiy bobomiz xotirasiga bag`ishlab o`'tkazilgan kechamiz o`z nihoyasiga yetdi.

1 - boshlovchi:

Sen hurlik, adolat, ishqni

                                  kuylading,

Haqqoniy suxanlar elga

                                so`ylading.

Jahonda shuhrating so`nmaydi

                                    aslo,

Sen tirik, sen o`lmas, senga

                                  tasanno!

2-boshlovchi:      

O`n beshinchi asrda nazmiy osmonda,

Manguga nur sochgan ey, boboquyosh.

Turkiy xalqlarimiz o’tli qonida,

She'riyat bahsida abadiy yo`ldosh.

 

Foydalangan adabiyotlar:

1. Boshlang`ich ta`lim.- 1.-2011.  

2. Boshlang`ich  ta`lim .-  2.- 2008.

3. So’z san’atining gultoji  - T., 2012

4. Alisher Navoiy. Hikmatlar .- T.,2011

Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan